Sarguzashtlar bergan boylik
Buyuk yozuvchi boʻlish uchun ijodkorning buyuk bolaligi boʻlishi kerak.
E. Xeminguey
XX asrning eng mashhur adiblaridan biri, Nobel mukofoti sohibi, “Alvido qurol”, “Quyosh baribir chiqaveradi”, “Chol va dengiz” asarlari bilan oʻzbek kitobxonlarining ham suyukli ijodkoriga aylangan amerikalik yozuvchi Ernest Xemingueyning bolalik sarguzashtlari haqida bilish hammamizga qiziq, albatta. Quyidagi bir-biridan ajoyib xotiralarni oʻqisangiz, uni buyuk ijodkor boʻlib yetishishiga sabab boʻlgan omillarni bilib olasiz.
Bantikli bolakay
Ernest Miller Xeminguey 1899-yil 21-iyulda AQSH Illinoys shtatining Chikago yaqinidagi Ouk Park shaharchasida dunyoga keldi. Uning otasi Klarens Edmont Xeminguey shifokor, onasi Greys Xol uy bekasi (bir vaqtlar taniqli xonanda boʻlgan) edi. Ular 6 farzand koʻrishgan. Ernest ikkinchi oʻgʻil edi.
Ikkinchi farzandini qiz boʻlishini juda-juda xohlagan qaysar Greys xonim Ernest shoʻrlikni toʻrt yoshigacha qiz bolacha kiyintirib, sochini oʻstirib, lenta taqib qoʻyardi. Nima gapligiga aqli yetmagan Erni (oilada uni erkalatib shunday chaqirishardi) onasining bu odatiga qarshilik qilmasdi. Otasi ham orzusini shu oʻgʻlida koʻrardi shekilli, bolakayga esini tanir tanimas qarmoq sovgʻa qildi. Va oʻgʻlini koʻtarib sevimli mashgʻuloti baliq oviga olib bordi. Kechgacha daryo sohilida oʻtirib, ikkita ulkan va koʻpgina mayda baliq tutgan ota-bola uyga shunday xursand qaytishdiki... bu zavq Ernini umri oxirigacha ham tark etmadi. Bir umr baliq ovi ishqibozi boʻldi. U mashhur adib boʻlgan chogʻlarida ham gʻala-gʻovurdan qochib, qarmogʻini koʻtarardi-yu dengiz sari yoʻl olardi.
Tabiatdan tarbiyat
Bobosi va otasi boʻsh vaqt topdi degunlaricha, Ernini yetaklab daryo sohillariga, ekinzorlarga, oʻrmonga olib borishardi. Har bir daraxt, gul-u giyoh, dalada mehnat qilayotgan hindular, kambagʻal dehqonlar, chorvadorlar hayoti haqida hikoya qilishardi. Sayohat chogʻida dadasi “Tabiatni faqat tomosha qilish kerak emas, uni odamlar hayoti bilan uygʻunligini his etish kerak” deb taʼkidlardi.
Bunday ajoyib sayr va hikoyalar taʼsirida Ernest chinakam tabiat shaydosi, sarguzashttalab boʻlib ulgʻaya boshladi. Biroq otasi oʻgʻlini baquvvat, shiddatkor boʻlishini judayam xohlardi. U Ernestni futbol, boks va suzish bilan shugʻullanishga majbur qildi. Ernest boksni juda yoqtirib qoldi. Ammo oʻyindan oʻq chiqib navbatdagi musobaqada u koʻzidan va qulogʻidan qattiq lat yedi. Shundan soʻng Ernest koʻp vaqtini badiiy asar oʻqish bilan oʻtkazdi. Bu mutolaa tufayli oʻzi ham hikoyalar yozishga qiziqib qoldi. Maktab partasidayoq mahalliy gazetada maktabda oʻtkazilgan tadbirlar, uyushtirilgan konsertlar, sport musobaqalari haqidagi xabar, lavha, maqolalari bilan qatnashib turdi... Ota-onasi bunga unchalik jiddiy eʼtibor berishmadi. Chunki Klarens oʻgʻlini oʻziga oʻxshab shifokor boʻlishini orzu qilardi. Erkatoyi qiyofasida buyuk bastakorlar Shubert va Betxovenni tasavvur qilayotgan sanʼatsevar ona esa oʻgʻlini bir yil davomida zarur mashgʻulotlarga ham yubormay violonchel chalishga majbur qildi. “Onam negadir menda musiqiy qobiliyat bor deb oʻylardi, aslida esa menda musiqaviy isteʼdod u yoqda tursin, uni oʻzini ham tushunmasdim”, deb eslaydi yozuvchi xotiralarida. Oʻjar va bir soʻzli kichik Xeminguey ota-onasi tanlagan emas oʻzi istagan yoʻldan yurdi. Tabiat qoʻynida va otasining undovi bilan boksda chiniqqan, kitoblar bagʻrida ulgʻaygan Ernest maktabni yozuvchi boʻlish haqidagi qatʼiy qaror bilan tugatdi. Uning dunyoga aytadigan gaplari koʻp edi.
