Kasb ardogʻida
Odatda, maktabning dovrugʻini atrofga iqtidorli oʻquvchilar-u, fidoyi ustozlar taratadi. Bu borada poytaxtning Sergeli tumanidagi 300-maktabning omadi chopgan. Gap shundaki, bu maktabni nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyoda tanishadi. Chunki xalqaro grossmeyster, shaxmat boʻyicha Jahon chempioni Javohir Sindorov, qilichbozlik boʻyicha jahon chempioni, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi, mamlakat Prezidentining “Spark” avtomobili bilan taqdirlangan oʻquvchi Shahnoza Togʻaymurodova shu maktabda oʻqiydi. Aytmoqchi, bu yil Toshkent shahrida ish boshlagan Prezident maktabiga ushbu maktabning bir necha bilimdon oʻquvchilari yuqori koʻrsatkichlar bilan qabul qilindi. Ana shu xursandchilik ustiga yana xursandchilik yuz berdi. 1-oktabr “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami arafasida 300-maktabning matematika fani oʻqituvchisi Oʻgʻilxon opa Razzoqova davlatimizning “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Gulxanjonning bu maktabda muxlislari koʻp. Bir guruh ijodkor oʻquvchi va oʻqituvchilar jurnalimizning faollari. Xushxabarni eshitgan Gulxanjon doʻstlari shodligiga sherik boʻlish, ularni bayram bilan qutlash maqsadida yoʻlga tushdi.
– Voy-boʻ shunday ulkan maktab hovlisi oʻquvchi-yu oʻqituvchilar, ota-onalar va turli tashkilotlardan kelgan mehmonlar bilan toʻlib ketibdi. Hammaning qoʻlida gul. Gulxanjon avval Oʻgʻilxon opani koʻrmagan boʻlsa-da, darrov tanidi. Eng koʻp guldastani bagʻriga bosib, xijolatdanmi, tortinchoqlik boismi, uyalibgina jilmayib turgan opa yoniga borib:
– Assalomu alaykum, ustoz. Mukofot va bayram muborak, – dedi jilmayib.
– Rahmat Gulxanjon, rahmat. Meni tanidingmi, bolalik doʻstim? – opaning koʻzlari hayratdan chaqnab ketdi.
– Fidoyi jurnalxon, mehnatsevar insonlarni unutib boʻladimi? – lovullab dedi Gulxanjon. – Odati shunaqa, sodiq doʻstlarni koʻrsa, yuzlari olovdek porlab ketadi, – albatta taniyman, axir siz mehr bilan oʻqitgan Jahon fan olimpiadasi oltin medalini qoʻlga kiritgan, hozirgi kunda Xalq taʼlimi vazirligida faoliyat yuritayotgan Azizxon Nazarov siz haqingizda hamisha gʻururlanib gapiradi. Prezident maktabining qabul sinovida eng yuqori koʻrsatkichga erishgan Otajon Otajonov, Islom Boyqobulovlar ham sizning shogirdlaringiz ekan, – jilmaydi Gulxanjon.
– Rahmat, shogirdlarim juda tirishqoq, izlanuvchan bolalar-da. Bir-birimizni tushunib, qoʻllab-quvvatlaganimiz yutuqlarimiz garovi boʻldi. Islombek matematikani jon-dilidan yaxshi koʻradi. Mashaqqatlardan choʻchimay, bu fan sir-asrorlarini tubiga yetishga harakat qiladi. U oʻtgan yili noyabr oyida Amerika Qoʻshma Shtatlarida oʻtkazilgan On-layn xalqaro olimpiadasida bronza medaliga sazovor boʻlib, yurtimizni dunyoga tanitdi. Biroq bu gʻalaba uni qanoatlantirmadi. Yana tayyorgarlikda davom etdik. Maxsus daftari bor, tushunmagan savollarini qator qilib yozib keladi. Birgalikda soatlab, baʼzan kunlab savollarga yechim izlardik. Ana shu mehnatlarimiz zoye ketmadi. Islombek Boyqobulov bor bilimini ishga solib, bu yil mart oyida Singapurda boʻlib oʻtgan SASMO xalqaro olimpiadasining mutlaq gʻolibiga aylandi. Uning sinfdoshi Amir Shomurodov esa shu olimpiadada 3-oʻrinni zabt etdi. Shunday qobiliyatli shogirdlarim borligi mening baxtim. Ularga bor bilimimni berishga tayyorman, – hayajonlanib guldastalarni bagʻriga bosadi opa.
