Buyuk ajdodlar izidan
Mustaqillik bayrami arafasida yana bir xushxabardan shodlandik. Bolgariyada bo‘lib o‘tgan, “Chegara bilmas matematika” xalqaro musobaqasida mamlakatimiz o‘quvchilari 36 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Sovrindorlar orasida yurtimizdagi “Intellekt” xususiy maktabi o‘quvchilaridan Nigina Inoyatova oltin, Vladimir Koryatnikov kumush, Murat Mustafin, Ahad Mirzayev, Amirbek Sharifxo‘jayev, Saminajon Obidjonova bronza medallariga ega bo‘ldi.
Yakkalik bahslarida o‘quvchilar 60 daqiqa ichida 20 ta matematik masalani yechishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoaviy musobaqalar natijasiga ko‘ra, 4-sinf o‘quvchilari Anora Muhiddinova, Amirbek Sharifxo‘jayev, Farangiz Zohidova kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bolgariyaning “Chegara bilmas ta’lim” pedagogika assotsiatsiyasi hamda Qozog‘iston “Innovatsion” ta’lim markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 11 davlatidan kelgan 1 ming 200 nafardan ortiq boladan o‘z bilim va salohiyati jihatidan ancha yuqori ekanliklarini isbotlagan bilimdon yosh matematiklarni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi “Kamalak” bolalar tashkiloti faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi.
Gulxanjon