Nega shunday deymiz?
Quloch – qo‘l ochmi?
Sog‘inib kutganimiz sentyabrda sevimli maktabjonlarimiz bizni quloch ochib kutib oldi. Lekin shu – quloch ochmoq, degan birikma qanday kelib chiqqanligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Eshqobil Shukur “Boboso‘z izidan” kitobida bu haqida qiziqarli ma’lumotlar berib o‘tibdilar:
Mahmud Qoshg‘ariy “quloch” so‘zini “qo‘l och” dan kelib chiqqan deya izohlagan. Yana boshqa olimlar turli taxminlarni ilgari suradilar. Lekin Qoshg‘ariy fikri asosli ko‘rinadi. Chunki quloch odamning ikki qo‘li ikki yonga yoyilganda, qo‘li keng ochilganda hosil bo‘ladi. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da bu so‘zni “qul” va “uch” otlarining qo‘shilishidan hosil bo‘lib, ikki qo‘l uchi orasidagi o‘lchov ma’nosini ifodalaydi, deyilgan.
O‘nta bo‘lsa o‘rni, qirqta bo‘lsa qilig‘i...
So‘zlarning paydo bo‘lish jarayoni qiziq. Qovun qovundan rang oladi, deganlaridek, so‘z ham so‘zdan shakl va ma’no oladi. Quyidagi so‘zlarga e’tibor qiling. “Qiliq” so‘zi “qil” fe’liga “-iq” qo‘shimchasini qo‘shishdan hosil bo‘lib, “qilgan” degan ma’noni anglatadi. Qoshg‘ariy izohiga ko‘ra, xuddi shu kabi “pishiq” so‘zi ham “pishgan” degan mazmunni bildiradi. “Qo‘riq” so‘zi esa qo‘riqlanadigan yer ma’nosida keladi.
To‘piqda to‘p bormi?
Xalq tilida boldir suyagining pastki uchidagi yon tomonga turtib chiqqan dumaloq qismi ma’nosini anglatgan “to‘piq” so‘zining “tubiq” shakli ham bor. “Daryo toshsa to‘pig‘iga chiqmaydi” degan maqol to‘piq tananing past qismida joylashgani uchun aytilgan. Aslida, bu so‘z qanday paydo bo‘lgan? “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, qadimgi tilimizda “tub“ so‘zi “dumaloq narsa” degan ma’noni anglatgan. “To‘piq“ (“tubiq“) so‘zi shu so‘zdan hosil bo‘lgan. Koptok ma’nosidagi “to‘p“ so‘zi ham shundan kelib chiqqan. Yana shuni ta’kidlash kerakki, qadimda “tubiq“ so‘zi “kichik to‘p” degan ma’noni bildirgan.
“ICHDI XON” – ISHTIXON
Afsonalarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida hukmronlik qilgan xonlardan biri safarga chiqadi va bir joyga kelib to‘xtaydi. Ammo bu yerda suv muammosiga duch kelishadi. Hech qayerdan suv topa olishmaydi. Shunda o‘sha hudud yonidagi tog‘dan maxsus quvurlar orqali xon uchun suv tortib kelishadi. Bir necha o‘n kilometrdan tortib keltirilgan mazkur quvurlar xonning vaqtinchalik qarorgohiga ulanadi va xon o‘sha suvdan ichib ko‘radi. Vazifa uddalangani, ya’ni “Xon suvdan ichdi” degan xushxabar xalq orasida tezda tarqalib ketadi. Aytishlaricha, shu voqea sabab, “Xon suv ichdi”, degan hayqiriqlar “Ichdi xon” degan shaklda o‘zgarib, keyinchalik Ishtixon ko‘rinishiga kelgan ekan.
Dilnavoz tayyorladi