“Gulxan” uchrashuvlari
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 86-63-235-maktablarda 21-oktabr – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda maktab oʻquvchilari tomonidan ona tilimizni madh etuvchi sheʼrlar aytildi, oʻzbek tilining goʻzalligini oʻzida mujassam qilgan qoʻshiqlar yangradi. Oʻquvchilar Alisher Navoiy gʻazallaridan yod olib sahna koʻrinishlari ijro etdilar. Bayram tadbirida ota-onalar va oʻquvchilar ham tomoshabinlar qatoridan joy olishdi.
Shuningdek, “Oʻzbektelekom” AK muzeyida ham shu mavzuda tadbir boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbek Milliy akademik drama teatri aktrisalari Vazira Yunusova, Zebiniso Holiqovalar ishtirok etdilar. Maʼnaviyat, tarbiyaga doir spektakl va badiiy filmlardagi obrazlari bilan xalqimizga tanish boʻlgan sanʼatkorlar oʻzbek tilining goʻzalligi va boqiyligi haqida gapirib, “Andishali kelinchak” asaridan parcha ijro etdilar.