Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kashfiyotchining kashf qilinishi

Stiv Jobs Makintosh kompyuterlari, Ayfon va Aypad qurilmalarining kashshofi sifatida mashhur. Bundan tashqari, uning innovatsion g‘oyalari musiqa, kino va raqamli nashriyot sohalarini ham o‘zgartirib yubordi. Stiv bolaligidanoq hamma narsani o‘zi mustaqil  bajarishni xohlardi.

 

U boshqacha edi

Stiv juda chaqqon va qiziquvchan edi. U o‘zining asrab olingan o‘g‘illigini bilardi. Kunlarning birida 6 yoshli Stiv bu haqida bir uy narida yashovchi qizga aytishga qaror qiladi. “Demak, sen o‘z ota-onangga kerak bo‘lmagansan, shundaymi, Stiv?” Qizaloqning savoli bolakayga qattiq ta’sir qiladi. U yig‘lagancha uyga yuguradi. Vaziyatni payqagan onasi ko‘plab bolalar orasidan  aynan Stivni tanlaganini, chunki u hech kimga o‘xshamaydigan, boshqacha ekanini, Jobslar oilasining quvonchi, baxti ekanini aytadi. “Men o‘zimning boshqacha ekanimga  ishonardim”, – deydi Stiv keyinchalik bergan intervyularidan birida. “Chunki ota-onam meni shunday tarbiya qilishgandi”.

 

Larry Leng sabog‘i

Jobslarning uyida garaj bor edi. U yerda Paul ismli mexanik  buzilgan mashinalarni tuzatardi. Stiv mashinalarga qiziqmas, lekin otasi bilan vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘rardi. Kunlardan bir kun otasi ish stolining bir chekkasini ajratib, bundan buyon bu maydon Stivning “laboratoriyasi” bo‘ladi, dedi. Paul ehtiyot qismlar qidirish uchun eski-tuski buyumlar turadigan joyga borganida, Stivni ham olib ketardi. Stiv otasining hatto eng mayda ehtiyot qismlarga ham e’tiborli ekaniga, oddiy odamlar ilg‘amaydigan narsalarni ham nazaridan chetda qoldirmasligiga hayron qolar edi.

Aslida Stivning aksariyat qo‘shnilari mexanik edi. Ulardan biri Lerry Leng Stivga elektronikadan ko‘p narsa o‘rgatdi. U Stivga televizor va radio jihozlari tayyorlash bo‘yicha batafsil ko‘rsatmalar berdi. Bu bilimlar unga nafaqat narsalar qanday ishlashini o‘rgatdi, balki televizor va radio kabi murakkab ko‘rinadigan buyumlarni ham o‘rganish va tushunish mumkinligiga ishonch hosil qilishiga yordam berdi.

 

Maktabdagi shumliklar

Klara xonim o‘g‘liga o‘qish va yozishni maktabga chiqmasidanoq  o‘rgatganiga qaramay, Stiv maktabga osonlikcha ko‘nika olmadi. “Men maktabda juda zerikar edim, shuning uchun dastlabki yillarda faqat shumlik qilish bilan shug‘ullandim”, – deb tan oladi. Bir kuni u do‘sti Rik bilan maktabning e’lonlar taxtasiga: “Ertaga hamma o‘zining uy hayvonlarini olib kelsin”, – deb yozib qo‘yadi. Ertasi kuni esa maktab hovlisi  hayvonot bog‘iga aylanadi. Yana bir safar Stiv va Rik sinfdoshlarining velosipedlari qulflarini almashtirib qo‘yishadi. Har kim o‘z qulfini topguncha yarim kech bo‘lib qoladi. Xullas, 3-sinfni tugatguncha Stiv bir necha marta maktabdan haydaladi. Ammo ota-onasi uni jazolashga shoshilmas, Stivni darsga qiziqmasligida maktabning ham aybi borligiga ishonishar edi. Stiv ham buni tan olgancha “Rostdan ham maktabda ustozlar bizga faqat foydasiz narsalarni yodlatishadi, muallimlar aslida bilimga emas, xotiramizga baho qo‘yadi”, – deyishdan charchamasdi.

