Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Milliy o‘yinda millat g‘oliblari

Qadrli o‘quvchilar, sport­ning kurash turi bilan necha yoshdan shug‘ullanish mum­kinligini bilasizmi? Mutaxassislarning ta’­kid­la­shicha, bolalar bu sport bilan 12 yoshdan boshlab shug‘ullanishi maq­sadga muvofiq ekan. Ku­rash qadimdan turkiy xalq­larning kundalik hayoti, turmush tarzidan joy olgan. Uning asl o‘tmishi yunonlarga va qadimgi Olimpiya o‘yinlariga borib ta­qaladi. Eng muhimi, o‘sha paytlardayoq tur­kiy millat va elatlar orasida mash­hur bo‘lgan. O‘zbek kurashi bugun alohida sport turi sifatida xalqaro musobaqalar safidan joy oldi.

G‘ururlanishimizga yana sa­bab shuki, ota meros sportimiz bo‘yicha o‘tkazilayotgan mu­so­ba­qalarda Vatanimizning ku­ra­gi yerga tegmas o‘g‘il-qiz­lari ishtirok etib, g‘oliblik shoh­supasini egallamoqda. 4-8-sentyabr kun­lari Tailandning Chonburi shahrida o‘s­mir­lar o‘rtasidagi o‘tkazilgan VII Osiyo chem­pionatida ishtirok etgan kurashchilarimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar buni yana bir bor isbotladi. 40 dan ortiq davlatning 100 dan ziyod sportchilar ishtirok etgan bu chempionatda yosh sportchilarimiz 13 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida peshqadamlik qildi.

Osiyo chempioni bo‘lgan Nodirbek Mav­lon­berdiyev musobaqalarning murosasiz bo‘l­ganini eslab: “Chala”ga yutqazib turgandim, 30 sekund qolganida “yonbosh”ga urib, g‘alaba qildim”, – deydi. Bundan ko‘rinadiki, chet mamlakatlarda ham o‘zbek kurashiga bo‘lgan qiziqish ortib boryapti. Bizning “chala”, “halol”, “yonbosh” kabi atamalarimiz jahon miqyoasida qo‘llanilyapti.

63 kilogramm vaznlilar toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Muxlisa Turdiyeva ilk to‘q­nashuv Eronlik raqib bilan bo‘lgani, g‘a­labalarga osonlikcha erishmagani haqida gapirib “Jahon chempionatida ham oltin medal olib kelishni oldimizga niyat qilib qo‘ydik”, – deydi ishonch bilan.

Kurashchilarimizning yutuqlari xalqi­miz­ning cheksiz quvonchiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, o‘smirlarning qadimiy va milliy sportni jahonga tanitish, uni xalqaro darajaga olib chiqishda qo‘shgan hissasi tahsinga loyiq.

Davralarda bellashish ota-bobolarimizdan qolgan an’ana. Kurash yoshlarning kuchli, qat’iyatli va chidamli bo‘lib voyaga yetishida  muhim rol o‘ynaydi. U nafaqat foydali sport, balki jahon miqyosida mamlakatimiz, millatimiz va milliy sportimiz dovrug‘ini yoyishda muhim vosita hisoblanadi.

 

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.