Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yaqinlaringizga guldasta tuting

Poytaxtimizning T. Shevchenko nomli ko‘chasidan o‘tayotib zamonaviy ko‘rinishdagi oynavand do‘konda noan’anaviy dastalangan gullarga ko‘zim tushdi. Guldastani go‘yo o‘zga sayyoradan kelgan sehrgar yasaganga o‘xshar edi. Yaqindan tikilib qaradim. “Rostdan ham tabiiy gullarmi yoki sun’iymi?” deb savol berdim o‘zimga. Bu savollar meni “Infinity” deb nomlangan do‘kon ichkarisiga yetakladi. Ostonadan o‘tishim bilan dimog‘im xushbo‘y atirlar iforiga to‘ldi. Noyob guldastalar esa o‘zga olamning sirli mo‘jizasidek edi. Ana shu mo‘jizani “Gulxan” muxlislariga ham ilingim keldi.

– Bu gullar “Infinity” turkumiga kiradigan Gollandiya atirgullaridir. Ular buyurtma asosida samolyotda Gollandiyadan olib kelinadi. Men esa gullarning har bir dastasini xaridorlar uchun alohida ko‘rinishda qadoqlayman, – deydi florist, ya’ni gulchi yigit Emil Samedov. Uning aytishicha, Gollandiya gullari o‘zgacha parvarishni talab qilar ekan. Maxsus ishlov berib barqarorlashtirilgan guldastalar uch yilgacha so‘limas ekan. Buni qarang-a, ildizi yo‘q, butog‘idan qirqib olingan gullar uch yil bemalol yashnab turaversa-ya?...

– Gullarning sovuq havoda bir xil darajada saqlanadigan turlari bor. Maxsus ishlov berilmagan guldastalar esa ikki haftagacha o‘z ko‘rinishi va iforini yo‘qotmaydi, – deb so‘ziga yakun yasadi gulchi yigit.

Floristga beradigan savollarim juda ko‘p edi. Lekin do‘kondagi guldastalarni suratga tushirib olganim bois uning vaqtini olmadim. O‘ylaymanki, sahifadagi betakror, noyob guldastalar surati barcha savollarimizga javob bo‘ladi.

 

  1. Otaboyeva

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.