Shuhrat
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri shoir, nosir, dramaturg Shuhrat(G‘ulom Alimov) 1918-yil 19-aprelda Toshkentda tug‘ildi. U eski va yangi maktablarda tahsil olgach, Transport texnikumida o‘qishni davom ettirdi. Shu yerda shoir Yunus Latif boshchilik qilayotgan to‘garakka a’zo bo‘ldi va she’rlar yoza boshladi. Texnikumni tamomlagach Toshkent davlat pedagogika institutida o‘qidi. 1940-yilda uning dastlabki to‘plami “Orzu va qalb”, “Mehrol” ertak dostonlari nashrdan chiqdi. Shuhrat shu yili harbiy xizmatga chaqirildi. II jahon urushida ofitser sifatida ishtirok etdi. Urush janggohlaridan eson-omon qaytgan adib respublika gazeta va jurnallarida adabiy xodim bo‘lib ishlay boshladi. Shu yillarda uning “Hayot nafasi”, “Qardoshlar” (1948), to‘plamlari kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. Shundan so‘ng ketma-ket e’lon qilingan “Bizning ko‘cha”, “Balog‘at”, “Quduq” nomli she’riy kitoblari o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi. Uning “Ishqingda yonib”, “Kavkaz daftari”, “Qiz tabassumi”, “Buyuk muhabbat” kabi she’riy turkumlari, balladalarida Vatan va hayot, qadr va qimmat, mehnat va mehnatsevarlik ulug‘lanadi.
Shoir asarlari nafis lirizmi, lirik qahramon ruhiy olamining yorqin ifodalanganligi, his-tuyg‘ularining samimiyligi bilan o‘quvchilar qalbini rom etdi. Hayotiy voqealarni keng ko‘lamda tasvirlash ehtiyoji ijodkorni nasrda ijod qilishga undaydi. U II jahon urushi janggohlarida orttirgan katta hayotiy tajribasi asosida xalqimizning jangovar hayoti, qahramonligi, vatanparvarligi, irodasi va kelajakka umidi haqida hikoya qiluvchi “Shinelli yillar” romanini yozishga turtki berdi. Roman janrida ham yaxshigina tajriba orttirgan yozuvchining “Oltin zanglamas” (1967) romanida ma’rifat sohibi – o‘qituvchi degan sharafli kasb egasi ulug‘lansa, “Jannat qidirganlar” (1968) romanida vatangadolik fojiasi o‘z badiiy ifodasini topgan. Shuhratning “Besh kunlik kuyov”, “Qo‘sha qaringlar”, “Ona qizim” komediyalari o‘zbek dramaturgiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shuhrat vafotidan keyin “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.