Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bekatdagi bahslashuv

Bekatda avtobus kutayotgan bolalarning shovqin-suronlari, oʻzaro suhbatlari beixtiyor qulogʻimga chalindi. Katta yoʻldab oʻtib kelayotgan ikkita koʻzoynakli oʻquvchini koʻrishi bilan boyadan beri tinmay gapirayotgan bola oʻrindiqdan sakrab tushdi-da, sal narida turgan oʻrtogʻiga baqirdi, – Aziz, ana, boyagi maqtanchoq toʻrtkoʻz kelyapti oʻziga oʻxshagan koʻzoynak bilan.

– Oʻchir ovozingni, baqaloq! Nega oʻrtogʻimni koʻzoynak deysan? – jahli chiqib baqirdi bir chekkada ularga qarab turgan novcha bola.

– Voy, naynov, sen nega jirillaysan, senga gapirganim yoʻq-ku?

– Meni gapirmagan boʻlsang oʻrtogʻimni gapiryapsan, qoraqargʻa...

Bitta maktabda oʻqib turib jamoat joyida bir-birlarini bunday xunuk laqablar bilan atayotgan, ogʻziga kelgan gap bilan behurmat qilayotgan bolalardan juda xafa boʻlib ketdim. Ularni maktab oʻquvchisi deyishga tilim bormadi. Axir maktab koʻrgan, ustoz sabogʻini olgan bolalar ham shunaqa beodob boʻladimi?

– Yaxshi emas, bir maktabda, hatto bir sinfda oʻqir ekansiz. Bir-biringizga begona emassiz. Sinfdosh, sirdosh bolalar ham shunaqa boʻladimi? Kim aytadi sizlarni kattani hurmat, kichikni izzat qiladigan oʻzbekning bolasi deb? Axir birovning kamchiligi ustidan kulish yaxshi emas-ku. Xudo koʻrsatmasin ertaga oʻzingiz ham... (men xayolimdan oʻtgan gapni aytgim kelmadi). Hademay maktab davringiz oʻtib ketadi. Bir-biringizni izlab ham topolmay qolasiz. Ulgʻayib, esingiz kirganida koʻcha-koʻyda uchrashib qolsangiz, bir-biringizni koʻzingizga qanday qaraysiz? Balki hozir sen “koʻzoynak” deb masxara qilgan oʻrtogʻing ertaga yurtimizning mashhur kishilaridan biriga aylanar, ehtimol, kelajakda bir ishxonada ishlab qolarsiz.

– Opa, biz hammamiz bitta mahallada, koʻpchiligimiz bitta koʻpqavatli uyda yashaymiz, parallel sinflarda oʻqiymiz, – dedi gaplarimga quloq solib turgan oʻn ikki, oʻn uch yoshli qiz. Bugun tarixdan sinflararo “Bilimlar bellashuvi” boʻlgandi. Shunda Botirni sinfi yutqazib qoʻydi. Oʻshanga alami chiqib...

– Hech ham alam qilgani yoʻq, koʻrasan, keyingi matematika bellashuvida biz yutamiz, – dedi Botir shosha-pisha.

– Ha barakalla, bu boshqa gap. Mard maydonda sinaladi. Bellashuv sizni bilimingizga sinov boʻlibdi. Yana izlanishga undabdi. Shunday ekan, nima qilasizlar bunchalik qoʻpollashib. Sizdek chiroyli bolalarga boyagi laqablar yarashadimi? Shu ahvolingizni oʻqituvchilaringiz yoki ota-onangiz koʻrsa nima deydi? Darrov bir-biringizdan uzr soʻrang.

Bolalar bir-birlariga qarab nimadir deyishmoqchi edi, ular kutayotgan avtobus kelib qoldi. Qarang, yashash joylariga ham bitta avtobusda boradigan, bitta mahallada yashab, bitta maktabda oʻqiydigan bolalar nega shu paytgacha qon-qarindosh, aka-singil, opa-uka boʻlib ketishmadiykin? Balki unga arzimagan bahonalar sababmikin? Men bolalarning avtobusga birin-ketin shoshmasdan, bir-biriga yoʻl berib chiqishayotganini koʻrib, ular orasidagi adovat yoʻqolganini sezganday boʻldim. Ular avtobus oynasidan qoʻl silkib men bilan xayrlashishdi...


Muhabbat HAMIDOVA

 

Qadrli jurnalxon, oʻylab koʻring-chi, siz sinfdosh yoki maktabdoshingiz bilan qanday munosabatdasiz? Balki sizning orangizda ham... Xatlaringizni kutamiz.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.