Imkoniyatlar eshigi
Yaqinda Prezidentimiz rahbarligida “Yoshlar bilan ishlashni samarli tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqtirish bo‘yicha beshta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan masalalar qizg‘in muhokama qilindi va quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:
1) yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish;
2) yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish masalalari;
3) aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish;
4) aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha;
5) xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashni tizimli tashkil etish.
Bu tashabbuslarni yaxshilab o‘rganib chiqsangiz, ular siz o‘quvchilarga yanada yangi imkoniyatlar eshigini ochishini bilib olasiz. Endi siz o‘z qiziqishingizga qarab yoki qobiliyatingizni sinab ko‘rish uchun avvalo maktabdagi to‘garaklarga qatnashishingiz mumkin. Maktabda to‘garak bo‘lmasa, tuman, viloyatdagi “Barkamol avlod” markazidagi o‘zingiz istagan to‘garakka a’zo bo‘lasiz.
Yuqorida sanab o‘tilgan tashabbuslar bo‘yicha Sirdaryo va Namangan viloyatlarida amalga oshirilgan ezgu ishlar xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi. Shahar va tumanlarga badiiy kitoblar, sport-sog‘lomlashtirish anjomlari, musiqa cholg‘u asboblari ortilgan “Ma’rifat karvonlari”ning kirib borishi katta bayramga aylanib ketdi.
Farg‘onada ikkita biblioavtobus, ya’ni ko‘chma kutubxona ish boshladi. Bu avtobuslar viloyatning chekka hududlarida kitobxonlarga kutubxona va savdo xizmati ko‘rsatadi. Biblioavtobuslarning har biriga 1500 donadan badiiy va ilmiy-ma’rifiy kitoblar joylashtirilgan. Unda Wi-Fi tarmog‘i bo‘lib, foydalanuvchilar kitoblarning elektron variantini o‘z telefon, planshet, fleshkalariga bepul yuklab olishlari mumkin.
O‘qiyman, o‘rganaman degan odamga ana sharoit-u mana imkoniyat!
Prezidentimiz ilgari surgan “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasini o‘tkazish orqali barcha rahbarlar, ziyolilar tomonidan o‘zi ta’lim olgan maktabga o‘n donadan kitob sovg‘a qilishini tashkil etish haqidagi taklifni xalqimiz mamnuniyat bilan kutib oldi. Tashabbusni mamlakatimiz bosh vaziri Abdulla Aripov boshlab berdi. A.Aripov Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-maktabga shaxsiy kutubxonasidan 82 ta kitob sovg‘a qildi. Shuningdek, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi o‘zi o‘qigan 9-maktabga ham kitoblar to‘plamini taqdim etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov esa Toshkent shahridagi 22-maktabga kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.
Bu ezgu loyihaga hozirda mamlakatimizning turli soha vakillari, keng jamoatchilik bosh qo‘shib, qisqa vaqt ichida maktab kutubxonlarini 200 mingdan ortiq kitob bilan boyitishdi.
Tahririyat pochtasiga kitob aksiyasi hamda tashabbuslarning amaliy ifodasi haqidagi ma’lumotlar kelib turibdi. O‘ylaymizki, siz o‘quvchilar ham bu imkoniyatlarga munosib javob berasiz, yurtimizdagi o‘sish va yuksalishlarga o‘z hissangizni qo‘shasiz.