Xalqaro kitob bayramida
Gulxanjon Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan sahifalarni tayyorlab oʻtirgandi, qadrdon doʻsti, “Yosh kitobxon” respublika koʻrik-tanlovining sovrindori Dilnavoz Najimova qoʻngʻiroq qilib qoldi:
– Gulxanjon, tadbir boshlanay deyapti-yu, qayerda yuribsan?
Gulxanjon shunda bugun “Oʻzekspomarkaz”da ka-a-atta bayram – “Tashkent Book Fest – 2019” Xalqaro kitob koʻrgazmasi ish boshlashini esladi-yu, doʻstiga tezda yetib borishini aytib, gʻizillab yoʻlga tushdi.
E-he, ana bayram-u mana bayram: rang-barang, qiziqarli, turli janrdagi, eng muhimi, turli tildagi jurnallar. Koʻrgan koʻzni quvnatadigan muqovali kitoblarni koʻzdan keshirayotdan ustozlar, maktab oʻquvchilari oʻzaro qizgʻin bahsni boshlab yuborishibdi. Gulxanjon baʼzan izlab topolmaydigan ardoqli yozuvchi shoirlari-yu sevimli sanʼatkorlarini ham shu yerda uchratdi. Ayniqsa, oʻzimizning nashriyotlarda chop etilgan kitoblarimizni zavq bilan tomosha qilayotgan chet ellik tadbir ishtirokchilarini koʻrib Gulxanjon toʻlqinlanib ketdi. Darvoqe, Xalqaro kitob koʻrgazmasida Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozogʻiston, Koreya, Qirgʻiziston, Turkiya, Rossiya mamlakatlaridagi nufuzli 16 nashriyot va kitob savdosi vakillari qatnashayotgan ekan. Gulxanjon xorijlik tengdoshlari oʻqiydigan jurnallarni qoʻliga olib koʻz yugurtirdi. Oʻziga tanish mavzularni koʻrib, mamnun jilmayib qoʻydi. Shu payt qayerdandir paydo boʻlib qolgan Dilnavoz uni tadbir ochilishiga boshladi.
– Toshkentda bunday xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasining tashkil etilgani juda ajoyib gʻoya, – deydi tadbirda soʻzga chiqqan Rossiya kitob noshirlari kengashi prezidenti Konstantin Chechenov. – Bu koʻrgazma-yarmarkasi kitob-noshirlik ishiga masʼul boʻlgan tashkilotlar, nashriyotlar bilan kengroq tanishish, ularning faoliyatini oʻrganish sohadagi hamkorligimizni yana ham mustahkam boʻlishida katta ahamiyatga ega.
– Nashriyotimiz asosan Koreyada xorijiy davlatlar haqidagi kitoblarni chop etish bilan shugʻullanadi, – deydi “UzKor Ekonomy” nashriyoti vakili Chve Xi Yong. – Yaqinda “Men Oʻzbekistonni yaxshi koʻraman” degan kitobim chop etildi. U yurtingizning sayyohlik salohiyati haqida atroflicha hikoya qiladi. Men bu kitobni yozish jarayonida tabarruk diyoringizga bir necha bor kelib, uni odamlari, tabiati, qadimiy yodgorliklari, muqaddas qadamjolari bilan tanishdim. Bugungi kunda Koreyadan Oʻzbekistonga kelishni istagan hamyurtlarim birinchi navbatda, shu kitobni oʻqiydi. Shuni faxr bilan ayta olamanki, bu kitob koreyaliklarni Oʻzbekistonga boʻlgan mehri va ishtiyoqini oshirishga xizmat qiladi. Demak sayyohlarning qiziqishini oshirishda kitob va jurnallar juda katta ahamiyatga ega. Ishonamanki, bugungi tadbir ana shunday asarlarni koʻpayishiga, noshirlik hamkorligini mustahkamlashga hizmat qiladi.
– Oʻzbek bolalari kitob javonidan avvalo, milliy kitoblar oʻzi olgan boʻlishi kerak. Ularning maʼnaviy dunyosini oʻzligimiz aks etgan asarlar bilan shakllanmogʻi lozim, – deydi koʻrgazma ishtirokchisi, bolalarning sevimli ijodkori, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev.
Koʻrgazma doirasida kitoblar taqdimoti, mushoira, intellektual oʻyinlar, adiblar bilan uchrashuvlar, adabiy viktorinalar, davra suhbatlari hamda mahorat darslari boʻlib oʻtdi.
Xorijdagi tengdoshlari mutolaa qiladigan bir-biridan ajoyib kitoblarni koʻrgan Gulxanjon ulardan ayrimlarini jurnalning navbatdagi sonlarida berib borishni rejalashtirdi.
Islom ASILBEKOV