Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘smirlik – o‘zlikni tanish

O‘smir do‘stim, Sizni ko‘p muammolar qiynaydi. Ko‘plab savollaringizga javob topolmay, uzoq xayol surib qolasiz. Buni bizga yo‘llayotgan maktublaringizdan bilib olmoqdamiz. Izlanishga, fikrlashga chorlovchi savollaringizdan quvonsak, ayrim o‘ylamay yozilgan savol va murojaatlaringizdan salgina ranjiymiz ham. Buning sabablarini bilish, o‘rganish maqsadida biz bolalar yozuvchisi, psixolog, Toshkent shahridagi “Doktor, Voyjonim” bolalar tashxis markazi bosh shifokori Muazzam Ibrohimovaga bir qator savollar bilan murojaat qildik...


 

 

Vaqt gorizonti

 

Do‘stim, keling, siz bilan ko‘zingizga ko‘rinmas vaqt gorizonti haqida gaplashamiz. Tabiiyki, “Bu nima, qanday gorizont?” degan savol tug‘iladi. “Time horizont” – soniya, daqiqa, soat, kun, oy, yil... kabi katta-kichik o‘lchovlar orasidagi chegaralangan vaqtdir. Yana u kecha, bugun, hozir, ertaga, kelajakda kabi o‘lchovlarda ham belgilanadi. Tasavvur qiling: hali voyaga yetmagan bolalar “bugun” va “hozir” degan vaqt o‘lchovida yashashni yaxshi ko‘rishadi.

Kichkintoyligingizni bir eslang-a! Orzu qilgan o‘yinchog‘ingizni tug‘ilgan kuningizgacha kutishga sabringiz yetmay, bugunoq olib berishlarini xohlagansiz. To‘polon ko‘tarib “Hoziroq muzqaymoq olib bering”, degan erkaliklaringizni ham bir yodga oling. Demak, o‘smirlik bekatiga hali yetib kelmagan bolalar uchun vaqt gorizonti juda tor. Ular “bugun” va “hozir”nigina o‘ylashadi. O‘smirlikning jiddiyroq davriga qadam tashlar ekansiz, faqat bugun bilan yashamay, kelajak haqida ham o‘ylay boshlaysiz. Chunki “o‘smirlik” shaxs sifatida kamol topishingiz, hayotda o‘z o‘rningizni egallashingiz uchun muhim bosqichdir.

Bu davrda fe’l-atvoringiz tez-tez o‘zgarib turadi. Ba’zan o‘ta quvnoq, ko‘tarinki kayfiyatda yursangiz, ba’zan arzimagan muammolardan xafa bo‘lib qolasiz. Hech kim bu davrda xatolardan holi bo‘lmaydi. Goho noto‘g‘ri tashlagan qadamingizni “to‘g‘ri” deb, atrofdagilarni ham bunga ishontirmoqchi bo‘lasiz. Ba’zan esa, to‘g‘ri qadamlaringizdan ham qoniqmay, o‘zingizni shunchalar yomon ko‘rib ketasizki, faqatgina fe’l-atvoringiz emas, sochingizdan tirnog‘ingizning uchigacha tahlil qilib, o‘zingizni o‘zgartirmoqchi bo‘lasiz. O‘zgarish osonday tuyuladi-yu, lekin nimadir xalaqit qilib, xohlaganday natijalarga erishavermaysiz. Ayniqsa, otangiz yoki onangiz sizga yoqmasa ham “Falonchidan o‘rnak ol”, deb qaytaraversa-yu, o‘sha falonchi erishgan natijalarga siz erisha olmasangiz, o‘ta tushkun holatga tushib qolasiz. Bir narsa aytaymi? Ba’zi ota-onalar o‘smir bolasining murakkab fe’l-atvori shu davrga xos vujudda kechayotgan fiziologik o‘zgarishning tezlashuvi natijasini bilmaydi. Rostini aytsam, “Falonchiga o‘xshashingiz shart emas!” O‘zingizga o‘xshashga, o‘zligingizni yo‘qotmaslikka harakat qiling. Xatolarni esa o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan odamgina to‘g‘rilay oladi.

 

O‘g‘rigina bolam

 

Gohida ziyoli oila farzandlari, ba’zida esa o‘ziga to‘q yoki oddiy oilada o‘sgan bolalar ham o‘g‘irlik qilib turishadi.

