Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qalblarni zabt etgan millioner

Bolalar, xabaringiz bor, respublika oʻquvchilarining sevimli nashri – “Tong yulduzi” gazetasi bu yil toʻqson yosh bilan toʻqnashib, zavqi oshib, kuchi toshib, yanayam gʻayrat va shijoat bilan faoliyat koʻrsatyapti. Sirayam-sirayam 90 yoshga oʻxshamaydi. Har bir sahifasi zamon bilan hamnafas, har sonida xushxabar, yurtimiz oʻquvchilarining dunyo miqyosida erishayotgan yutuqlaridan hikoya qiluvchi chiroyli lavha, maqolalar... Adabiyotimizga gurullab kirib kelayotgan ijodkor yoshlarning mashqlaridan namunalar, ularga bildirilgan ishonch va tilaklar... Gazeta sahifalarini oʻqigan kishi qalbida yorugʻlik, kelajagimizga ishonch uygʻonadi. Shunday boʻlishi ham kerak. Negaki, gazetaning zuvalasi ana shunday ezgulikdan qorilgan.

“Tong yulduzi” mana salkam bir asrdan buyon Oʻzbekistonimiz kelajagi boʻlgan millatimiz bolalari qalbida ona Vatanga muhabbat, xalqiga sadoqat, mehnatsevarlik va halollik kabi yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Sharqona axloq-odob, ilm-u maʼrifat saboqlaridan tashqari hayotning barcha jabhalaridan, hali darsliklarga kirib ulgurmagan jahonshumul yangiliklardan tortib, ona sayyoramizning turli mamlakatlarida sodir boʻlayotgan voqea-hodisalardan ham xabardor qiladi.

Eng quvonarlisi, xalqimizning suyukli ijodkorlari Gʻafur Gʻulom va Abdulla Qahhordan Odil Yoqubovgacha, Erkin Vohidov va Abdulla Oripovdan Halima Xudoyberdiyevagacha ilk hikoya va sheʼrlari shu gazetada nashr qilingan. Gazeta oʻz kasbiga sadoqat bilan mehnat qilgan va bugungi kunda ham gʻayrat bilan qalam tebratayotgan taniqli ijodkorlar Ikrom Oʻtbosarov, Abdusaid Koʻchimov, Shohrux Akbarov, Turop Niyoz, Shoyim Boʻtayev, Temur Eshboyev, Gulchehra Aliboyeva, Feruza Adilova kabi yuzlab jurnalistlarga mehribon va talabchan ustozlik qildi.

Bir paytlar bolalar gazetasiga “millioner” deb havas qilishardi. Chunki u million nusxada chop etilardi. Millionlab xonadonlardagi katta-yu kichik uchun birday ardoqli edi.

Biz bir hammaslak tengdosh doʻst sifatida, ustozlar oʻgiti va anʼanasini davom ettirib, ana shu marra sari dadil odimlayotgan, butun imkoniyat va bilimini mustaqil vatanimizning zukko oʻquvchilariga manzur boʻlishga sarflayotgan gazeta tahririyatining bugungi jamoasini qutlugʻ yosh bilan qutlaymiz. Ezgu maqsadlari roʻyobini tilab qolamiz.

 

“Gulxan” jamoasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.