Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chin ilmi tolib bo‘lar

Bolajonlar qo‘lida o‘z gazeta va jurnallarini ko‘rsangiz, yayrab ketasiz. Yunusobod tumanidagi 274-maktab o‘quvchilarining shiori shunday: 

 Chin ilmi tolib bo‘lar, 

“Gulxan” o‘qigan bola.

Yaqinda ushbu maktabda 2-“A” sinf rahbari Iroda G‘ulomova tashabbusi bilan “Gulxan”  jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, yozuvchi Muhabbat Hamidova va “Tong yulduzi” gazetasi muxbiri Muhabbat Abduqodirova bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘quvchilar adibaning darslikka kiritilgan hikoyalari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etib, milliy raqslar ijro etishdi.

– O‘quvchilarning bilimdonligi, izla­nuvchanligidan xursand bo‘ldik, – dedi Muhabbat Hamidova.

So‘ng jurnaldagi ish jarayoni, bu dargohda bosh muharrir bo‘lib ishlagan ustozlari Xudoyberdi To‘xtaboev, Abdulla Oripov, Oydin Hojieva, Omon Matjon, Safar Barnoevlarning insoniy fazilatlari, kitobning ahamiyati haqida so‘zladi, ijod namunalaridan o‘qidi. Tadbirda E’zoza Avazxonova, Sora Fattohova, Abubakir Fattohov, Nafisa Hotamboeva, Muhammadali Mansurov jurnal ruknlari, yozuvchining kitoblari nomlarini topishda zukkoliklarini namoyon etdilar.  

Uchrashuv o‘quvchilarda bir olam taassurot qoldirdi.

 

Mahmuda VALIYEVA,

Maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.