Ba’zida ota-onangiz yetarlicha e’tibor qilolmaganida yoki sizga pul berolmaganida o‘zingizni tengdoshlaringizdan ortda qolgandek his etishingiz mumkin. Masalan, ayrim sinfdoshlaringizda telefon bor-u, sizda yo‘q. O‘rtog‘ingizning kiygan kiyimi ko‘zingizga chiroyli va qimmatbahodek ko‘rinishi mumkin. Atrofingizdagilarga o‘zingizni boy-badavlat ko‘rsatgingiz, maqtangingiz kelayotgandir. Sizga yetarlicha pul bermayotgani uchun “Ota-onam meni yaxshi ko‘rmaydi, e’tibor qaratmayaptimi, demak, meni tushunmaydi”, degan fikrga kelib qolishingiz mumkin. Siz yaxshisi, ota-onangizga tortinmay ko‘nglingizdan o‘tayotgan o‘ylaringizni ayting. Ota-onangizga ham oson emasligini tushunishga harakat qiling. Shuni unutmangki, doimo yonida puli bo‘ladigan, ularni osongina sovuradigan o‘smirlarning atrofida har doim ham “yaxshi do‘stlar” bo‘lavermaydi. Chin do‘stlar uchun cho‘ntagingizda qancha pulingiz borligi muhim bo‘lmaydi... O‘g‘irlik qilishning oxiri voy ekanligini, bunday ishlarning qonunan javobgarligi borligini yaxshilab bilib oling. Ayniqsa, “o‘g‘ri” degan tamg‘a sizni ancha paytgacha ta’qib qilib yuradi.

Huzurimga kirib kelgan ona yonida turgan 14 yosh o‘g‘liga ishora qilib uni oilaviy jamg‘armadan pul o‘g‘irlayotganlikda ayblab yig‘lab yubordi. O‘g‘irlik qilganini tan olib turgan tengdoshingizga soatlab nasihat qilishim mumkin edi. Biroq buning o‘rniga yigitcha bilan do‘stona suhbatlashgim keldi:

– Tan olaman, men ham qachonlardir o‘g‘irlik qilganman. Kitob do‘koniga kelgan yangi kitobga pul bermaganlari uchun, shig‘il meva qilib turgan kattakon limon ko‘chatini tuvagi bilan hech kimga bildirmay sotib yuborganman. Bundan xabar topgan dadam urishmadi, faqat “Attang, kitobni maoshimdan olib bermoqchi edim. Buni senga aytmaganim va hozir pulim yo‘q, deb gapni cho‘rt uzganim – katta xatoim bo‘ldi”, dedilar xolos. Shundan so‘ng dadam uyga yana limon ko‘chatlari olib kelib men va ukalarim qo‘liga tutqazdi. Hammamiz birgalikda limonlarni tuvaklarga, issiqxonaga ekib chiqdik. Ularni mehr bilan parvarishlay boshladik. O‘zim ekkan ko‘chatlarni tezroq katta bo‘lishini va sotib yuborilgan limonday hosil berishini shunchalar xohlar edimki, darsdan keliboq ishga kirishib ketar edim. Shundagina bir tup ko‘chatni katta qilish oson emasligi, men arzimagan pulga sotib yuborgan limonimizga dadamning ozmuncha vaqti, mehnati ketmaganini his qilib, uyalib ketganman. Dadam esa, o‘zimiz yetishtirgan limonlarni sotib, istaganimizcha kitob olishimizga ruxsat bergan. Hozir ham kitob javonimda o‘z mehnatim evaziga sotib olgan kitoblarim bor. Ularni judayam qadrlayman...

Qizarib ketgan yigitcha esa “Limon ko‘chatini bozordan topishimiz mumkinmi?” deb nimalarnidir xomcho‘t qilib, ko‘zlari porlab ketdi.

Biroq, shuni bilingki, hech qanday sabab o‘g‘irlikni oqlamaydi. Do‘stim, balki siz ham bildirib, bildirmay shunday xatoga qo‘l urgandirsiz. Bu yo‘ldan qayting! Tengdoshlaringiz orasidagi mavqeingizni qimmatbaho telefon, zamonaviy kiyimlar ko‘taradi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, yanglishasiz. Kimgadir tenglashib yoki ortiqroq bo‘lish uchun qilinadigan o‘g‘irlik – eng yomonidir. Chunki biz halollikni shior bilgan ajdodlarning avlodimiz. Hatto, eng og‘ir urush yillarida ham topganini teng baham ko‘rib, och qolsa-da, birovning haqiga xiyonat qilmagan bobolarga munosib bo‘lishimiz shart.

