Bolalikdagi yorqin xotira
Oʻshanda men besh-olti yoshlarda edim.
Bir kuni otam gʻishtga oʻxshash, qogʻozga oʻrogʻliq nimadir qoʻltiqlab keldi. Gʻalati, oʻyinchoq boʻlsa kerak, – deya ikki akam va men qotib turardik. Otam qoʻllarini yuvib kelib, asta qogʻozning iplarini yechdi. Bu rus adibi Nikolay Nosovning “Bilmasvoy va uning sarguzashtlari” nomli qalin, muqovasida ajoyib suratlar tasvirlangan chiroyli, katta, yap-yangi kitob edi.
Aslida, rahmatli ota-onam oʻqituvchi edilar. Otam oʻqituvchilik bilan birga maktabda kutubxonachilik ham qilar edilar. Ikki akam bilan men boʻsh paytda kutubxonaga chiqib, kitob, gazeta-jurnallarni taxlashar, “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallarining yangi sonini birinchi boʻlib biz oʻqib, keyin hammaga maqtanardik. Kechqurunlari onam tancha atrofida dasta-dasta daftar tekshirar, otam boshchiligida biz darsliklar, supradek juldur xaritalarni ayvonga yoyib, piyolaga bugʻdoy unidan xamir tayyorlab yelimlar edik. Men kartonlardan muqova qirqib, varaqlarni joy-joyiga taxlardim. Akalarim xaritadan shahar, qitʼalarni topish oʻynashar edi. Darslar va boshqa yumushlarni tugatgach, koʻpincha oydin kechada otamdan urush dahshatlarini, onamdan ajoyib kitoblar mazmunini hayajonlanib tinglardim.
Shunday qilib, bizning xonadonda yangi, kitobning paydo boʻlishi butun qishloq uchun xushxabar edi. Ikkinchi akam hali maktab yoshiga yetmayoq sharillatib kitob oʻqishni uddalardi. Uydagilar maktabga ketgach, u menga toʻxtamay “Bilmasvoy”ni oʻqiyverardi. U maktabga chiqqach, men kitobni roʻmolga oʻrab, koʻchaga olib chiqar, suratlarga qarab oʻrtoqlarimga kitob voqealarini soʻzlab berardim. Bir koʻcha qiz toʻnkada oʻtirib surat tomosha qilardi. Ishoning, shu kitob men uchun hayotimda misoli bir nur edi. Uyimizning qaysi tokchasiga qoʻysak, xuddi shu joydan nur taralayotgandek boʻlaverardi.
Keyinchalik koʻp qoʻllanmalar, badiiy asarlar oʻqidim. Bu kitoblar qalbimga ijod zavqini soldi, hikoyalar yoza boshladim. Oʻqituvchilik bilan birga bolalar adabiyoti bilan jiddiy shugʻullandim.
Men bugun ham oʻgʻil-qizlarimizga Alisher Navoiy, Abdulla Qahhor, Oybek, Aziz Nesin, Antuan de sent-Ekzyuperi, Pushkin, L. N. Tolstoy va boshqa ijodkorlarning bitmas-tuganmas xazinalari shunday mayoq boʻlishini juda-juda istayman.
Muhayyo TOʻLAGANOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi