Magʻrur hilpiraydi yurtim bayrogʻi
Oʻqishdan qaytar ekanman, avtobus poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi” saroyi oldidagi bekatda biroz toʻxtadi.
– Oyijon, qarang, Oʻzbekiston bayrogʻi, – onasining yonida oʻtirgan bolakay hayajondan oʻrnidan turib ketdi.
Bolakay avtobus derazasiga yopishib, viqor bilan hilpirayotgan bayroqqa tikilardi.
– Yuring, oyijon, oldiga boraylik.
– Mayli, faqat kechqurun opang, akang – hammamiz birga kelamiz. Kechasi bu yerda favvoralar, rangli chiroqlar ham yonadi...
Ularni kuzatar ekanman, men ham beixtiyor bayrogʻimizga qaradim. Har safar shu yerdan oʻtar ekanman, magʻrur hilpirayotgan bayrogʻimizga qarab qalbimga gʻurur tuygʻusi toʻladi.
Bu yil 18-noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganligiga 28 yil toʻldi. Mustaqillikni qoʻlga kiritgan dastlabki davrdayoq Vatanimiz oʻzining ilk davlat ramzi – bayrogʻiga ega boʻldi. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Buyuk ajdodlarimiz ham yurt bayrogʻini muqaddas bilib uni ardoqlaganlar, koʻz qorachigʻidek asraganlar. Bugungi kunda bayrogʻimiz Prezident Devoni, Oliy Majlis binosi, mahalliy boshqaruv idoralari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, yurtimizning oʻnlab xorijiy davlatlardagi diplomatiya va savdo vakolatxonalari, elchixonalar binolarida hilpirab turibdi. Yer yuzida 200 dan ortiq davlat bor. Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida Oʻzbekiston bayrogʻining ham hilpirab turgani yurtimizning dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrni borligini koʻrsatadi.
Prezidentimizning xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrogʻimiz oʻsha yurtning markaziy koʻchalarida hilpiraydi. Xalqaro va jahon miqyosidagi sport musobaqalarida, xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan yurtdoshlarimiz sharafiga koʻtarilgan bayrogʻimiz Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻurur va iftixorini ifodalaydi.
Shayx Najmiddin Kubro keksa yoshiga qaramay Vatan himoyasi uchun moʻgʻul bosqinchilariga qarshi jangga kiradi. Dushman qilichi zarbidan halok boʻlayotib, chingiziylar bayrogʻining uchidagi popugini changallab oladi. Vatan himoyasiga otlangan mard oʻgʻlonlarning dushman bayrogʻini mahv etib halok boʻlishi yuksak vatanparvarlikning buyuk bir timsoli vazifasini oʻtagan.
Mutafakkir shoir Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asari qahramoni Afrosiyob tush koʻradi. Tushida kuchli boʻron turib, bayrogʻini qulatadi:
Koʻtarilib shu zum shiddatkor boʻron,
Bayrogʻimni yulib, yiqdi nogahon...
Bayroqning qulashini Afrosiyob, magʻlubiyat belgisi, deb biladi.
Sergey Yeseninning “Ona ibodati” sheʼrida onaning qishloq chetidagi pastakkina uyda yashashi tasvirlangan. Oʻgʻli jangga ketgan, Onaning koʻngli xavotirda. U dilbandiga omonlik tilab, Xudoga iltijo qiladi, koʻzlari esa jiqqa yoshga toʻlgan. Xayoli uni jang maydoni sari olib ketadi. Qarasa... Oʻgʻli koʻkragidan jarohat olib, dalada jonsiz yotibdi. Qoʻlida dushmanning bayrogʻi.
Urushda dushman bayrogʻini mahv etish gʻalaba ramzi hisoblanadi.
Kechki payt Vatanim bayrogʻini koʻrish uchun maydonga bordim. Kunduzi avtobusda koʻrganim bolakay chiroqlar nurida yanada ulugʻvor koʻrinayotgan bayrogʻimiz atrofida gir aylanadi, boshini baland koʻtarib, unga faxr bilan tikiladi.
Islom Asilbekov