Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Halima Xudoyberdiyeva

O‘zbek adabiyoti, she’riyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan hassos shoira Halima Xudoyberdiyeva 1947-yil 17-mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida dehqon oilasida dunyoga keldi. O‘rta maktabni tugatgach, Toshkent davlat universitetiga kirib o‘qidi. 1975–1977-yillarda Moskvadagi oliy adabiyot institutida tahsil oldi. Mehnat faoliyatini Yoshlar nashriyotida boshlagan shoira 1972-yilda respublika xotin-qizlarining sevimli jurnali “Saodat”ga ishga keldi. Bu yerda adabiy xodim, bo‘lim mudiri, bosh muharrir lavozimlarida ishlab, tajribasini oshirgach u 1982–1994-yillarda jurnalga bosh muharrirlik qildi. 1990–94-yillarda esa O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ham faoliyat ko‘rsatdi. Shoira “Yozuvchi” nashriyoti, “Sanam” jurnali, “XX asr” gazetalarida ham samarali faoliyat yuritdi.

Halima Xudoyberdiyevaning ilk she’rlari o‘quvchilik chog‘larida Yangiyer tuman gazetasida bosilgan. Shundan keyin “Ilk muhabbat” (1968), “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch tog‘larim” (1976), “Bobo quyosh” (1977), “Issiq qor” (1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Bu kunlarga yetganlar bor”, “Hurlik o‘ti” (1993), “To‘marisning aytgani” (1996), “Yo‘ldadirman” (2005), “Qanotsiz qushlar” (2009) kabi o‘nlab she’riy kitoblari nashr etildi.

Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek she’riyatiga samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar – sevgi va sadoqat, mehr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. U dastlabki she’riy to‘plamlaridan boshlab o‘z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularni nafaqat jamiyatning to‘laqonli va faol a’zolari, balki uning ko‘rki va bezagi ekanligini uqtirishga intildi.

Shoiraning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. Halima Xudoyberdiyevaga 1992-yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni berilgan. Davlat mukofoti laureati, betakror iste’dod egasi Halima Xudoyberdiyeva 2017-yilda samarali mehnatlari uchun vatanimizning “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.

Halima Xudoyberdiyeva 2018-yil 17-avgustda Toshkent shahrida vafot etdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.