AQSH maktablari
Eng muhim tayanch
Amerikada davlatning eng muhim tayanch nuqtasi taʼlim tizimi hisoblanadi.
AQSH taʼlim tizimi maktabgacha taʼlim, oʻrta va oliy taʼlim bosqichlariga boʻlinadi va u federal, davlat va mahalliy hokimiyat tomonidan nazorat qilinadi, moliyalashtiriladi. Amerika boʻyicha faoliyat yuritayotgan 120 ming maktabning 30 foizini xususiy maktablar tashkil qiladi. AQSHda davlat maktablarida taʼlim bepul. Har bir sinfda 45 tagacha oʻquvchi oʻqiydi. Davlatga qarashli oʻquv maskanlari har bir shtatda saylov asosida tuzilgan maktab kengashlari tomonidan boshqariladi. Shu kengash oʻz hududidagi maktablar uchun majburiy chora-tadbirlar va oʻquv dasturlarini tasdiqlaydi. Xususiy maktablardagi sinflarda esa 12-15 nafar oʻquvchi oʻqiydi. Bu maktablarda taʼlim olayotgan bolalar yiliga 2000 ming dollar toʻlaydi. Har ikki maktabda ham oʻquvchilar haftasiga 5 kun mashgʻulotlarga qatnaydi. Kunlik dars soatlari 5-6 soat. Mashgʻulotlar ertalab soat 8.30 da boshlanib, 15.30 gacha davom etadi. AQSHda Kongress tomonidan 2002-yilda qabul qilingan “Birorta ham qoloq oʻquvchi qolmasin” degan qarorga amal qilinadi.
Har bir oʻquvchi – kashfiyotchi
Maktablarda tartib, sharoit, muhit, jarayon – turlicha. Sababi, AQSHdagi 50 ta shtatning har biri oʻziga xos taʼlim tizimiga koʻra faoliyat yuritadi. Amerikalik oʻquvchilar ingliz harflari A (aʼlo), B (yaxshi), C (oʻrta), D (oʻrtadan past) va G (qoniqarsiz) koʻrinishida baholanadi. Shtatlarda maktab oʻquvchilarining bilimini tekshirishga moʻljallangan maxsus boʻlim boʻlib, u har chorakda oʻquvchilarga test joʻnatadi. Olingan test natijalari esa davlat taʼlim boʻlimiga taqdim etiladi. Eng past reyting olgan maktabga maxsus tekshiruv joʻnatilib, oʻsha maktabdagi muammo oʻrganib chiqiladi va muassasaga amaliy yordam koʻrsatiladi.
Oʻqituvchilar oʻquvchilarning baholarini barchaning oldida eʼlon qilmaydi. Ota-onalarga farzandlarining natijalari bir oʻquv yilida 4 marotaba tabelda koʻrsatiladi. Bitiruvchi sinflarda olingan baholar hisoblanib, u oʻsha ball asosida institutga imtihon topshiradi.
Amerikalik oʻqituvchilar oʻquvchilarning izlanishini yuksak qadrlaydi. Shu bois maktablarda ilmiy yangiliklar mashgʻulotiga alohida ahamiyat beriladi. Har bir oʻquvchi yil davomida maʼlum fan boʻyicha yangilik, ixtiroga qoʻl urishi va yil yakunida amalga oshirgan kashfiyoti yoki gʻoyasi boʻyicha hisobot berishi kerak.
Yoqqanini tanlab ol
Qoʻshma shtatlarda bolalar 5 yoshdan boshlangʻich maktabga qatnaydi. Bu payt tayyorlov muddati hisoblanib, umumiy maktab davriga kirmaydi. (Bu nolinchi sinf ham deb yuritiladi) Olti yoshdan maktab dasturiga oʻtiladi. Bu bolaning kelajagi uchun muhim bosqich hisoblanadi. Negaki, bu davrda bolaning aqliy qobiliyat koeffitsienti aniqlanadi. Bolaning ilgʻor yoki qoloq guruhlardan oʻrin olishi ana shu intellektual qobiliyat (IQ) ga bogʻliq.
Boshlangʻich maktablarda bolalarning jamiyatga tez va oson moslashuvini taʼminlash, ularda ijodiy qobiliyatni uygʻotish uchun muzey, teatr kabi qator madaniy maskanlarga olib boriladi. Yana bolalar ota-onalarining ish joylari bilan ham tanishtiriladi. Bu sayohatlar tufayli bolalar maʼlum kasblar haqida tushunchaga ega boʻladi.
5-sinfdan bola oʻqishni oʻrta maktabda davom ettiradi. Baʼzi shtatlarda esa oʻrta maktab 6-sinfdan boshlanadi. Bu maktabda bola kelajakda kim boʻlishini, qaysi oliy oʻquv yurtida oʻqishi kerakligini uzil-kesil aniqlab oladi.
Yuqori maktabda oʻqish 9-12-sinfni oʻz ichiga oladi. Bu maktabda oʻquvchiga fanlarni tanlash imkoniyati beriladi. Ammo oʻzi tanlagan fanlardan tashqari, kimyo, biologiya, fizika, matematika, adabiyot, jismoniy tarbiya kabi majburiy fanlar ham oʻqitiladi. Oʻqishni oliy oʻquv yurtida davom ettirmoqchi boʻlgan oʻquvchilar esa Amerika maktablarida oʻqitiladigan ispan, fransuz, nemis, shuningdek yapon, xitoy, lotin, arab tillaridan istaganini oʻrganishi kerak. Oʻquv dasturlari shtatlarda bir-biriga oʻxshamaydi. Ammo yuqorida qayd etilgan majburiy fanlar barcha shtatlarda oʻqitiladi. Amerikalik oʻquvchi 17-18 yoshida maktabni tamomlaydi.
Formadan ham muhim
AQSHdagi baʼzi maktablarda oʻquvchilar maktab formasini umuman kiyishmaydi. Nafaqat oʻquvchilar, balki oʻqituvchilarga ham forma kiyish majburiy emas.
Amerika maktablari devorlariga maktabni eng yaxshi baholarga bitirgan, maktab faxriga aylangan oʻquvchilarning suratlari, maktab bayrogʻi, maktab shiori, maktab logotipi, oʻquvchilar yaratgan loyihalar kabi maktab va oʻquvchilar ijodi bilan bogʻliq qiziqarli materiallar ilib qoʻyilgan.
Maktab kutubxonalari ham muhim ahamiyatga ega. Kutubxona xodimlari oʻquvchilarning kitobga diqqatini tortish uchun kitob javonlarining yuqorisiga eng ommabop va qiziqarli adabiyotlarni terib qoʻyishadi.
Hozirgi kunda koʻpgina amerikalik oʻquvchilarning ongiga “Men jamiyat aʼzosiman, jamiyatga kerakman va ozgina boʻlsa-da, shu jamiyatning gullab-yashnashiga hissa qoʻshishim kerak”, – degan tushuncha singdirilgan. Bolalar kichikligidan boshlab jamoat ishlariga koʻngilli sifatida jalb etiladi. Jamoat ishlariga bolalarni nafaqat maktab, balki ota-onalar ham targʻib qiladi. Ota-onalar farzandining jamoat ishlarida faolligini taʼminlaydi, hatto oʻzlari ham qoʻllaridan kelgancha maktabning takliflariga xayrixoh boʻlishadi va lozim boʻlsa, moliyaviy tomondan ham koʻmak berishadi.
Internet manbalari asosida Muhabbat HAMIDOVA tayyorladi