Iqtidorlilar – kelajak yaratuvchilari
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Robototexnika” to‘garagiga 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar jalb etilgan. O‘quvchilar “Robototexnika” to‘garagida robotlarni loyihalash, ularni boshqarish, sensorli qayta aloqa va axborotni qayta ishlash kabi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmoqdalar. To‘garakning faol o‘quvchilaridan biri Sunnatilla Yaxshimuratov Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan “Yuksalish oyligi” doirasida tashkil etilgan “Kelajak bunyodkorlari” ko‘rik-tanlovining “Aviamodel” yo‘nalishi bo‘yicha 4 mingga yaqin o‘quvchilararo 3-o‘rinni egallaganligi tengdoshlari orasida texnikaga bo‘lgan qiziquvchilar sonining oshishiga sabab bo‘ldi.
“Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘sib kelayotgan yosh avlod qiziqishlarini e’tiborga olib, o‘z iqtidorlarini namoyish qilishlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Yangi texnologiyalar asosida jihozlangan “Robototexnika va konstruktorlik” to‘garagida o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra barcha imkoniyatlar yaratildi.
Ishonamizki, kelajak avlod yaratuvchilari bunday imkoniyatdan foydalanib, Vatan bayrog‘ini yuksak cho‘qqilarga ko‘taradilar.
Zulfiya Ismoilova,
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani
“Barkamol avlod” bolalar maktabi