Shu sababli universitetga kirmadi. Oʻz omadini reportyor-jurnalist sifatida sinab koʻrish uchun Kanzas sitiga borib togʻasi ishlaydigan gazetaga ishga kirdi. Oʻsha zahoti togʻasi, uni yongʻin boshlangan inshootdan reportaj yozib kelishga yubordi. Reportaj bosh muharrirga manzur boʻldi... Gazeta uni qisqa, loʻnda, aniq yozishga oʻrgatdi. Jurnalistikada orttirgan tajribalari uni kelajakda mahoratli yozuvchi boʻlishiga zinapoya boʻldi.
Hushtakning nafi tegmadi
Ernest yugurib-yelib reportyorlikni boshlab yuborgan paytda Yevropada urush boʻlayotgandi. Sarguzashtlar ishqibozi yosh Ernest urushga goʻyo sport musobaqasiga ketayotganday intildi. Va oʻylab oʻtirmay, urushga ketish uchun ariza berdi. Biroq koʻrish qobiliyati pastligi uni yoʻliga gʻov boʻldi. Bu yosh yigit uchun haqoratday tuyuldi. Oʻzini boshqalardan kam emasligini isbotlash uchun Qizil xoch jamiyatiga koʻngilli boʻlib yozilgan Xeminguey haydovchi sifatida urush oʻchogʻiga yoʻl oladi. “Men gʻirt ahmoq edim. Oʻsha paytda urushayotgan ikkita tomonni ikkita sport jamoasiday tasavvur qilardim va shu oʻy bilan urushga otlandim”, – deb yozgandi keyinchalik. Urushni oʻz koʻzi bilan koʻrgan qiziqqon yigit urush u oʻylagandek “sport oʻyini” emas, balki boshida turganlar va oʻylab topganlarning mudhish jinoyati, insoniyat kushandasi ekanligiga amin boʻladi. Bu uning hayotdagi ilk sabogʻi edi. Ayni shu saboq dastlabki ikkita yirik romanining yaratilishiga turtki boʻldi. Bu asarlarida urushni bor nafrati bilan tasvirladi.
U urushda yarador askarni qutqaraman deb minaga duch keldi va 227 joyidan jarohatlandi. Shifokorlar uning tanasidan 22 ta oʻq parchasini terib olishdi. Ammo yana bir qanchasini olishning iloji boʻlmadi... Bolalik chogʻida qoʻlini kesib olganida dadasi uning jarohatini tozalab, malham qoʻyib bogʻlarkan “agar jarohating ogʻriyotgan boʻlsa, xushtak chalib tur. Bu ogʻriqni yengishingga yordam beradi”, degan edi. Oʻsha daldani yodidan chiqarmagan koʻngilli askar operatsiyalar chogʻida ham, undan keyin ogʻriq huruj qilgan damlarda ham ingrab-ingrab boʻlsa-da xushtak chaldi, biroq nafini sezmadi. Shunda u urush – bu bitmas azobli ogʻriq ekanligini yurakdan his qildi. Yosh Ernining urush haqidagi tasavvuri ana shu tariqa oʻzgardi. Endi urush uning tasavvuridagi iblisga aylandi va bir umr shu iblisni fosh qiluvchi asarlar yozishga intildi. “Fiyesta” – “Quyosh baribir chiqaveradi”, “Alvido qurol” uning urushga boʻlgan nafrati namoyishi boʻlib yozuvchini dunyoga tanitdi.
