Dunyoni o‘zgartirgan raqamlar
800-yillarning boshlari, Xiva. O‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi madrasa talabasi Muhammad darsxonasida arab tilida bitilgan “Sindihind” nomli kitobni mutolaa qilib o‘tirardi. Bolaligidan o‘tkir zehnli, matematika, geografiya, tarix fanlariga o‘zgacha mehr qo‘ygan bu yigit astronomiyaga ham befarq emasligini hozir o‘qiyotgan kitobidan bilib olish mumkin edi. Kitobning yarmiga yetganda, Muhammad xatcho‘pni uning orasiga soldi va lavhning ustida qoldirib, xayolga toldi.
Nima qilsa ekan: “Sindihind” – oddiy asar emas. U hind olimi Braxmagupta tomonidan 628-yilda bitilib, 772-yilda arab tiliga tarjima qilingan mashhur asar. Zamona olimlari uchun eng zarur astronomik qo‘llanma, madrasalarda asosiy darslik sifatida foydalanilmoqda. Biroq unda oddiy o‘quvchi tugul, ilm bilan mashg‘ul kishilar ham tushunishga qiynaladigan iboralar ko‘p, qolaversa, ayrim joylarida xatolar ko‘zga tashlanadi.
Shu paytgacha ancha-muncha kitoblarni o‘qib-o‘rganib, fanning turli sohalarida mullo bo‘lib qolgan Muhammad, mutolaani tugatgach, nihoyat, bir qarorga keldi: asarni albatta tahrir qilib (xatolarini to‘g‘rilab) chiqadi, kerak bo‘lsa, o‘zi anchadan beri o‘ylab yurgan ilmiy mushohadalarini qo‘shib, kitob mazmunini boyitadi...
Tarixiy manbalarda ulug‘ qomusiy olim, matematika, geografiya va boshqa ko‘plab fanlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan alloma, algebra fanining asoschisi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning dastlabki yirik ilmiy ishlaridan biri sifatida astronomiyaga oid “Siddxanta” (arab tiliga “Sindihind” deb o‘girilgan) asarini tahrir qilib, to‘ldirib, mazmunan boyitgani ko‘rsatiladi. Aytishlaricha, Xorazmiy unga bir necha bob qo‘shgan, muallif yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatib, murakkab iboralarni soddalashtirgan va butunlay yangilangan kitobga “Qisqacha sindihind” deb nom bergan. Yosh olimning bu ezgu ishini o‘z davrining ilmparvar kishilari quvonch bilan qabul qilganlar.
Dastlabki asari astronomiyaga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, buyuk vatandoshimiz nomi matematik va geografik kashfiyotlari bilan olamga mashhur bo‘ldi.
Amerikalik fan tarixchisi Jorj Sarton Xorazmiyni “O‘z zamonasining eng buyuk matematigi, agar barcha holatlar e’tiborga olinsa, barcha zamonlarning eng buyuk matematiklaridan biri” deya e’tirof etadi. Allomaning ulkan ilmiy merosini o‘rgangan fransiyalik Jan Reyno ham bobokalonimiz faoliyatiga g‘oyat yuksak baho bergan. Lotincha kitoblarda “Algoritmus”, “Alxoarismus” tarzida keltirilgan nomlar aslida o‘rtaosiyolik Al-Xorazmiy ismining buzilgan shakllaridir, deya, 1849-yildayoq u yevropalik va amerikaliklarga haqiqatni anglatgan edi.
Aziz o‘quvchilar! Bugun har biringiz yashayotgan xonadonda televizordan tortib, eng zamonaviy kompyuter, qo‘l telefonlarigacha bor. Ayniqsa, yangi chiqayotgan planshetlar, ayfon-u smartfonlar bajarayotgan funksiyalar (vazifalar)ni sanab, adog‘iga yetish qiyin... Xo‘sh, hech o‘ylab ko‘rganmisiz, mana shu texnika vositalarining asosida nima yotadi? Yashang! Albatta, matematika! Aniqroq aytganda, ularning ishlash jarayoni oddiy algoritmga asoslangan. Ya’ni insoniyat keyingi ikki asrda qanday olamshumul texnik taraqqiyotga erishgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy kashf etgan matematik nazariyani amaliyotga tatbiq qilgan holda erishdi.
