Dorboz bolalar
Gulnora Yerjanova rahbarlik qilayotgan 54-maktab nomi nafaqat Beruniy tumanida, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham mashhur.
Chunki bu maktabda mohir sportchi bolalar, Qoraqalpog‘istonning eng kichik dorbozlari – Hasan-Husan To‘liyevlar ta’lim olishadi.
Ular hali maktabga bormasdanoq, televizorda namoyish qilinadigan karate mashqlarini mustaqil o‘rganib olishdi. Farzandlaridagi favqulodda iste’dod – butun tanalarini hech bir mashaqqatsiz o‘zlariga bo‘ysundira olishlarini sezgan Shirin opa ularni 6 yoshdan sport gimnastikasi to‘garagiga olib bordi.
Ko‘rsatilgan har bir harakatni bir zumda osongina o‘zlashtirib olayotgan egizaklar to‘garak rahbari Rashid aka Sultonov nazariga tushdi.
– Hasan, Husan, sizlarda o‘zgacha epchillik bor. Istasangiz, sizga sirk o‘yinlari, akrobatik mashqlarni o‘rgataman, – dedi u bolalarga navbatdagi mashqdan so‘ng.
Ko‘p o‘tmay akrobat bolalar el og‘ziga tushdi. Ular tuman miqyosida o‘tkaziladigan Navro‘z, Mustaqillik bayramlarida chiroyli chiqishlari bilan yurtdoshlari olqishiga sazovor bo‘lishdi. Bu olqishlar aka-ukalar g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi. Endi Hasan karate, Husan bo‘lsa kurash to‘garagida ustoz Javlon Davletovning suyukli shogirdiga aylanishdi.
Egizak akrobatlar janglyorlikni ham yaxshigina uddalayotganini ko‘rgan Amudaryo tumanidagi “Jayxun” sirki rahbari Bahrom aka Sultonov ularni guruhga taklif qildi.
– Husan, kuzatib bildimki, sen kulgili harakatlarni ham qoyilmaqom qilib bajaryapsan, – dedi Bahrom aka, ukasiga xatti-harakatlar bilan nimalarnidir tushuntirayotgan Hasanga.
– Og‘a, men Husanmasman, – jilmaydi Hasan.
– Shunaqami, men bo‘yingga qarab...uzr. Obbo Husanboy, hali akamni yelkamda ko‘tarib yuribman degin, – xijolatli jilmaydi Bahrom aka! Keyin qo‘shib qo‘ydi, – guruhimiz chiqishlarini yanada jonlantirish uchun masxaraboz yetishmayapti.
– Tushundim, roziman, o‘zim ham kulgili voqea-holatlarni yig‘ib yurgandim, – xursand bo‘lib dedi Hasan. – Lekin biz shisha siniqlari ustida sakrashni, dor ustida yurishni o‘rganmoqchiydik.
Shu tariqa Hasan – “Jayxun” sirk guruhining masxarabozi qiyofasida tomoshabinlar erkatoyiga aylandi. Bahrom aka ularga shisha siniqlari ustida beshikast harakatlanish sirlarini o‘rgatdi.
Karateda harakatlarni yengilgina bajaradigan Hasan uchun balandga o‘rnatilgan simdorda yurish, mashqlar bajarish uncha qiyin bo‘lmadi. Biroq Husanning bunga yuragi dov bermadi. Shu orada Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanilik mashhur Qodir dorboz Hasanni o‘z sirkiga chaqirdi. Husan ham akasi bilan birga bordi.
– Bolam, dorbozlik juda tabarruk kasb. Faqat irodali, jasur odamgina dorboz bo‘la oladi. Dor o‘yini milliy qadriyatimiz. Bu san’atning asrlardan-asrlarga o‘tib kelayotgani uchun biz dovyurak bobolarimizga rahmat aytishimiz kerak. Agar ular ham qiyinchilikdan qo‘rqib, jonim o‘zimga kerak, nima zaril deganlarida, ehtimol bu noyob san’at turi allaqachon unutilib ketardi. Bolam qo‘rqma, qani chiq yuqoriga, – dedi, Qodir dorboz, akasining dor ustida epchillik bilan bajarayotgan “Qaldirg‘och’’ usuliga xavotir, havas bilan qarab turgan Husanga.
Keyin nimalarnidir pichirlab uning oyog‘iga langar cho‘p bilan bir-ikki urib qo‘ydi. Shunda Husan qanday qilib 5 metr balandlikdagi dorga ildam chiqib ketganini bilmay qoldi.
Mana uch yildirki, Husanboy dorboz sifatida yurtdoshlarini xursand qilib keladi.
Hasan-Husan To‘liyevlar 2016-yilda ‘‘Umid nihollari’’ sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi g‘olibi bo‘lishdi. Yil boshida O‘zbekiston teleradiokompaniyasining Sport telekanali tomonidan o‘tkazilgan “Rekord Uz’’ shousida muvaffaqiyat qozonib, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Dilshod aka Yegambayev ishonchini oqlashdi.
Eng muhimi, ular maktabda a’lo baholarga o‘qish bilan birga o‘zlarining sportdagi yutuqlari, sirk guruhidagi chiroyli chiqishlari bilan xalqimizga shodlik ulashmoqda. Ustozlari 73 yoshli To‘ra dorboz duosini olib, bu qadimiy san’atimizning iste’dodli davomchilari bo‘lmoqda.
Muhabbat HAMIDOVA