Umidlari ummon Umida
1-3-may kunlari Gretsiyaning Rodos shahrida shaxmatning “rapid” va “blits” yo‘nalishlarida o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro shaxmat akademiyasi o‘quvchisi Umida Omonova har ikkala tur bo‘yicha g‘olib bo‘lib, “Jahon chempioni” degan sharafli nomga ega bo‘ldi. 40 ta mamlakatdan kelgan 330 nafar sportchi orasida aynan yurtimiz vakilasi bu ajoyib natijaga erishdi!
Umida 2006-yil Surxondaryo viloyatining so‘lim go‘shalaridan biri bo‘lgan Sherobod tumanida tug‘ildi. Sherobodning go‘zal tabiati, sof havosi, viqorli tog‘lari unga doim kuch bag‘ishladi. Bu tog‘lar bag‘rida u matonatli, bardoshli, ko‘zlagan cho‘qqisini zabt etadigan qiz bo‘lib ulg‘aydi. Ularga qarab sinovlardan cho‘chimay, doim mag‘rur turishni o‘rgandi. U sevgan sport – shaxmatda ham matonat, mag‘lubiyatdan qo‘rqmaslik va tafakkur qilish juda muhim sanaladi. Yosh shaxmatchi Toshkent shahridagi 266-maktabning 9-sinfini bitirdi. Shu bilan birga xalqaro shaxmat akademiyasida ta’limni davom ettirmoqda.
– Besh yarim yoshda edim, – deydi Umida. – Kunlarning birida dadam menga “Kel, senga shaxmat o‘ynashni o‘rgataman”, – dedilar. Dadam bilan shug‘ullanar ekanman, bu sport turiga juda qiziqib qoldim va bir haftada uni o‘rganib oldim. Mendagi layoqatni sezgan dadam “Qizim, shaxmat bilan professional shug‘ullanishing kerak”, – dedilar. Shundan so‘ng onam meni ikki karra jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinov maktabiga olib bordilar. Ikki yil davomida Sirojiddin ustozimdan shaxmat saboqlarini o‘rgandim va musobaqalarda qatnasha boshladim. Har bir sportchi mag‘lubiyat alamini tatib ko‘radi. Umidaning ham aql gimnastikasida yengilgan paytlari bo‘ldi. Ko‘pchilik g‘alaba qozonishiga hatto ishonmas edi. Ammo, ota-onasining daldasi va ustozining har bir mag‘lubiyat ortida g‘alaba yotadi, degan o‘giti unga ishonch berdi. U o‘z ustida yanada jiddiyroq shug‘ullana boshladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2016-yildan Toshkent shahrida Bolalar va o‘smirlar shaxmat maktabi ta’sis etildi. Umida ustozi Sirojiddin aka bilan ushbu maktabda mashg‘ulotlarni davom ettira boshladi. 2019-yildan bu maktab Xalqaro shaxmat akademiyasiga aylantirildi.
2016-yil Toshkent shahrida 11 yoshgacha maktab o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi. Bu Umida uchun juda muhim bo‘lib, musobaqada g‘alaba qozonishni maqsad qilgan edi. Qat’iyat va tinimsiz mehnat samara berib, u O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Endi esa uni jahon chempionati kutardi. Shu yil Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Jahon chempionatida terma jamoa tarkibida qatnashdi va jamoa bilan birgalikda oliy o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Jahon chempionatidan qaytgach, Umidaning professional sportchi sifatidagi hayoti boshlandi. Ketma-ket mashg‘ulotlar, xalqaro musobaqalarga qatnashar, maktab darslari ham chetda qolmasdi. 2017-yil Xitoyning Panjin shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ikkita oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritib, sport ustaligiga nomzod talabini bajardi. Bu musobaqadan keyin Umidaga katta ishonch bildirildi va u O‘zbekiston terma jamoasi a’zosiga aylandi. 2018-yil Belorussiyaning Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 12 yoshgacha qizlar o‘rtasida qatnashib, yana bir bor jahon chempioni bo‘ldi.
Shuningdek, Tailand, Shri-Lanka, Ispaniya, Turkiya, Qirg‘iziston davlatlarida o‘tgan yirik musobaqalarda ham faol qatnashib, faxrli natijalarga erishdi. Shu kungacha 9 karra Osiyo va 4 karra Jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari sabab u ta’lim olayotgan shaxmat akademiyasida Xalqaro sport ustasi Yegin Vladimir Nikolayevichning “Oliy sport mahorati” guruhiga o‘tkazildi. 2018-yil Xalqaro shaxmat federatsiyasi FIDE reytingida 14 yoshgacha qizlar o‘rtasida dunyoda ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Oradan bir yil o‘tib, Umidaga “Xalqaro FIDE ustasi” unvoni berildi va O‘zbekiston tarixida ayollar o‘rtasidagi “Eng yosh FIDE masteri” deya e’tirof etildi.
– Shaxmatda 20 ta yurishni oldindan ko‘ra olaman, – deydi u. – Bejizga bu sport turini “aql gimnastikasi” deyishmaydi. Sababi, u matematika, algebra fanini yaxshi o‘zlashtirishga yordam beradi; fikrlashni, dunyoqarashni kengaytiradi.
Jussasi kichkina, nigohlari tiyrak Umida Sherobodning polvonlar naslidan. Ko‘zlagan maqsadiga yetmaguncha to‘xtamasligi, zukkoligi bobolaridan meros bo‘lsa, ajab emas. 2021-yilda uning bilimi, mehnati munosib taqdirlandi. Sport yo‘nalishida “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi. O‘ylaymizki, bu rag‘bat uning yangi erishadigan g‘alabalari uchun zamin bo‘ladi.
U garchi yosh bo‘lsa-da, maqsadi katta – kelajakda xalqaro grossmeyster bo‘lmoqchi, yana O‘zbekiston bayrog‘ini jahon arenalarida munosib himoya qilmoqchi. Biz maqsadi sari dadil qadam tashlayotgan Umida Omonovaga bu yo‘lda ulkan zafarlar hamroh bo‘lishini tilab qolamiz!
Dilafro‘z ZAYNIYEVA