Yurak amri bilan
Bugun oʻzining tabarruk 60 yoshini nishonlayotgan isteʼdodli jurnalist Qosimjon Soʻpiyevni “Gulxan” muxlislari juda yaxshi taniydi. Bu mehnatkash, fidoyi jurnalist bir necha yillardan buyon tabiat, dunyo moʻjizalari, hayvonot olami haqidagi qiziqarli maqolalari bilan jurnalimizda qatnashib keladi. U chorak asrdan koʻproq Oʻzbekiston televideniyesining turli kanallarida faoliyat yuritdi. Uning muallifligida efirga uzatilgan “Olamga sayohat”, “Biz bilgan va bilmagan dunyo”, “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni”, “Menga soʻz bering” singari turkum koʻrsatuvlarni tomoshabinlar sevib tomosha qilgan. Qosimjon aka Xalqaro turkiy xalqlar festivali, Malayziyaning 50 yillik bayrami, Odessa, Minsk shaharlarida oʻtkazilgan televizion filmlar festivallarida qatnashib, qator sovrinlarni qoʻlga kiritgan. Jurnalist sifatida koʻplab xorijiy mamlakatlarda boʻlib, ularning tarixi, madaniyati, tabiati haqida hikoya qiluvchi koʻrsatuvlar tayyorlagan, kitoblar yozgan.
“Jurnalist deganda, xalqimiz koʻz oʻngida el-u yurt quvonch va tashvishlariga sherik, doimo yangiliklar izidan yuruvchi behalovat inson namoyon boʻladi. Shu bois odamlar matbuot, radio va televideniyega katta umid bilan qaraydilar”, deyiladi jurnalist kasbiga taʼrif berilganda. Darhaqiqat, sahifamiz qahramoni ham doimo el-yurt dardi bilan yashagan, xizmat safarlari chogʻida nafaqat televideniyega, balki gazeta va jurnallar uchun ham xalqimizga, farzandlarimizga muhim, qiziqarli deb bilgan maʼlumotlarni oʻrganib, toʻplab kelgan va tahririyatlarga topshirgan. Qosimjon akaning “Timsoh qasosi yoki oq timsoh afsonasi”, Malayziya bolalari hayotidan olib yozilgan “Aql farishtasi” nomli ertaklarini siz ham miriqib oʻqigansiz.
– Jurnalistikaga qiziqish oʻquvchilik paytimda boshlangan, – deydi Qosimjon aka, – maktabda oʻqiyotganimda turli gazetalarga maqolalar yozardim va ular tez-tez bosilib turardi. “Nafs balosi” nomli hikoyam chop etilgach, ustozlarim va oʻrtoqlarim orasida obroʻyim oshib, qishloqqa tanilib qoldim. Bu esa ijodga boʻlgan qiziqishimni kuchaytirdi. Maktabni tamomlagach, ustoz jurnalist Mirzakarim Pirmatov maslahatiga koʻra jurnalistika fakultetiga hujjat topshirdim va imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtdim.
Yillar davomida tanlagan va qiziqqan sohamning sir-asrorlarini puxta oʻzlashtirishga harakat qildim. Katta dasturlar – Mustaqillik, Navroʻz va Yangi yil bayramlariga mualliflik qildim. Jurnalistika chin maʼnoda fidoyilikni talab qiladi. Bu sohada ishlagan odam qalb qoʻrini berib ijod qilmasa, hech qanday natijaga erisha olmaydi. Men har doim tanlagan kasbimdan faxrlanib yuraman. Kasbim tufayli jannatmakon yurtimizning barcha goʻshalarini aylanib chiqdim. Shu yurtda tugʻilib oʻsganimdan hamisha gʻururlanganman. Xizmat safari bilan xorijga chiqqan paytlarim esa ishlarimni tez-tez tamomlab, uyga qaytgim kelardi. Koʻrsatuvlarga mavzu tanlaganimda, eng avvalo, yuragim buyurgan, koʻnglim chopgan ishni qildim.
Biz Qosimjon Soʻpiyevni “Mahalla” kanalida yelib-yugurib ishlayotgan kezlarida yaqindan tanidik. U maktab hayotidan lavhalar tayyorlayotganda 15-30 daqiqalik koʻrsatuv uchun bir necha soatlab zahmat chekishini kuzatdik. Bunday paytda nihoyatda sabrli, qanoatli boʻlish zarurligini his qildik.
Qosimjon Soʻpiyev Oʻzbekistonning elim, yurtim deb yonib yashayotgan vatanparvar fuqarosi. U hozirda nafaqada boʻlishiga qaramay, Afgʻon urushi qatnashchilari uyushmasining eng jonkuyar aʼzolaridan biri sifatida faoliyat yuritmoqda. Hayoti davomida koʻrgan-kechirganlarini kitob qilib yozmoqda.
“Gulxan” jamoasi matbuotimiz fidoyisi Q. Soʻpiyevni qutlugʻ yosh bilan samimiy tabriklaydi.
Zahro Hasanova