 

Joan Roulingni mashhur qilgan xato

 

Tahririyatga yuborilayotgan ijod namunalarini 3 ta shartli toifaga bo‘lish mumkin.

  1. Juz’iy kamchiliklarini to‘g‘rilab, chop etilishi mumkin bo‘lgan namunalar.
  2. Ijodkorga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, o‘z ustida ishlagandan so‘ng nashr etilishi mumkin bo‘lgan mashqlar.
  3. Umuman nashr etilishi mumkin bo‘lmagan sayoz ishlar.

Uchinchi toifada kelayotgan “ijodiy ishlar” mualliflari o‘z ustida ishlashni xohlamaydigan dangasalar bo‘lib, ba’zan “She’rimni (hikoya, maqola) chiqarmasangiz, portalga yozib yuboraman”, deb tahdid ham qilib qo‘yishadi. Sizni tushunaman. Aynan shu yoshda qalam tebratayotgan aksariyat yoshlar “Hammadan zo‘r yozayapman”, deb o‘ylaydi.

Keling, do‘stona suhbatlashaylik. “Garri Potterni” yozgan Joan Roulingni taniysiz-a? U haqida badiiy film ham ishlangan. Butun dunyo taniydigan buyuk britaniyalik yozuvchi, kinossenarist, kinoprodyusser, bir qator xalqaro mukofotlar sovrindori. Uning bolalar va o‘smirlar uchun yozgan “Garri Potter” asari dunyoning turli mamlakatlarida bir necha bor tarjima qilingan bo‘lib, 400 000 000 nusxadan ortiq sotilgan. Lekin kitoblari nashr etilib, mashhur bo‘lgunga qadar oliygohlarning birida ilmiy tarjimon va kotiba bo‘lib ishlagan. Joan Rouling o‘smirligida yozgan asarlaridan qoniqmagani uchun birorta ham jurnalga yubormagan. Maktab devoriy gazetasida yo‘l qo‘ygan birgina xatosidan uyalib, maktabdoshlari va ustozlaridan kechirim so‘ragan. Shundan so‘ng u har bir maqolasi ustida obdon ishlab, keyin bergan ekan. Balki u o‘z xatosini tan olmaganida, uni millioner qilgan o‘sha mashhur “Garri Potter” hech qachon yozilmagan bo‘larmidi.

Men ham o‘quvchiligimda ijod qilib turardim. Bir kuni “G‘uncha” jurnaliga ertakchamni jo‘natdim. Allaqayerdan tahririyat raqamini topib 2-3 marta qo‘ng‘iroq qilib, “Ertagim jurnalning qaysi sonida chiqadi?” deb qiziqdim. Xatolarimni tushuntirishga harakat qilayotgan muharrirga quloq ham solmay, obdan o‘zimni maqtadim. Maktab devoriy gazetasida she’r va ertaklarim chiqib turishi va meni hamma tanishini ham qistirib o‘tdim. Keyin esa tahrir hay’ati a’zosi, mashhur bolalar yozuvchisi Safar Barnoyevdan kelajagimni hal qilgan chiroyli xat oldim. Atigi to‘rt qatordan iborat javob xatida shunday deyilgandi: “Afsus, men sizday ertakchini butun dunyo tanishini xohlar edim. Shoshib yozilgan, me’yoriga yetmagan ish bilan esa faqat o‘z maktabidagina tanilish mumkin!”

Hozir yoshim 43 da. Bugunga qadar bolalar uchun yuzga yaqin ertaklar yozdim. 3 ta kitobim nashr etildi. Biroq, hali ham bolalar nashrlariga ijod namunalarimni yuborishdan tortinib turaman. Nazarimda, Safar Barnoyev hamon tahririyatda-yu, uning imtihonidan o‘ta olmaydigandek mustar bo‘laveraman. Lekin, butun dunyo taniydigan ertakchi bo‘lish uchun hamon izlanishdaman. Ertaklarimni tarjimonlarga ishonmay “Bir kuni o‘zim ingliz tilida yozaman” deb til o‘rganyapman.

Bolajonlar! Maslahatim, shoshqaloqlik qilmang. Izlanishdan, o‘rganishdan to‘xtamang. Hali hammasiga ulgurasiz! Sevimli shoirimiz bir she’rida yozganidek: “... Biz hali hammadan o‘zib ketamiz”.

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.