Yil mazmuni
Jurnalning har bir sonini ziyraklik bilan o‘qib borayotgan muxlislar! Mana siz bilan 2018-yilning so‘nggi – 12-sonida uchrashib turibmiz. Nazarimda, “Gulxan”ning barcha ijodkorlari, jamoatchi mualliflari bilan hamkorlikda yil davomida siz jurnalxonlar bilan til topishishga harakat qildik. Sizdan kelgan har bir xat, har bir telefon qo‘ng‘irog‘i, internet orqali yuborilgan ijod mahsullariga e’tibor bilan qaradik. Toshkent shahri hamda viloyati maktablarida ustozlar, kutubxonachilar tashabbusi bilan tashkil qilingan uchrashuv va tadbirlarda faol ishtirok etdik. Buni yilning so‘nggi dekabr oyi misolida olib qarasak, eh-he, bir yillik ijodiy uchrashuvlarning soni anchaga borib qoladi. Bu maktablarning bolalari ziyrak, zukko ekanliklari bilan birga, iste’dod qirralarini ham ko‘rsatishdi. Biz faqat poytaxtdagi maktablarda emas, yurtimizning barcha viloyat va tumanlariga yetib borishga harakat qilamiz. Shu kunlarda jurnalimiz muxbiri Bekmurod Abduraimov Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan 2019-yil uchun gazeta va jurnallarga ixtiyoriy obuna ishlarini samarali tashkil etish maqsadida o‘tkazilayotgan “Matbuot kunlari”da, ijodiy uchrashuvlarda qatnashmoqda. Muxbirimizning safar taassurotlari haqida “Gulxan”ning kelgusi sonlarida batafsil tanishasiz. Shu o‘rinda jurnalni O‘zbekiston bolalarining deyarli barchasiga yanada yaqinroq qilish, do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida harakat qilayotgan viloyat va tumanlardagi jamoatchi va faol mualliflarimizning jonbozliklarini ta’kidlagim keldi. Ular nafaqat she’r va hikoyalari, balki targ‘ibot ishlaridagi faolliklari bilan ham bizni mamnun etmoqdalar. Mamlakatimizda ma‘naviyat va ma’rifat uchun olib borilayotgan sa’y-harakatlarda o‘z ma’naviy burchlarini anglagan holda munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Muhtaram Prezidentimizning “Xalq bilan birga bo‘ling, xalqimizga yaqinroq bo‘ling”, degan xitoblariga loyiq javob bermoqdalar. Bu fidoyi insonlarning ism-shariflarini keltirar ekanmiz, eng avvalo, muassisimiz va tahririyatimiz nomidan, jurnalning chin muxlislari nomidan o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Ular – Namangan viloyatidan shoir Erkin Qambar, Surxondaryodan Ochil Toshqulov, Farg‘onadan Vali Ahmadjon hamda Mamasoli Sarimsoqov, Xorazmdan Sodiqjon Inoyatov, Samarqanddan Boborahmat Muhammadiyev, Toshkent viloyati Angren tumanidan Muhabbat Abduqodirova, Bekobod tumanidan Nurali Jalil, Yangiyo‘l tumanidan Muhayyo To‘laganova, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan Mohigul Rasulovalardir.
Yil davomida tahririyatimizga tengdoshlarining yutuqlari, qishloq, maktab, mahallasidagi yangiliklar haqida muntazam maktub yo‘llagan eng fàol muxbir muxlislarimiz — Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 13-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Dilshodbek Rahmatullayev, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 17-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Fazilat Xolmatova, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 5-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Laylo Esonmurodova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tibbiyot kolleji o‘quvchisi Mahliyo Gulmatova, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 2-maktab o‘quvchisi Gulnihol Muhammadjonova, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 17-maktab 8-sinf o‘quvchisi Nafisa Toshpo‘latova, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 10-maktab 7-sinf o‘quvchisi Dilnura Sailxonovalarga hozirjavob va tezkorliklari, jurnalimiz sahifalarini mazmunan boyitishga qo‘shgan hissalari uchun minnatdorligimizni bildiramiz.
Mana, yurtimizga bir olam orzular, ezgu tilaklar bilan Yangi yil kirib kelmoqda. Ishonamizki, ushbu yilda ham sizlar bilan hamkor va hamfikrligimiz davom etadi.
Yangi yilda uchrashguncha!