Togʻay Murod
Togʻay Murod 1948-yil Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Xoʻjasoat qishlogʻida tugʻilgan. Toshkent davlat Universitetining (hozirgi OʻzMU) Jurnalistika fakultetida (1967–1971), Moskvadagi Adabiyot institutida (1985–1987) tahsil oldi. Respublika radiosi (1972–1975), “Oʻzbekiston fizkulturachisi” gazetasi (1976–1978), “Fan va turmush” jurnallarida (1982–1984) xizmat qildi.
1976-yili Togʻay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” nomli ilk qissasi “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach kitobxonlar ogʻziga tushdi. Shundan soʻng birin-ketin “Ot kishnagan oqshom” (1979), “Oydinda yurgan odamlar” (1980), “Momo yer qoʻshigʻi” (1985) kabi oʻzbek milliy qissachiligining yangi namunalari dunyoga keldi. Ular oʻquvchilar tomonidan yuksak baholanib, adib Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofotiga sazovor boʻldi.
Adib 1986–1991-yillarda “Otamdan qolgan dalalar” romanini yaratdi. 1994-yili unga mazkur asari uchun Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berildi. “Otamdan qolgan dalalar” – ijtimoiy roman. U nafaqat adib ijodida, balki oʻtgan asrning 90-yillar adabiyotida katta voqea boʻldi. Unda mustabid tuzumning qattol siyosati, oʻzbek dehqonining ogʻir, mashaqqatli mehnati va nursiz hayoti real boʻyoqlarda ochib berilgan.
Togʻay Murod mohir tarjimon sifatida J. Londonning “Boyning qizi” dramasi va bir nechta hikoyalarini (1974–1975), Ernest Seton-Tompsonning mashhur “Yovvoyi yoʻrgʻa” asarini oʻzbek tiliga tarjima qildi (1989).
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asari asosida ikki qismdan iborat badiiy film yaratilgan.
Togʻay Murod 2003 yil Toshkent shahrida vafot etgan.