Gol, gol, gol... Yashasin futbol!
Jasur futbolni juda yaxshi ko‘radi. Mahalladagi o‘zi tengi bolalarni yig‘ib jamoa tuzib olgan. Dadasi qachon ishdan kelsa, o‘g‘li bolalar bilan to‘p tepayotgan bo‘ladi. Dadasining qistovi bilan arang uyga kiradi. Dasturxon atrofida ham faqat futbol mavzusida so‘z ketadi. O‘g‘lining hali maktabga bormasdan turib futbol borasida bunchalik bilimdonligini ko‘rgan ota o‘ylab yurgan maqsadini unga aytdi:
– O‘g‘lim, mamlakatimizdagi “Nasaf”, “Mash’al”, “Paxtakor”, “Bunyodkor” singari professional futbol klublari qoshida barcha imkoniyatlarga ega bolalar futbol maktablari, akademiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Sen qaysi biriga borishni xohlaysan?
– Doim televizorda ko‘rsatadi-ku, yangi, katta stadion, o‘shanga bormoqchiman, – quvonib ketdi Jasur.
– “Bunyodkor”gami? Tushunarli, ertaga borib uchrashamiz, – dedi dadasi.
Chindan ham bolalar futboli futbolimiz kelajagining poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois barcha yoshdagi terma jamoalarimizda aynan Jasurning dadasi nomlarini keltirib o‘tgan klublarning tarbiyalanuvchilari to‘p surmoqda. Poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan, millatimiz kuch-qudrati, salohiyatidan darak beruvchi “Bunyodkor” sport kompleksi dunyoning eng hashamatli futbol stadionlari bilan bemalol tenglasha oladi. Klub qoshidagi 2007-yildan buyon faoliyat yuritayotgan bolalar va o‘smirlar futbol maktabi 2012-yilda barcha sharoitlarga ega zamonaviy binoga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda 1997–2008-yillar orasida tug‘ilgan 520 nafar bola futbol sir-asrorlarini o‘rganmoqda. Bolalarga mamlakatimizdagi eng malakali murabbiylar saboq berishadi. Murabbiy Aleksandr Xvostunov katta tajribaga ega ustozlardan biri. U Rossiya futbol klublarida va O‘zbekistonning “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Sho‘rtan” klublarida murabbiylik qilib yurtimizda futbol rivojiga hissa qo‘shgan. Ayni paytda u “Bunyodkor” futbol maktabida 2007-yilda tug‘ilgan bolalarga ustozlik qilayapti.
– Maktabda 10-15 nafar bolaga ikkita murabbiy biriktirilgan. Darslar kunora 1,5 soat davom etadi. Olti yoshdan maktabga jalb etilgan bolalarning imkoniyatlari dastlabki yilda sinovdan o‘tkazilmaydi. Ammo ularning rivojlanishini murabbiylar kuzatib borishadi. Ikkinchi o‘quv yilidan esa har ikki oyda bir marotaba ichki nazorat sinovlari o‘tkaziladi. Mazkur jarayonda bolaning tezkor harakati va futbolning boshlang‘ich elementlarini o‘zlashtirishi aniqlab olinadi. Maktabimizda mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan yettita futbol maydoni bor. Ulardan uchtasiga sun’iy qoplamali chim yotqizilgan. Sun’iy maydon qishda ham mashg‘ulotlar olib borish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, mashg‘ulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan bitta yopiq sport zali, yopiq suzish havzasi, trenajyor xonalari bolalar ixtiyorida. Suzish havzasi hamda trenajyor zallaridagi mashg‘ulotlar ham malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi, – deydi murabbiy.
Bolalar va o‘smirlar sport maktabining oldiga qo‘ygan asosiy vazifasi – “Bunyodkor” futbol klubi hamda O‘zbekistonning o‘smirlar, yoshlar kabi olimpiya va milliy terma jamoalarga yuqori malakali futbolchilarni tayyorlab berishdan iborat. Shuningdek, bu yerda tahsil olgan futbolchilar o‘zining vatanparvarligi, g‘alabaga chanqoqligi bilan ham boshqalardan ajralib turishi kerak.
Maktab tarbiyalanuvchilari xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turnirlarda muntazam ishtirok etishar ekan. Bolalarga yoshiga qarab yuklamalar, mashqlar berib boriladi. Yosh futbolchilarning sog‘lig‘i maktab shifokorlarining doimiy nazoratida. Ular bolaning to‘g‘ri rivojlanishi uchun zarur oziq-ovqat va vitaminlarni doimiy tavsiya etib turishadi.
Jasur Razzoqov hozir o‘n bir yoshda. U shu maskanda mashg‘ulot boshlaganiga to‘rt yil bo‘libdi.
– Bolalar o‘n ikki yoshga to‘lganidan keyin doimiy yashab, o‘qish uchun saralanadi. Maktabimizga yurtimizdagi boshqa futbol maktablarida tahsil olayotgan, ayniqsa, “Bunyodkor” futbol maktabi murabbiylari nazariga tushgan bolalar ham qabul qilinadi. Ana shu maqsadda futbol klubi har yili viloyat, tumanlarda turnirlar tashkil qilyapti. Men bu yerda tajribali murabbiylardan saboq olayotganimdan g‘ururlanaman. Kelajakda futbolimiz rivojiga hissa qo‘shishga astoydil bel bog‘ladim, – deydi Jasur.
Maktabda viloyatlardan o‘qishga kelgan o‘quvchilar yotoqxona bilan ta’minlanadi, yashash xarajatlari maktab tomonidan qoplanadi. Maskanda shug‘ullanayotgan bolalarga amaliy mashqlardan tashqari nazariy bilimlar ham beriladi. O‘quv xonalari eng so‘nggi rusumdagi kompyuterlar, lingofonlar, multimedia anjomlari bilan jihozlangan. Hech shubha yo‘qki, Vatanimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklarga javoban maktab tarbiyalanuvchilari kelajakda o‘zbek futboli dovrug‘ini dunyoga taratishga o‘z hissalarini qo‘shadilar.
Bekmurod ABDURAIMOV