Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Imkon beruvchi maydon

Xabaringiz bor, shu yilning 10-18-iyul kunlari Armanistonda o‘tkazilgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida respublikamizning bir guruh iqtidorli o‘quvchilari  ishtirok etdi. Chi­nakam  bilimdonlar  bellashuviga aylangan ush­bu   musobaqada  Toshkent Pediatriya insti­tuti akademik litseyi o‘quvchisi Aziza Abduvaliyeva bronza medalini qo‘lga kiritib,  yurtimiz  don­g‘i­ni  dunyoga taratdi.

G‘oliba qiz 2005-yil Jizzax viloyati G‘al­laorol tumanida tug‘ilgan. Aziza tumandagi 42-maktabda to‘qqizinchi sinfni tugatgach, o‘qishni Toshkent Pediatriya instituti akademik litseyida davom ettirdi. 2019-2020-o‘quv yilida respublika miqyosida o‘tkazilgan Bilimlar bellashuvi hamda fan olimpiadalarida  g‘olib bo‘ldi. Bu musobaqalarda  bilim va tajribasi oshgach, biologiya fanidan xalqaro olimpiadada  ishtirok etishga  qaror qildi. Albatta,  bunday  nufuzli  bellashuv  undan  katta  mehnat va bilim talab qilardi. Aziza  orzusini amalga oshi­rish uchun  tinim bilmay  izlandi, ustoz­lar topshirig‘ini o‘z vaqtida bajardi. Bu al­batta o‘z samarasini  ko‘rsatdi. U o‘tgan yili O‘zbekistondagi uch bosqichli saralashdan o‘tib,  eng yosh ishtirokchi sifatida terma jamoaga qabul qilindi. Pandemiya sabab olimpiada onlayn tarzda o‘tkazildi. 78 ta davlatdan jami 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan olimpiadada  o‘zbekistonlik  qizga  omad kulib boqdi. Aziza  Abduvaliyeva  birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, oltin medal bilan taqdirlandi. Bu g‘alaba  Azizaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi.

– Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishning birinchi  asosi – chet tilini bilish bo‘lsa kerak-a? – so‘raymiz  g‘olib qizdan.

– Unchalik emas, – deydi Azizaxon, –  Xalqaro olimpiadaning   hurmat qilishga arziydigan tomoni  ham shunda.  U o‘quvchiga er­kinlik taqdim eta oladi. Ishtirokchiga qaysi  davlat­dan kelgan bo‘lishidan qat’i nazar, o‘ziga qulay bo‘lgan til — xohlasa ona tili, xohlasa boshqa bir tilda savollar taqdim etiladi. Ishtirokchilar ham o‘zi tanlagan tilda javob yozishi mumkin. Ishlar shunchalik puxta o‘ylanganki, buni tashkilotchilarning o‘zi tarjima qilib oladi. Javoblarni ishtirokchi qanday  rangdagi ruchka yoki qalamda yozishining ahamiyati yo‘q. Muhimi, qatnashchi o‘z bilim  darajasini  nechog‘lik  ko‘rsatib berishida. Lekin,  ingliz tilini bilgan bola   olimpiadaga  tayyorgarlik  jarayonida  sira qiynalmaydi. Chunki  ingliz tilidagi kitoblarda ko‘p ma’lumotlar bor, qola­versa, boshqa davlatlardan kelgan  tengdoshlar bilan  muloqotga kirishishda  juda asqotadi deb o‘ylayman. Mening nazarimda,  Xalqaro olim­piada — ishtirokchiga  bilimini o‘zi xoh­la­gan ko‘rinishda  namoyish etishi uchun imkoniyat beruvchi  xolis maydon. 2022-yil men  uchun  omadlar yili bo‘ldi desam xato qilmagan bo‘laman. Chunki shu yil men Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘ldim.

Qo‘lga kiritgan  yutuqlarim  mamlakatimiz  mustaqilligining 31 yilligiga  farzandlik  tuhfam bo‘lganidan nihoyatda  baxtiyorman, – dedi  Aziza g‘urur bilan.   

Bolajon yurtimizda Azizaga o‘xshagan bilimli, zukko o‘g‘il-qizlar juda ko‘p. Iqtidorli farzandlariga yelkasini tutib turgan  Vatanimiz bor ekan, ularning safi kengayaveradi.

                                                               

 Dilafro‘z  ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.