Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orzular ko‘rsatgan yo‘l

Jasurlarning qishlog‘i tuman markazidan ancha uzoqda joylashgan. Ha deganda shaharga borib-kelaverish osonmas. Ayniqsa, qish oylarida qor tushib, yer yaxlaganda transport qatnovi qiyinlashadi. Shuning uchun Jasur va u kabi qishloq maktabining boshqa bolalari ham ijodiy ishlari, yasagan maketlari, chizgan rasmlarini yig‘ib, hech bo‘lmaganda ikki oyda bir marta markazdagi to‘garaklarga borib, ko‘rsatmalar olib kelishadi. Jasur kelgusida kibernetik olim bo‘lmoqchi. Fizika faniga yangiliklar kiritib, zahmatkash qishloq odamlarining azaliy orzularini ro‘yobga chiqarishni, og‘irini yengil qilishni niyat qiladi. “Niyat qiladi”... U bilan suhbatlashgach, bu jumla shunchaki istak, havas emas, uning ortida qat’iy azm-u qaror, yengilmas iroda, kuch to‘playotganiga amin bo‘ldim.

– Bu o‘quvchingiz tunda ham uxlamaydi. Yarim kechasi soat 2 da ham atrofiga temir-tersaklarni yig‘ib olib, allanimalar yasaydi. Undan ko‘ra biror foydali ish qilsang bo‘lmaydimi, deb koyiyman. Katta shaharga ketaman, olim bo‘laman, deb kitob yig‘gani-yig‘gan. Varaqlab ko‘rsam, ichi to‘la formula, – shikoyat qiladi onasi Tanovar opa maktabdagi fizika fani o‘qituvchisi Mashurat Hayitovaga.

Mashurat ustoz Tanovar opaga o‘g‘lining “Yosh ixtirochilar tanlovi”ning tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichiga yo‘llanma olgani xushxabarini yetkazgach, onaning tashvishli qiyofasida tabassum balqdi. Nazarida, temir-tersak yig‘uvchi o‘g‘lining urinishlari behuda ketmaganidan quvondi.

Mashurat opa Hayitova shogirdi uchun o‘z onasiday jon kuydiradi. Tadbirma-tadbir yetaklaydi. Oddiy qishloq bolasining shaharlik tengdoshlariga yetib olishi uchun kuyib-pishadi.

Har yakshanba maketlar yasashga qiziqadigan bolalar Jasurlarning uyida to‘planib, ixtirolar ustida bosh qotiradilar. Jasur to‘garak tashkil qilib, bilganlarini do‘stlari bilan o‘rtoqlashadi. Fazliddin elektr-montaj, payvandlash ishlari ustasi, Umid esa maketlar dizaynini qoyilmaqom darajada ishlay oladi. Og‘abekdan yaxshi g‘oyalar chiqadi, tasavvuri keng.

Odatda, ilk urinishlar ko‘pincha muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Ixtirochilar jamoasi yosh iqtidorlarning viloyat tanloviga relsda harakatlanib, tantanalarni tasvirga oluvchi robot operator yasab borishadi. Maket g‘ilofi yaxshi mahkamlanmagani uchun hakamlar oldida namoyish etilayotgan vaqtda to‘satdan sochilib ketadi. Shunda bolalar har bir ish ustida pishiq-puxta ishlash, shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligini tushunishdi.

Shundan so‘ng, hikoyamiz qahramoni ko‘proq izlanib, o‘rganib, qurilmalardan quvvat olib energiyani tejaydigan USB fonar o‘ylab topdi. Bundan tashqari, ko‘pchilik tengdoshlariga o‘rnak bo‘ladigan, chiqindilarni terib oluvchi robot ixtiro qildi. Bu ayniqsa, shahar sharoitida asqotadi. Robot miyasiga axborot tahlil qiluvchi dastur o‘rnatiladi.

Videotasvir orqali ma’lum hududda atrof-muhitning ozodaligiga putur yetkazayotgan chiqindilarni yig‘ib oladi. Hozir Jasur robotining dastur qabul qiluvchi miyasi ustida bosh qotiryapti.

Jasur Toshev Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 41-maktabning 10-sinfida tahsil olmoqda. Maktabda Yoshlar ittifoqi hamda tashkiliy ishlar va loyihalar sardori, sinfboshi.

U yaqinda o‘tkaziladigan Yosh ixtirochilar tanlovining viloyat bosqichiga tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu safar o‘zida barcha qulayliklarni mujassamlashtirgan yangi avlod aqlli “Zamon kurtkasi” g‘oyasi ustida bosh qotirmoqda. Chekka qishloqlarda tez-tez chiroq o‘chib turadi. Elektr energiyasidan uzilish bir vaqtning o‘zida bir qancha imkoniyatlarni cheklaydi. Misol uchun, telefon apparatining quvvati tugaydi, qish kunlarida isitish tizimi ishlamaydi va hokazo. Jasurning “Zamon kurtkasi” elektr energiyasi bilan ta’minlangan, quyosh batareyasidan quvvat oladi. Tunda ko‘chada yurganda atrofni yorituvchi fonari, aloqa vositasi, isitish tizimi o‘rnatilgan bo‘ladi. Bu ixtiro loyihasi amaliyotda tadbiq qilinsa bormi?!..

Jasurning maqsadlari, rejalari katta. Fizika fanidan o‘tkaziladigan olimpiadalarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Umid qilamizki, yaqin kelajakda amaliyotda qo‘llangan ixtirolari va erishgan yangi yutuqlari haqida sizga yana hikoya qilamiz.

 

Umida SADATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.