Buyuk ixtirolar zamini
Aziz o‘quvchim! Ayting-chi, kattalar ko‘nglini xira qiladigan odatlaringiz haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Quyida bu kabi holatlardan misollar keltiramiz:
– Ingliz tilidan lug‘at yodlash kerak. – Ertaga yodlasam ham bo‘ladi.
– Hovlidagi shag‘alni dadam kelguncha tashib qo‘yishim kerak. – Dadam kelishlariga hali 3 soat bor, ulguraman.
– Sport to‘garagiga bormoqchiman. – Negadir oyog‘im og‘riyapti. Keyingi haftadan boshlayman.
Bu kabi bahonalarni bir kunda ko‘p bora ishlatasiz. Bu odat o‘z vaqtida bartaraf qilinmasa, u surunkali “kasallik”ka aylanishi mumkin. Quyidagilar “dangasalik” kasalligining asosiy belgilaridir:
* zimmangizdagi burch va majburiyatlarga loqayd munosabatda bo‘la boshlasangiz;
* vazifalaringizni yoki bajarishga xohishingiz bo‘lmasa;
* topshiriqni ishonchli “do‘stlaringiz”dan ko‘chirishni istasangiz.
Bunday holat odatiy holga aylansa, demak sizda kasallik boshlangan.
Bu kabi belgilar har birimizga tanish. Salbiy odatlar maqsadingizga erishishda katta to‘sqinlik qilishini bilasizmi? Aksincha, siz nufuzli litsey, kollej va oliygohlarga kira olmaysiz.
Darsga borishni istamayapsizmi? Keyingi darsda ikki kunlik uy vazifasiga javob berishingiz kerak. Hovlini chopishni erta-indinga qoldirdingizmi? Kunlar isib, yerlar qattiq bo‘lib qolishi bor.
“Qolgan ishga qor yog‘ar” deganlaridek, dangasalik sabab ortga surilgan har qanday ish vaqt o‘tib yanada murakkab muammoga aylanadi. Endi siz uni bajarish uchun avvalgidan ko‘proq kuch sarflashga majbur bo‘lasiz. Bir so‘z bilan aytganda, dangasalik muammo bo‘lib, uni o‘z vaqtida bartaraf etish kerak.
Fursat kelib erinchoqlikni yenga olmaganingiz uchun o‘qishga, ulg‘aygach ishga, muhim uchrashuvlarga ham kechga qolish, ma’suliyatni his qilmaslik siz uchun odat bo‘lib qoladi. Dangasalik sabab yaxshi dazmollanmagan ko‘ylak yoki tozalanmagan oyoq kiyimlarni kiyishga ham odatlanasiz. Keyin atrofdagilar oldida o‘zingizni mas’uliyatsiz insondek his qila boshlaysiz. Yillar o‘tib siz yenga olmayotgan dangasalik sabab afsuslanishga qanchalik tayyorsiz? Bugun behuda sarflayotgan vaqtingiz, kuch-quvvatingiz sabab kelajakda o‘zingiz istagandek hayot kechira olmasligingiz haqida o‘ylab ko‘ring.
Bunday muammolar bo‘lmasligi uchun avvalo aniq maqsad qo‘ying, unga erishish yo‘lida qoidalar tuzing. Lug‘atingizdan “ertaga”, “keyinroq” kabi so‘zlarni olib tashlang. O‘zingizga rag‘batlantiruvchi omil toping. Atrofingizga nazar tashlang: tengqurlaringiz sizdan o‘zib ketibdi-ku! Hasadingiz kelmasdan o‘qing, ishlang, harakat qiling, diqqatingizni chalg‘itmang. “Butun dunyo o‘rgimchak to‘riga ilinmaslikka” harakat qiling.
Oldingizda turgan ishlar juda ko‘p bo‘lsa, ularni qismlarga bo‘lib, eng osonidan boshlang. Yoki aksincha, eng qiyinidan boshlasangiz, qolganlari xamirdan qil sug‘irgandek osonlashadi. Telefon, turli gurunglar odamni ishdan chalg‘itadi. Ularga berilmaslik tadbirlarini ko‘ring. O‘zingizga ish yig‘mang. Masalan, ba’zi ishlar (misol uchun, idish yuvish, dars qilish)ni o‘z vaqtida bajargan ma’qul. Chunki tartib o‘rnatishdan ko‘ra uni saqlab turish osonroq.
Dangasalikni ham ma’lum ma’noda ijobiy jihatlari bor, desam, hayron qolishingiz tabiiy. Lekin uning ortidan jamiyatda texnika inqiloblari ro‘y beradi: odamlar o‘z hayot tarzini yengillatish maqsadida turli mashina hamda qurilmalar ixtiro qiladi. Buyuk ixtirolarning asl egalari dangasa, lekin aqlli daholardir. Ular o‘z vaqtida tinib-tinchimas, charchoq bilmas insonlar bo‘lishgan. Shu qatorda o‘z jismoniy harakatlarini osonlashtirish maqsadida buyuk ixtirolar yaratishgan. Siz ham buyuk ishlar egasi bo’lishni istasangiz, yoshlikdan bu “kasallik”ka chalinmang va maqsadingiz sari harakat qiling.
Hilola ABDURASULOVA