Buyuklarga munosib
Bokudan kelgan xushxabarni eshitib, O‘zbekiston iste’dodli, qobiliyatli yoshlar vatani ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik. So‘nggi paytlarda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida xalqaro miqyosda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar xalqimizni quvontirayotgan bir pallada – 10–13-dekabr kunlari Boku shahrida matematika, fizika va kimyo fanlari bo‘yicha 16 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tgan “Iste’dodlarni tayyorlash laboratoriyasi” II xalqaro olimpiadasi natijalaridir. Unda Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 9-sinf o‘quvchilari Doniyor Ismoilov va Sevara Ostonova, 8-sinf o‘quvchisi Lazizbek Rajabboyev qatnashib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallashdi. O‘quvchilar matematika va fizika fanlaridan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Abu Rayhon Beruniy hamda al-Xorazmiy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib avlod ekanliklarini isbotlashdi. Olimpiada g‘oliblari avval ham bir necha nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, kumush medal bilan qaytishgan edi. 12 davlatdan 112 nafar o‘quvchi qatnashgan Boku olimpiadasi bu bolalar uchun yana bir jiddiy sinov bo‘ldi. O‘ylaymizki, kirib kelayotgan 2019-yil musobaqalarida yosh matematiklarimiz eng yuqori pog‘onalarni zabt etishadi va ularning safiga yana yangi iste’dodlar kelib qo‘shiladi.
O‘z muxbirimiz