Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dutor bilan dillashib

Rivoyat qilishlaricha, dutorni birinchi boʻlib Qambar bobo ismli mashhur ovchi va musiqachi tut daraxti boʻlagidan yasagan ekan. Dastlab uchta dutor yasab, ularni chalib koʻrgan. Har biri turfa ovoz chiqarganidan hayratlangan. Ulardan biri barglarning shivirlashiga oʻxshash yengil ohang taratgan boʻlsa, boshqasi togʻ aks-sadosi singari yangragan, uchinchisi esa suvning jildirashi kabi ovoz chiqargan. Shunda usta yogʻochlarni turli joylarda oʻsgan tut daraxtlaridan olganini eslaydi. Birini bogʻdagi, ikkinchisini togʻ darasidagi, uchinchisini esa soy boʻyidagi tutdan olgan edi. Har bir daraxt oʻz atrofidagi tovushlarni jamlagan. Ustaga suv boʻyida oʻsgan daraxtdan yasalgan dutorning ohangi koʻproq yoqadi va u yerga yuz yildan keyin kesib olishni vasiyat qilib, yosh tut novdasini ekadi.

Oʻshandan buyon, dutor tut daraxtidan, uning torlari esa ipakdan yasaladi. Shu nom bilan atalishi, bir maʼlumotga koʻra, tuttor – tutli tor yana boshqa maʼlumotga koʻra, dutor soʻzidan olingan. “Dutor” forscha soʻz boʻlib, “ikki tor”, degan maʼnoni anglatadi.

U oʻzbek anʼanaviy chertim cholgʻu sozlaridan biri. Uzoq oʻtmishdan xalq ijrochilik amaliyotida munosib oʻrin egallab kelayotgan yetakchi cholgʻular qatoriga kiradi. Bugun bobolar anʼanasini davom ettirib, dutor bilan doʻstlashgan, unda mumtoz musiqalarni jaranglatib chalayotgan, “Shashmaqom” kuylarini ijro etayotgan, sanʼatga oshufta qiz Tursunoy Laminova haqidagi hikoyamizni sizga ham ilindik.

Tursunoy Oʻzbekiston davlat Konservatoriyasi qoshidagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi oʻquvchisi. “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyot festivali Toshkent viloyati bosqichida anʼanaviy dutor yoʻnalishida gʻolib boʻlgan. “Shashmaqom nihollari” tanlovining respublika bosqichida 1-darajali diplom bilan taqdirlangan. Qahramonimiz hozirjavob suxandon, yozgan sheʼrlari bilan ham litsey tadbirlarida faol ishtirok etadi.

– Dutor sirlarini oʻrganish oʻquvchidan ishtiyoq va sabrni, koʻproq mehnat qilishni talab qiladi, – deydi Tursunoyning ustozi dotsent Iqbol Toshpoʻlatova. – Baʼzida tinimsiz mashgʻulotlar, bir xillik endigina mashq qilishni boshlagan oʻquvchini charchatadi, qiziqishini soʻndiradi.

Tursunoyda ham shunday holatlar sezilib qolardi. Shunda Iqbol opa ustoz sanʼatkorlarning umr va ijod yoʻli, hayotiy tajribalari haqidagi qiziqarli misollarni gapirib berdi. Tursunoy koʻproq mashq qiladigan, vazifalarni puxta tayyorlab keladigan boʻldi. Harakatlar behuda ketmadi. 2017-yilda sozanda qiz Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi respublika tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. 2018-yilda esa Italiya shahrida oʻtkazilgan “Concorno Musicale Internarinale III” hamda “Primavera romana” festivallarida dutor va anʼanaviy xonandalik yoʻnalishida 17 ta davlat ishtirokchilari orasidan faxrli 1-oʻringa loyiq deb topildi.

– Ikki yoʻnalishda ham gʻolib boʻlishimni rosti, kutmagan edim. Natijalar eʼlon qilingach, hayajondan yigʻlab yuborishimga oz qoldi. Italiyada oʻn kun boʻldik. Rimning diqqatga sazovor joylariga, qadimda gladiatorlar jangi oʻtkazilgan Kolizey maydoniga bordik. Ammo, qanchalik betakror boʻlmasin, ularning hech biri ona yurtimizga teng kelolmas ekan, – deydi Tursunoy.

Yosh boʻlsa-da, koʻplab tanlovlarda gʻolib boʻlayotgan, qalbida milliy cholgʻularimizga cheksiz muhabbat ildiz otgan Tursunoyga barchamizning farzandimiz oʻxshasin, deb niyat qildim. Undan kelajak rejalari haqida soʻraganimda, “kelgusida Oʻzbekiston davlat Konservatoriyasiga kirib oʻqiyman. Ustozlarimdan milliy boyligimiz “Shashmaqom”ni mukammal oʻrganib, mumtoz musiqani kelgusi avlodga asl holicha yetkazib berishga hissa qoʻshmoqchiman”, deb javob berdi.

Sozanda qizning ustoz-shogird anʼanasini davom ettirishiga, maqsadiga yetishishiga tilakdoshmiz. Orzularing osmonida parvoz etaver, Tursunoy!

 

Dilafroʻz ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.