Darvoqe, u asarlarida faqat oʻzi koʻrgan va shohidi boʻlgan voqea-hodisalarni qalamga olgani bilan ibratli va mashhur. Hatto adibga Nobel mukofotini taqdim etgan “Chol va dengiz” qissasi ham oʻzining bir paytlar ov mahali qarmogʻi akula jigʻildoniga tushib qolib adibni qayigʻi bilan qoʻshib bir necha milga sudrab ketgan, uni otaman deb oyogʻiga jarohat yetkazgan voqeaning taʼsirida dunyoga kelgan.
Agar siz Xeminguey hikoyalarini oʻqisangiz, tez-tez Nik Adams degan qahramonni uchratasiz. U otasining prototipi. Garchi bolasi qalbida tabiatga, sarguzashtga muhabbat uygʻotgan otasi bevaqt vafot etgan boʻlsada u bir umr Nik Adams qiyofasida oʻgʻli bilan yonma-yon yurdi. Yozuvchi u bilan suhbat qurdi, u bilan maslahatlashdi, hayot haqida u bilan bahslashdi. Bir soʻz bilan aytganda, Nik adibning adabiy otasiga aylandi.
Miltiq baribir miltiq-da
Ernest Xemingueyning hayoti ham xuddi badiiy asar kabi yakun topdi. Ernest 12 yoshga toʻlganida bobosi unga 20 kalibrli miltiq sovgʻa qilgandi. Miltiq oʻshandayoq bolalikka, begʻubor tasavvurlarga chek qoʻygandi. Erni miltiq bilan birga katta boʻlib qolgandi. Bu miltiq Afrika chakalakzorlarida, Yevropa jang maydonlarida, Atlantika ummonining Kuba sohillarida unga hamroh, ishonchli doʻst boʻldi. Biroq maroqli ov chogʻlarida uchta sher, yigirma yettita kiyik va qoʻtoslarni mahv etib, ovchisini quvontirgan miltiq baribir kun kelib yovuzlik timsoli ekanligini isbotladi. Dunyoga mashhur adib “koʻhna qadrdonini” shavq bilan tozalayotgan 1961-yil 2-iyul kuni toʻsatdan otilib ketdi...
Yozuvchi hayotidan qisqa, ammo qiziqarli maʼlumotlar
* Ernest Xemingueyning oltita panjali “Qorparcha” laqabli sevimli mushugi boʻlgan. Oppoqqina, momiqqina mushukchaga yozuvchi “qorparcha” deb laqab qoʻygandi. Mushukchani unga tanish kema kapitani sovgʻa qilgan edi. Bugun Floridadagi Xeminguey muzeyida “Qorparcha”ning ellikka yaqin ortiqvoylari – ( panjasida ortigʻi borlarni bizda shunday atashadi-ku) davr-u davron surmoqda. Ular “Xeminguey mushuklari” deb ataladi.
* 2000-yilda rossiyalik multiplikator Aleksandr Petrov Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasi asosida rangli shishalar yordamida oʻziga xos film yaratdi. Va u dunyo eʼtirofiga sazovor boʻlgan multfilm sifatida “Oskar” mukofoti bilan taqdirlandi.
* Xeminguey ijod qilayotgan paytda piyozli buterbrod va yeryongʻoq yeyishni odat qilgandi. Umuman yozuvchi shirinliklarni xush koʻrardi va oʻzi ham antiqa pishiriqlar oʻylab topardi. Bugun barcha millatlar dasturxoniga koʻrk berib turgan olmali pirog ham Xemingueyning kashfiyoti. Yozuvchining uy muzeyida u yaratgan boshqa taomlarning ham retseptlari saqlanadi.
* Yozuvchi garchi Amerikada tugʻilgan boʻlsada, Parijni koʻproq sevardi.
* 1941-yilda Xeminguyey Kubada baliq oviga chiqadi. Oʻljasini nahanglardan himoya qilish uchun kateriga pulemyot oʻrnatib olgan ovchi-yozuvchi rekord oʻrnatadi – bir kunda yettita ulkan marlin tutadi.
Internet manbalari asosida M. HAMIDOVA tayyorladi