Ota duosi
Oʻtgan yaxshi kunlarni eslash kishiga doimo oʻzgacha ruh bagʻishlaydi, yurakka katta madad beradi. Bu xotira ayniqsa, yurt sharafi, el dovrugʻi masalasida boʻlsa. Oʻzbekiston, deya hayqirib maydonga tushgan sportchi bormi, oʻz bilimini dunyoga namoyish etayotgan yosh matematigimiz bormi yoki bir necha bor jahon shaxmat ustalarini “mot” qilgan yosh grossmeysterlarimiz bormi – hammasi bizniki, shu yurt farzandlari. Gʻururdan toʻn kiygan bahodir-u tafakkurdan oziqlangan bilimdonlargacha – OʻZIMIZNIKI.
Barchamiz entikib kuzatdik, oʻtgan oyning 9-21 kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ajoyib va nufuzli sport musobaqasi oʻtkazildi. Boks bayrami maqomini olgan jahon chempionati bahslarida yurtimiz vakillarining ishtiroki chindan yuqori baholangani ham bor gap. Sababi shunqorlarimiz bunga qadar koʻplab musobaqalarda yuqori oʻrinlarga munosib koʻrilgani ishtirokchi davlatlarni biroz hadikka ham solgandi. Dunyoning 79 mamlakatidan kelgan 362 charm qoʻlqop ustalari ichida oʻzbek bokschilarining hech kimdan kam boʻlmay magʻrur ishtirok etishi kimni ham gʻururlantirmaydi, deysiz.
Xoʻsh, ular kimlar edi va qay oʻrinlarga munosib koʻrildi?
Bahodir Jalolov (91 kg), Mirazizbek Mirzaxalilov (57 kg), Shahobiddin Zoirov (52 kg), Bobousmon Baturov (69 kg), Dilshodbek Roʻzmetov (81 kg)... va yana bir qancha sportchilarimiz.
Dastlab ringga koʻtarilgan Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilovlar barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Finalga qadar muvaffaqiyatga erishgan Dilshodbek Roʻzmetov kumush medalga sazovor boʻldi. Isteʼdodli vakilimiz Bobousmon Baturov dunyo birinchiligining bronza medalini terma jamoamizga taqdim etdi.
Bahodir Jalolov esa bizning eng asosiy bokschimiz edi. U 91 kilogrammdan ortiq vazn toifasida ishtirok etib, avval ukrainalik Sotne Rogani, chorak finalda amerikalik Richard Torresni ilk raunddayoq nokautga uchratdi. Yarim final bahsida rossiyalik Maksim Babaninni yengdi. Soʻnggi hal qiluvchi final janggida azaliy raqibi qozogʻistonlik Kamshibek Konkabayevga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va jahon chempionligini qoʻlga kiritdi.
Shunday qilib, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 3 oltin, 1 kumush va 1 bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi. Musobaqada oʻzining yorqin gʻalabalari, raqiblarga boʻlgan oʻzbekona hurmati sabab Bahodir Jalolov musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb eʼtirof etildi.
Yurt bayrogʻini dunyo arenalarida baland koʻtarib kelgan sportchilarimiz doimo davlatimiz eʼtiboridan chetdan qolmagan. Prezidentimizning maxsus Farmoniga koʻra, ishtirokchi sportchilarimiz va ularning murabbiylari davlatimizning qator yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Soʻzimiz soʻnggida oltin medal sohiblaridan biri Mirazizbek Mirzaxalilovning otasi Mirzakarim aka Yunusov soʻzlarini keltirib oʻtsak. Zero, dunyoda otaning oʻz oʻgʻli haqida aytgan ikki ogʻiz shirin soʻzidan, undagi katta gʻururdan ulkanroq mukofot boʻlmasa kerak:
– Men oʻgʻlimdan mingdan ming roziman. U Vatanimiz, xalqimiz bildirgan ishonchni, bergan non-tuzimizni oqladi. Ilohim, olgani duo, koʻrgani yaxshi kunlar boʻlsin.
Chindan ham ota duosidan ham ulkan baxt, ortiq shodlik bormikan dunyoda?
Farhod ESHMOʻMINOV