– Isteʼdodli, bilimdon shogirdlaringiz koʻp ekan. Butun umr maktabda ishlagan boʻlsangiz kerak-a?
– Bu maktabga ishga kelganimga ham 20 yildan oshdi. Maktabimiz kimyo, biologiya, matematika fanlariga ixtisoslashgan. Men hamkasblarim Hamida Ortiqboyeva, Mavjuda Shoniyozovalar bilan hamfikrlikda oʻquvchilarimiz qalbida matematika faniga muhabbat uygʻotishga intilaman.
– Odatda, koʻpchilik bolalar matematikani juda qiyin fan hisoblashadi, sal-pal choʻchishadi ham. Shogirdlaringizdagi bu qoʻrquvni yengish oson emasdir?
– Bu endi bahsli fikr. Bilasanmi, matematikaga iqtidori boʻlgan bolalar uning murakkabligidan choʻchimaydi. Aksincha, uni bir moʻjiza deb bilishadi. Rostdan ham har bir masala, misolning oʻzi bir moʻjiza. Men bolalarga bitta misol yoki masalani bir necha variantda yechish yoʻllarini koʻrsatganimda ular hayratda qolishadi. Eng qizigʻi, baʼzan ular men aytmagan yechimni ham topib olishadi. Hozir men oʻqitayotgan 6-sinfda Akbar Joʻrayev, Fozilbek Sobirov, Sugʻdiyona Olimjonova, Amirbek Shomurodov kabi shunday isteʼdodli bolalar borki, ularga dars berib maroqlanaman. Nasib qilsa, kelgusi yilda bu bolalar orasidan ham Xalqaro fan olimpiadasi gʻoliblari chiqadi, – opaning gaplarida ishonch jaranglaydi.
– Gulxanjon, Oʻgʻilxon shunaqa, hamisha faqat shogirdlarini maqtaydi. Aslida oʻzi maqtovga arzigulik oʻqituvchi. Oʻquvchilar ustozlariga boʻlgan muhabbati tufayli uning fanini sevib oʻrganishadi. Oʻgʻilxon opang juda intizomli. Biror kun, biror soat darsni sababsiz qoldirmaydi. Izlanishdan, oʻz fani sohasidagi yangiliklarni oʻrganishdan, ulardan shogirdlarini xabardor qilishdan charchamaydi. Mehnat qilgan elda aziz, toʻgʻrisi, jamoamizdagi har birimiz Oʻgʻilxon yuksak mukofot bilan taqdirlanganida bu ordenni oʻzimiz olgandek quvondik, – suhbatga qoʻshildi oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Karima opa Gʻoyipova.
– Rosti ham shu, bu faqat menga emas, butun jamoamizga berilgan mukofot. Chunki...
Afsus, suhbat avjiga chiqqan paytda guldasta va sovgʻalar koʻtargan bir guruh yigit-qizlar – opaning sobiq shogirdlari kelib qolishdi.
Gulxanjon shogirdlarini buyuk matematik al-Xorazmiy bobolariga munosib voris boʻlib yetishishlari yoʻlida hormay-tolmay mehnat qilayotgan, “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni sohibi, kamtarin ustoz Oʻ. Razzoqovaga ulkan sogʻliq tilab xayrlashdi.
Muhabbat HAMIDOVA