Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“El yurt umidi” – sening umiding

(Boshi otgan sonda)

Bobur TURAYEV,

Buyuk Britaniyaning London kolleji universiteti magistratura bosqichi bitiruvchisi, Toshkent Pedi­atriya tibbiyot instituti klinikasi bolalar kardio-jarrohi:

 

Abituriyentlik davrimizda faqat kitob o‘qirdik. Hatto, olimpiadalarga ham qiziqqan fanlarim — kimyo yoki biologiya bo‘yicha qatnashardim. Toshkent Pediatriya tibbiyot institutining bakalavriatiga 5-o‘rin davlat granti asosida kirganim — harakatlarim samarasi. Yillar o‘tib, magistraturani ham shu institutda davom ettirdim. O‘qib yurgan kezlarim institutning xalqaro bo‘limidan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi haqida xabar berishdi. Shu vaziyatda mutaxassislik fanlar bilan birga ingliz tilini ham o‘rganganim qo‘l keldi. Chunki chet tilini juda kerakli fan deb hisoblardim. Albatta, til o‘zlashtirish murakkab jarayon. O‘zimdan qiyos olsak, boshlang‘ich(beginner)dan ilg‘or(advanced) darajagacha uch yil vaqtim ketgan. O‘shanda ham bemalol gaplasha olish strategiyasi rivojlanmagan edi va bu tushunchani hozir ham nisbiy deb hisoblayman. Sababi, u meni ona tilim emas. Asosiysi, tinglovchiga fikrimni yetkaza olaman va uni tu­shunaman. Bundan tashqari, britaniyalik David Boyle degan ustozning kurslariga qatnashganman. So‘ngra IELTS imtihoniga kirib, 6 ball olganman. Institutimdagi o‘qi­tuvchilar til bilishimni, ilmiy potensialimni yaxshi bilishardi. Shu tufayli “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasiga nomzod sifatida tavsiya etishgan. O‘sha paytlar saralash bosqichi ham boshqacha edi. Masalan, institut tomonidan 6 kishining hujjat topshirishiga imkon berilgan bo‘lsa, faqatgina 2 nafarimiz barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganmiz. Bugunga kelib jarayon ancha soddalashtirilgan. Chunki kimda top universitetlar talabasi bo‘lganligi haqida xat bo‘lsa, istagan ishtirokchi o‘zini nomzod qilib ko‘rsatishi mumkin. Menda ham 6 ta universitet: Sidney, Kanada, Janubiy Koreya hamda Buyuk Britaniyaning uchta universitetiga qabul qilinganligim haqida xat bor edi. Shunda Kanada universitetini tanlaganman. Lekin bu mamlakatga viza chiqishi mushkul edi. Menda esa tanlovni o‘zgartirishdan boshqa chora qolmadi, niyatni London kolleji universiteti sari yo‘naltirdim. Bu universitet dunyo reytingida top 10 talikka kiradi, u ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishni istagan talabalarning orzusi. Ta’lim tizimida sizga qaysi fan qiziq bo‘lsa, aynan shunga doir bilimlarni berishga moslashtirilgan. Amaliyot ham o‘zgacha uslubda edi. Unda hali ko‘p davlatlarga kirib bormagan da Vinchi apparatida ishlardik, hayvonlarda tajriba o‘tkazardik. Bizning o‘rganishimiz uchun alohida laboratoriya ham bor edi. E’tiborlisi, bizda davomat, qayta topshirish, galstuk taqish kabi majburiyat va cheklovlar yo‘q edi. Har bir talabaga ongli shaxs sifatida qarab, mavzuni o‘qib, o‘qimagani haqida so‘rashmasdi. Biroq imtihonlar o‘ta adolatliligi sabab, talabalar savollarda qiynalardi. Ular doimo intilishi, izlanishi kerakligini anglardi. Ya’ni tizim har bir ilmi tolibning ko‘nikmasi, malakasi, bilim saviyasini oshirishga qaratilgandi. Talabalar oxirgi nashr etilgan ilmiy adabiyotlar, dissertatsiyalar, mavzuga xos maqolalar bilan tanishardi. Dars jarayonida materialning tahlili, kamchiliklari muhokama qilinardi. Kardioxirurgiyani Angliyadagi eng ko‘zga ko‘ringan bolalar shifoxonasi — “Great Ormont street Hospital” da o‘taganman. Yana Birmingham bolalar shifoxonasiga ham borib turardim. Vaqt o‘tib, magistraturani imtiyozli diplom bilan bitirdim. O‘zbekistonga qaytishim bilan Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasida ish boshladim. Hozir bolalar kardio-jarrohi sifatida faoliyat yuritmoqdaman. Avvaliga bir yarim yilcha operatsiyalarda bosh jarrohga yordamchi bo‘lib ishladim. Taxminan 1000-1500 ta operatsiyada qatnashgach, mustaqil jarrohlikka o‘tdim. Hozir dunyo bo‘yicha bolalarni mustaqil operatsiya qiladigan eng yosh kardio-jarroh men bo‘lsam kerak. Ayni kungacha yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarning 500 nafardan ortig‘ini davolab, ularni hayotga qaytarganman. Ish mobaynida Germaniyaning Myunxen shahrida, Yaponi­yaning Okayama klinikasida, hozir esa Avstriyaning Melburn shahridagi bolalar shifoxonasida amaliyot o‘tashga ulgurdim. Bu yerlarda professorlar bilan birga yonma-yon operatsiyalar qilib, kasbning sir-asrorlarini ko‘proq o‘rganmoqdaman. Ammo ochig‘ini aytish joiz, mamlakatimizdagi shifoxona shart-sharoitlarini tubdan yangilash kerak. Shu kunlarda PhD bo‘yicha dissertatsiyamni yozyapman. Maqsadim o‘lkamizda tibbiyotni rivojlantirib, o‘zbek tilidagi kitoblar, o‘quv qo‘llanmalar tayyorlab, bolalar uchun katta tibbiyot maktabiga asos solish. Sababi, O‘zbekistonda bolalar kardio-jarrohligi bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar deyarli yo‘q.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati bo‘lganimga, chet elda o‘qish baxti nasib etganiga hamisha shukr aytaman. Bu borada mendan singillar, ukalar xorijda o‘qish bo‘yicha maslahat oladi. Ularga saralash bosqichi shaffofligi, tanish-bilishchilik yo‘q­ligi haqida so‘zlayman. Agar jamg‘arma faoliyati yanada kengaysa, yurtimizdagi ko‘proq talabalar jalb qilinsa, O‘zbekiston rivoji uchun ulkan yangiliklar bo‘lishiga ishonaman. Chunki, ilmi ziyoda insonlar dunyoni boshqa tarafdan ko‘rishi kerakligiga aminman. To‘g‘ri, jamg‘arma sizning barcha xarajatlaringizni qoplagani uchun qaytishga majbur bo‘lasiz. Boisi, uni xalq manfaati yo‘lida oqlashingiz zarur. Avvalambor, siz nimani istayotganingizni bilib oling. Kelajakda 5-10 yildan so‘ng qaysi sohadaligingiz, yutuqlaringizni tasavvur qiling. Manzilni aniq belgilasangiz, unga boradigan yo‘l osonlashadi. Mabodo mavhumlik bo‘lsa, adashib ketish hech gap emas. Chet elda o‘qimoqchimisiz? Olg‘a! Hozir bu muammo emas. Sizda yetarli bilim bo‘lsa, maqsadingizga, albatta, erishasiz!

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.