 

Hill xonimning hiylasi

Ammo, to‘rtinchi sinfda darsga kirgan Hill xonim uning hayotida tub burilishga sabab bo‘ldi. U Stivga bir qancha masalalar berdi va agar ularni to‘g‘ri ishlasa, pul berishini aytdi. Pulga qiziqqan bolakay masalalarni bir kundayoq ishlab keldi. Keyinchalik bu mashg‘ulot Stivga juda yoqib qoldi. U ustozini xursand qilish uchun vazifalarni muntazam bajarib boradigan bo‘ldi. “Hill xonim menga boshqa biror ustoz o‘rgata olmagan narsalarni berdi. Agar u bo‘lmaganida edi, meni aniq qamoqxonaga jo‘natishgan bo‘lar edi”, – deb eslaydi Stiv.

 

Ixtirochilikning boshlanishi

4-sinfni bitiruv imtihon natijalari hammani hayratga soldi. Ustozlar Stivni 6-sinfga sakratish haqida o‘ylab qolishdi. 6-sinfda o‘qish uchun esa Stiv Kritenden maktabiga borishga to‘g‘ri keladi. Ammo “Bezorilar maktabi” deb nom chiqargan o‘quv dargohini Stivning jini suymaydi. Maktabga borishdan bosh tortadi. Ota-onasi uni “miyasi kuchlilar” o‘qiydigan boshqa maktabga o‘tkazishadi. Yangi maktabda u na ustozlari, na sinfdoshlari bilan chiqisha olmadi. Ammo undagi laboratoriya Stivga juda yoqar edi. U maktabdan tashqari Hevlet Pakyarddagi ixtirochilar klubiga borar (Bill Helvet tomonidan ochilgan klub keyinroq kompaniyaga aylantirilgan. Bu kompaniya bugungi kunda HP deb nomlanadi) u yerdagi elektronika sohasidagi loyihalarda ishtirok etardi. Ilk bor 12 yoshida kompyuterni ko‘rgan Stiv o‘z kelajagini aynan shu sohada tasavvur qiladi. Kunlarning birida u pulsni avtomatik hisoblay oladigan qurilma yaratish haqida o‘ylab qoladi. O‘z loyihasiga qurilmalar olish uchun bu haqda klub raisi Bill Hevletga aytadi. Bill Hevlet unga nafaqat kerakli qurilmalarni beradi, balki yozgi ishga ham taklif qiladi.

U yerda Stiv o‘zining bo‘lg‘usi biznes hamkori Stiv Voznyak bilan tanishadi. Voznyak undan 5 yosh katta bo‘lib, elektronika sohasida tajribaliroq edi. Stiv Jobs 21 yoshga to‘lganda Voznyak bilan “Apple” kompaniyasiga asos soladi. Ular dastlab Stivning yotoqxonasida, so‘ng oilaviy garajida ishlay boshlaydilar. Ikki yildan so‘ng Stiv dastlabki million dollarini ishlab topadi. 25 yoshida Stiv Jobs ikki yuz ellik million dollar sohibi edi. Ammo uni olamshumul ishlar qilishga undaydigan narsa faqat pul emas edi. “Siz o‘zingiz yoqtiradigan, mazza qilib bajaradigan ishni topishingiz kerak. Oylik maoshi yuqori bo‘lgani uchungina sizga zavq bermaydigan kasbni tanlash yaramaydi. Ish hayotingizning katta bir qismini tashkil qiladi. Agar siz qilayotgan ishingiz ajoyibligiga ishonsangizgina hayotingizning ishda o‘tgan qismiga achinmaysiz. Ajoyib ishlar qilishning yagona yo‘li esa, bajarayotgan ishingizni yaxshi ko‘rib uddasidan chiqishdir. Agar siz haligacha bunday ishni topmagan bo‘lsangiz, izlanishda davom eting!” – degan edi mashhur ixtirochi.

 

Aziz do‘stim! Siz-chi? Siz nimaga qiziqasiz? Qiziqishlaringiz haqida tme//GulxanBolajonga yuboring. Balki sizning ham ichingizda jajji ixtirochi yashiringandir?!

 

Dilnavoz Najimova

tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.