Bugun siz maktabda o‘rganayotgan algebra fanining nomi aslida “Al-jabr” ekanini yaxshi bilasiz. “Al-jabr” – Al-Xorazmiyning “Al-jabr val-muqobala haqida qisqacha kitob” nomli algebraik asarining muxtasar (qisqa) shaklidir. Alloma arifmetikaga doir “Qo‘shish va ayirish haqida kitob”, geografiyaga bag‘ishlangan “Kitob suratul-arz” (“Yer surati haqida kitob”), astronomiyaga oid “Zij”, “Asturlob bilan ishlash haqida kitob”, “Asturlob yordamida azimutni aniqlash haqida kitob”, “Asturlob yasash haqida kitob”, “Tarix kitobi” singari 20 dan ortiq asarlar muallifidir. U zotning ayniqsa, algebraik va arifmetik risolalari insoniyat hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Chunki ular orqali butun dunyo murakkab matematik amallarni sodda, tushunarli uslubda bajarish yo‘lini o‘rganib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
Al-Xorazmiyning arifmetik risolasi XII asrda Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilingach, yevropaliklar bebaho xazinani qo‘lga kiritgandek quvondilar. Chindan ham, ular uchun o‘zbekistonlik olim taklif etayotgan bilim oltin-u javohirlardan qimmatliroq edi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Qo‘shish va ayirish haqida kitob”ning lotin tilidagi tarjimasining bundan yetti asr muqaddam ko‘chirilgan yagona nusxasi Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanadi. Risola “Diksit Algorizmi”, ya’ni “Al-Xorazmiy aytdi” iborasi bilan boshlangan. Asarda Xorazmiy to‘qqizta raqamning sonlarni ifodalashdagi afzalligi, shunday qilinsa, har qanday sonni ham lo‘nda qilib ifodalash mumkinligini aytadi. Bu Yevropa xalqlari uchun yangilik edi. Chunki ular shungacha Rim raqamlaridan foydalanar, bu raqamlarning imkoniyati cheklangani bois, turli hisob-kitoblarda katta mashaqqatlarga duch kelishardi. Bobomiz 0,1, 2,3, 4,5, 6,7, 8,9 raqamlarining yozilishini batafsil bayon qilib, uning qulayliklarini, ayniqsa, “0” raqamini ishlatishning ahamiyatini alohida zikr etadi.
“Sonlarni ifodalashda hech qachon “nol”ni unutmang”, aks holda hisob-kitobda adashib ketasiz, deb ogohlantiradi. Bugungi zamon kishisiga bu oddiy holdek tuyular balki. Biroq haqiqat shuki, dunyo ahli ilm-ma’rifatning, xususan, matematikaning juda ulkan imkoniyatlarga ega ekanini aynan Xorazmiy asarlarini o‘qib angladi va bugungi taraqqiyotga yetishdi.
Ushbu maqolani yozib, sahifaga joylashtirayotganimizda ajoyib xushxabar oldik. Singapurda turli mamlakatlarning 780 nafar eng iqtidorli o‘g‘il-qizlari o‘rtasida matematika bo‘yicha xalqaro musobaqa (Singapore International Math Olympiad Challenge – 2016) o‘tkazilib, o‘zbekistonlik besh nafar maktab o‘quvchisi – Abdurahim Oripov, Muhammadamin Rahmonberdiyev, Abdulla G‘ayratullayev, Marina Ten va Vladislav Galperinlarning har biri oltin medalga sazovor bo‘ldi!
Guruhlarga bo‘lingan saralash bosqichida ishtirokchilar rebus va matematikadan vazifalar yechishibdi. Dastlabki saralashdan so‘ng o‘z bilimi darajasi bilan boshqalardan ajralib turadigan o‘quvchilar final bosqichida qatnashib, yakunda ishtirokchilarning yoshlariga qarab sovrindorlar aniqlanibdi.
O‘zbekistonlik mazkur besh nafar g‘olibdan tashqari yana ko‘plab tengdoshlaringiz kumush, bronza va jamoaviy mukofotlarga ham sazovor bo‘lishdi.
Bu yoqimli mujda (xabar)dan so‘ng, dono xalqimizning “Oqqan daryo oqaveradi” degan purhikmat maqoli yodimizga tushdi. Ha, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi betakror allomalar zabt etgan ilm-fan cho‘qqilari sari ularning bugungi avlodlari ham dadil odimlashmoqda.
Elmurod NISHONOV