Oddiy ehtiyoj
O‘tgan yili – yangi o‘quv yilining boshlanish kuni, ya’ni “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiriga meni Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 193-maktabga taklif etishdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqan mehmonlardan birining gaplari diqqatimni tortdi. U Toshkentdagi INHA universiteti rektori Muzaffar Jalolov edi. Rektor o‘z nutqida shu maktabning sobiq o‘quvchisi ekanini aytib, matematikadan dars bergan Nigora G‘afurovaga alohida minnatdorchilik bildirdi: “Matematikadan yaxshi saboq olganim bois hayotda juda ko‘p muvaffaqiyatlarga erishdim. Bugun esa ustozim Nigora opa rahbarlik qilayotgan ushbu maktabning 1-sinfiga o‘z o‘g‘limni olib keldim. Ishonamanki, menga ta’lim-tarbiya bergan hurmatli, fidoyi ustozlarim o‘g‘limga ham yaxshi saboq beradilar. Chunki ustozlarimiz bizga hamisha mehr bilan muomala qilganlar. Shu bois hozir men rahbarlik qilayotgan INHA universiteti shu maktabda IT xonasini jihozlab, informatikadan alohida bilim olayotgan o‘quvchilarga homiylik qilishga qaror qildik. O‘quv yili davomida universitet o‘qituvchi va talabalari maktabingizga kelib, bolalarga qo‘shimcha darslar tashkil qilishadi. Niyatimiz 193-maktabdan kelajakda zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan yoshlar ko‘plab yetishib chiqsin. Ular taraqqiyot yo‘liga chiqqan ona diyorimizning rivojiga o‘z hissalarini qo‘shsinlar”, dedi u.
Tadbirdan so‘ng mehmonlar qatorida IT xonasini ko‘rish uchun 2-qavatga ko‘tarildik. Xonada eng so‘nggi rusumdagi 16 ta kompyuter bo‘lib, ularning qarshisida allaqachon o‘quvchilar o‘tirishgan edi. Ularga havasim keldi.
Shogirdning o‘z ustozi haqida cheksiz hurmat bilan aytgan so‘zlari yuragimda qoldi.Mavridi bo‘lmagani uchun o‘sha kuni ular bilan alohida suhbatlasha olmadim. Mana oradan bir yil o‘tib Nigora G‘afurova bilan shu mavzuda suhbatlashish fursati keldi.
– Pedagogik faoliyatimni boshlaganimga 34 yil bo‘ldi. Avval oddiy o‘qituvchi, so‘ng ma’naviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, o‘quv ishlari bo‘yicha rahbar muovini, 2016-yildan esa mana shu maktabga rahbar etib tayinlandim. Mehnatimiz og‘ir, lekin o‘ziga yarasha zavqli tomonlari ham bor. Maktabimiz informatika faniga ixtisoslashganiga 4 yil bo‘lyapti. 2019-yili informatika fani o‘qituvchisi Feruza Alimxonova “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng bu maktab informatikaga ixtisoslashdi. Shogirdlar homiyligida ikkita IT sinfi ochildi. Biz bu sinfga o‘quvchilarni test asosida imtihondan o‘tkazib qabul qildik. Sinflarda 30 tadan 60 ta o‘quvchi bor. Ularda haftasiga to‘rt soatdan informatika o‘qitiladi. Undan tashqari, to‘garak ham ishlab turibdi. Bu sinflarga nafaqat INHAdan, balki TDTUdan ham o‘qituvchilar kelib suhbatlar o‘tkazishadi, bolalarga hayotiy saboqlar berishadi. Ular bilan hamkorligimiz bor. O‘quvchilar oliygohlarga borib, u yerdagi muhit, o‘quv jarayoni bilan tanishishadi, olimlar bilan uchrashishadi, laboratoriya ishlarida qatnashishadi. O‘quvchilar dasturlashni, robototexnikani o‘rganishmoqda. Yaqinda “Bir million dasturchi” loyihasida ishtirok etishdi. Bu uzoq muddatli loyiha. 2019-yilning boshida esa “Stem” loyihasi doirasida har bir maktabga chet ellik o‘qituvchilar biriktirildi. Bizning maktabga Buyuk Britaniyalik o‘qituvchi Din mas’ul etib tayinlandi. Ikki oy davomida o‘qituvchilarning malakasini oshirib, o‘quvchilar bilan elektrlashtirilgan maketlar yasash va ularning ko‘rgazmasini o‘tkazishni rejalashtirdi. Janob Din ikki oy mobaynida maktabimiz jamoasi, informatika kuchaytirilgan sinf o‘quvchilari, o‘zbekona dasturxon, mehmondo‘stlikdan bahramand bo‘ldi, ozmi-ko‘pmi urf-odatlarimiz bilan tanishdi. Avval o‘z tajribalaridan kelib chiqib informatika o‘qituvchilarini o‘qitdi. So‘ng ularga topshiriq berdi, qolgan bir oyda esa bolalar bilan elektrlashtirilgan, o‘zi ko‘tariladigan ko‘prik maketini yasash hamda fizik xossa asosida rezinkadan elektr hosil qilib qo‘l telefonini quvvatlantirish va tomi ko‘tariladigan uy yasash ishlarini nazorat qildi. O‘qituvchilar ham, bolalar ham katta qiziqish bilan bu ishlarni uddalashdi. Ko‘rgazma tashkil qilib o‘z ixtirolarini barchaga namoyish qilishganda, ko‘rganlar hayratda qolishdi. Loyiha muddati tugagach janob Dinga milliy chopon va do‘ppi kiydirib xayrlashdik. Biz ikki oyda undan vaqtning qadriga yetishni o‘rgandik. Bolalar esa elektrlashtirishni o‘zlashtirishdi, – dedi so‘zlarini yakunlab Nigora G‘afurova.
Nigora opa bilan suhbat davomida shuni angladimki, gavjum maktab hayoti, o‘qituvchilar, bolalar... Ular haqida juda ko‘p suhbatlashish, yon daftarga bir nimalarni yozib olish mumkin ekan. Lekin eng muhimi, o‘sha aytilayotgan voqea-hodisalarning ijobiy natijalari, ustozlar mehnatining oddiygina hayotiy ehtiyojga aylangani edi.
Zahro HASANOVA