Do‘stlik g‘olib
Odatda, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari “Kimning sinfi kuchli?”, “Kim zo‘r?” deb tortishishadi. Afsuski bunday tortishuvlar ba’zan janjallashishgacha yetib boradi.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 193-maktab bolalari bu muammoni hal qilishning juda antiqa, juda zavqli yo‘lini topishibdi. Bu qanaqa usul ekan, deysizmi?
Mard maydonda sinaladi, degan xalq maqoliga amal qilgan ko‘kchalik bu bolalar kuchlarini “Tinch va obod yurtning farzandlari sog‘lom bo‘ladi” degan ezgu shior ostida sinovdan o‘tkazishdi.
Bunday halol bellashuvga tumandagi 75-maktabning faxriy murabbiylari Jo‘ra Rahimov, Bahodir Mirzajonov, 193-maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi O‘tkir Haydarov (darvoqe, sportchi bolalar bellashuvni ushbu maktabda uzoq yillar jismoniy tarbiya darsidan saboq bergan ustoz To‘lqin Haydarov xotirasiga bag‘ishlashdi), boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari Komil Zufarov, Abdug‘afur Safiyevlar hakamlik qilishdi.
Eng muhimi, to‘p, halqa, lentalar orqali qanchalik chaqqon va epchilliklarini, arqon tortishishda esa bilaklaridagi kuchni namoyish qilishdi. G‘oliblar “Eng chaqqon sinf”, “Eng epchil sinf”, “Eng polvon sinf”, “Eng ahil sinf”, “Eng chopqir sinf”, “Eng harakatchan sinf” nominatsiyalari talablari bilan saralandi.
Yosh sportchilarning g‘ayrat va shijoatiga qoyil qolgan Umidjon Haydarov (To‘lqin Haydarovning o‘g‘li) ularni g‘alaba bilan qutlab 36 ta futbol to‘pi, 36 ta shaxmat va shashka jamlanmasini sovg‘a qildi.
Aytmoqchi, endi bolalar “Kim zo‘r?” degan savolning javobi “Do‘stlik” ekanligini aniq bilishadi.
Manzura UBAYDULLAYEVA