Ziyo ulashib
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lish uchun bilim va iqtidordan tashqari ulkan qalb va bolalarga o‘zgacha mehr-muhabbat zarurdir.
Maktabga ilk qadam qo‘ygan murg‘ak qalb egasining savodini chiqarish u o‘zini o‘quvchi ekanini his qilgungacha bo‘lgan jarayon ham oson kechmaydi.
Bog‘cha yoki uydagi holatdan maktabdagi jarayon keskin farq qiladi. Bunday paytda biz o‘qituvchilar har bir bolani o‘ziga xos tomonlarini, oilasini o‘rganib, qiziqishlarini aniqlab olamiz va ish faoliyatimizni shu asosda yo‘lga qo‘yamiz. Har bir o‘quvchi maktabni, dars jarayonini, sinfdoshlarini va birinchi o‘qituvchisi sifatida bizni yaxshi ko‘rib qolguncha bo‘lgan jarayon bizdan kuchli sabr-toqat, ijodiy izlanish va albatta, zahmatli mehnatni talab qiladi. Chunki, turli muhitda o‘sayotgan oila farzandlaridan iborat bo‘lgan sinf jamoasida injiq, qaysar, erkatoy kabi xarakterlarni aniqlab olishimiz va ularning har biriga fe’lidan, qiziqishlari, qarashlaridan kelib chiqib individual yondashishimiz juda muhim.
Birinchi sinf o‘quvchisi o‘zi bilmagan holda ta’lim-tarbiya olish asnosida o‘qituvchisiga bog‘lanib qoladi. Bu bog‘liqlik o‘qitish jarayonidagi biz kutgan ilk yutuqlarimizdan biri sanaladi. Biz buni nimada bilamiz? Ular bizni tinglaydi, bergan topshiriqlarimizni qo‘lidan kelgancha bajaradi. Har bir darsda faollikka intiladi. Buni sezgan ota-onalarning bizga ishonchi ortadi. Farzandidagi qaysidir noto‘g‘ri xatti-harakatni uyda o‘zlari bartaraf qila olmayotgan bo‘lsa, bizga murojaat qilishadi. “Sizni aytganingizni albatta bajaradi, iltimos ustozi, tayinlab qo‘ying, so‘roqsiz ko‘chaga chiqmasin, dars xonasini tartibli saqlasin, aka-ukalari bilan inoq bo‘lsin”... kabi. Bu ishonchdan o‘qituvchi qanchalik quvonsa, shunchalik mas’uliyati ham ortadi.
O‘quvchilarni qiziqishlarini hisobga olib, fanlarni puxta o‘zlashtirishi uchun harakat qilamiz. Sohamizdagi yangiliklarni o‘rganib, ijodiy izlangan holda darslarimizni samarali natija berishiga intilamiz, o‘z ustimizda muntazam ishlaymiz.
Men o‘quvchilarimni nafaqat o‘qitayotgan davrimda, balki 11 yil davomida ahillikda, birgalikda harakat qilib o‘qishini davom ettirishlarini juda xohlayman. Ular bilan turli bayram tadbirlari, musobaqalar, sayrlar uyushtirib, ahil jamoa sifatida shakllantirishga harakat qilaman. Zero, ana shu tadbirlar sabab o‘quvchilar bizga bog‘lanib qoladi. Ota-onalar, o‘quvchilarim ba’zida “Yuqori sinfda ham o‘zingiz sinf rahbarlik qiling” deb qolsa, quvonchim ichimga sig‘may ketadi.
Mana hozirgi kunda maktabimizning 9-“A” va 5-“A” sinf o‘quvchilarini boshlang‘ich sinfda men o‘qitganman. Ularni birgalikda ko‘rsam, yutuqlarini eshitsam ich-ichimdan quvonib ketaman. Kasbimning o‘ziga yarasha zahmati bor. Lekin bolalarning meni ko‘rganda “USTOZ” deb birinchi sinf davridagidek menga talpinishlaridan his qilgan faxr va quvonch meni kasbimga, o‘quvchilarga bo‘lgan mehrimni oshiradi.
Bir kuni maktabimizga o‘qituvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifokorlar kelishdi. Ular orasida sobiq o‘quvchim Qahramon Ergashevni ko‘rib shunday hayajonlandimki... o‘qituvchi uchun aslida bu o‘z mehnati natijasini ko‘rish edi.
Aziz o‘quvchilar, biz sizni yaxshi ko‘ramiz. Bilib qo‘ying, sizlarga bilim berayotgan har bir o‘qituvchining maqsadi bitta – sizlarga puxta bilim berish, yetuk inson qilib tarbiyalash.
Surayyo HURBOYEVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi
255-maktab o‘qituvchisi