Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chin muxlisga to‘rt savol

Aziz o‘quvchilar, 2017–2018-o‘quv yilining so‘nggi choragini o‘qiyapsiz. O‘qishlar, uy vazifalari, turli to‘garaklardagi mashg‘ulotlar charchatib qo‘ymadimi? Siz charchash nimaligini bilmaydigan bolalarsiz. Biz sizlarga ishonamiz. “Gulxan”ning har bir sonini qunt bilan o‘qib borayotganlar hech qachon dangasalik qilmaydilar.

Bugun siz muxlislarga bir kichik topshiriq bermoqchimiz. O‘ylaymizki, uni hech ikkilanmay, qiynalmay, hatto biz o‘ylagandan-da ziyoda qilib bajarasiz. Eng avvalo, sizga savollar bilan murojaat qilamiz:

Sinfingiz uchun necha dona jurnal olasiz?

“Gulxan”ni sinfingizda qancha bola o‘qiydi?

Nechta sinfdoshingizni jurnal mutolaasi uchun ortingizdan ergashtirdingiz?

Aka-uka, opa-singil, qo‘shni bolalarni-chi?..

Agar yuqoridagi savollarga “Ha, mana buncha bolani” deb aniq javob bera olsangiz, demak, siz “Gulxan”ning chin muxlisi ekansiz. Demak, siz ma’naviyat, ma’rifat, ezgulik targ‘ibotchisi sifatida bizning eng yaqin ko‘makchimizsiz. Shoir akangiz Dilshod Rajab yozganidek:

 

Chin ilmi tolib bo‘lar

“Gulxan” o‘qigan bola.

Hayotda g‘olib bo‘lar

“Gulxan” o‘qigan bola.

 

Darhaqiqat, “Gulxan” o‘qib katta bo‘lgan bolalar bugun jamiyatimizning turli jabhalarida o‘z o‘rnilarini topib, komil farzand sifatida ona Vatanimizga sidqidildan xizmat qilmoqdalar.

Unutmang, bugun siz ikki-uchta bolani ma’naviyat sari yetaklay oldingizmi, kelgusida o‘n-o‘n beshta, hatto yuzlab tengdoshingizni ortingizdan ergashtira olasiz.

Qadrli jurnalxonlar! Yuqoridagi savollarni o‘qib ayrimlaringiz hayron bo‘layotgandirsiz. Ajablanmang, aniqroq o‘ylashga, fikrlashga harakat qiling. Maqsadimiz, jurnalxon, kitobxon bolalar sonini yanada ko‘paytirish, ularni atrofimizga jamlash. Televizor, internet orqali kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, mamlakatimiz katta taraqqiyot, ulkan rivojlanish yo‘liga chiqib oldi. Qo‘shni mamlakatlarga yo‘llar ochilib, do‘stlik, qon-qardoshlik, o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Endi uning kelajagi o‘sib kelayotgan yosh avlodning qay darajada zukko, bilimdon va iste’dodli ekaniga bog‘liqdir. Bunday bolalar esa, o‘qib-o‘rganish, bilganlarini hayotga tatbiq etib yaxshi natijalarga erishish orqaligina voyaga yetadi. Shu bois ham mamlakatimiz alohida iste’dodga ega bolalar uchun turli yo‘nalishlarda fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan maxsus maktab-internatlar, litseylar ochib, ularga eng tajribali o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘ymoqda. U sport maktabi, deysizmi, adabiyot yoki san’at yo‘nalishidagi o‘quv maskanimi, matematika va fizikaga yo‘naltirilgan o‘quv dargohimi... Qo‘yingki, sanay bersam, barcha soha va fanlarning nomini yozib chiqishimga to‘g‘ri keladi.

Jurnalimizning “Mashhurlar bolaligi” sahifasini kuzatib borayotgan bolalar yaxshi bilishadi, barcha ishlarning poydevori bolalikdan boshlanadi. Shoir Quddus boboning hammamizga yod bo‘lib ketgan shunday misralari bor:

 

Nimani qilsang tilak,

Bariga o‘qish kerak!

 

Demak, sizga topshiriq! Kitobxon va jurnalxon bolalarning safini kengaytiring, eng yaxshi, yoshiga mos kitob va jurnallarni tanlab o‘qish, didini o‘stirishga ko‘maklashing. Shaxsiy kutubxonangizdagi sara asarlarni o‘rtoqlaringizga foydalanish uchun berib turing.

Javoblaringiz yozilgan maktub yoki elektron manzilimizga yuborgan xabarlaringizni kutib qolamiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.