Darsliklar ixcham boʻlsa
2022-yil 5-sonda e’lon qilingan “Kerakli toshning og‘iri yo‘qmi?” nomli maqolada dolzarb mavzu ko‘tarilgan. Masalan, singlim 1-sinfni tugatdi. Uning darslik kitoblari katta va papkasiga arang sig‘ardi. Ba’zan, termos, tushlik va darsliklar bilan to‘lgan papkaning og‘irligidan yelkalari bukchayib qolardi. O‘zim esa 4-sinfni tugatdim. Darsliklarimdan tarbiya, texnologiya, ingliz tili katta hajmda. Dars soatlari ko‘p bo‘lganda, kitoblarni papkaga joylashga qiynalar edim. To‘g‘ri, darsliklar bilim manbai. Ammo, ular ixcham bo‘lsa, biz uchun har tomonlama qulay bo‘lardi.
Bilishimcha, qog‘oz tayyorlashda atrof-muhitni kislorod bilan ta’minlayotgan daraxtlardan foydalaniladi. Agar kitoblar ixcham bo‘lsa, tabiatga ham ko‘p zarar yetmasmidi?
Bahora TO‘RAYEVA,
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 4-maktabning 5-sinf o‘quvchisi