Jurnalxonlar bilan yuzma-yuz
Bir oy davomida Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan “Matbuot kunlari” yakuniga yetay deb qoldi. XTV muassisligidagi barcha gazeta va jurnallarning bosh muharrirlari ishtirok etayotgan uchrashuvlar koʻtarinki kayfiyatda, qiziqarli va samimiy oʻtmoqda. Unda hududlardagi taʼlim muassasalarining oʻqituvchi, kutubxonachi va maʼnaviyat ishlari boʻyicha rahbar oʻrinbosarlari hamda maktab oʻquvchilari qatnashmoqda. Namangan, Andijon, Fargʻona viloyatlaridan boshlangan uchrashuvlar Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida davom etdi. Navbatdagi safarimiz Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga.
Bu uchrashuvlar, bahs-munozaralardan maqsad bitta – u ham boʻlsa, taʼlim nashrlari atrofiga yana minglab oʻquvchilarni jalb etish. Aynan “Gulxan”ning maqsadi esa iqtidorli bolalarning ijod namunalarini jurnal sahifalarida yoritib, ularning isteʼdodini yuzaga chiqarish. Fan olimpiadalarida, sportda, adabiyot, madaniyat va sanʼatda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan bolalar va oʻsmirlarning iqtidori, mehnati samarasini, natijasini tengdoshlariga tanishtirish, ularga ibrat sifatida koʻrsatish. Jurnalda chop etilayotgan yozuvchi va shoirlarning sara asarlarini muxlislarga taqdim etish. “Gulxan”da eʼlon qilinayotgan tanlovlar orqali siz oʻquvchilarni fikrlashga, oʻqish va oʻrganishga undash, bilimlaringizni sinovdan oʻtkazish.
Andijonda Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida boʻldik. Nukusda esa Ibroyim Yusupov maktabi bolalari bilan diydorlashdik. Savol-javoblar qizgʻin tus olgan uchrashuvlar oʻylaymanki, ijodkor oʻquvchilarda bir olam taassurot qoldirdi. Fargʻonada esa taniqli jurnalist Muhammadjon Obidov boshchiligida oʻtgan “Matbuot kunlari” katta maʼnaviyat bayramiga aylanib ketdi. Bosh muharrirlar ishtirokchilarga oʻzlari bilan olib borgan gazeta va jurnallarni sovgʻa sifatida tarqatishdi.
Urganch shahridagi 2-musiqa maktabidagi uchrashuvga taniqli bolalar shoiri Sodiqjon Inoyatov ham keldi. U kishi yigʻilganlarga “Gulxan”ning bolalar taʼlim-tarbiyasidagi oʻrni, nufuzi haqida iliq fikr-mulohazalarini aytib, yangi sheʼrlaridan oʻqidi.
Buxoro viloyatida oʻqituvchilar Zevarshoh Hamroyeva, Lola Qambarova, Munira Rasulovalar bolaliklarini eslab, jurnal bilan bogʻliq xotiralarini soʻzlab berishdi.
Navoiyda bizni shahardagi 19-ixtisoslashgan maktab rahbari Javlon Vafoqulov kutib oldi. Navbahor tumanidagi 11-maktabning adabiyot oʻqituvchisi Komila Rajabova oʻquvchilarining sheʼrlari “Gulxan”da chop etilgandan soʻng boshqa bolalar ham bu nashrga juda qiziqib qolishganini alohida taʼkidladi.
Qaysi manzilda boʻlmaylik, muxlislar bilan savol-javoblar qizgʻin tus oldi. Eng muhimi, gazeta va jurnallarning obunachiga oʻz vaqtida yetib bormayotganligi sabablari oydinlashdi. Shu oʻrinda barcha mushtariylarimizga alohida taʼkidlashni istardik – 2020-yil obunasini davlatga qarashli boʻlgan aloqa boʻlimlari orqali amalga oshiring. Ana shunda firibgar MCHJlarga aldanib qolmaysiz.
Shunday qilib, “Matbuot kunlari”ning navbatdagi uchrashuvlarini oʻtkazish uchun qadimiy va navqiron Samarqandga otlandik. Safarimiz taassurotlari haqida “Gulxan”ning dekabr sonida oʻqiysiz.