Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eng muhimi ishonch

O‘tgan kunimizdan munosib xulosa chiqarish uchun tarixni mukammal bilishimiz zarurligini bugun barchamiz yaxshi bilamiz. Shu ma’noda yoshlarni o‘tmish voqealaridan xabardor qilish, ajdodlarimiz qoldirib ketgan katta moddiy va ma’naviy merosni o‘rganishda maktablarimizda o‘tilayotgan tarix fanining ahamiyati katta.

Men pedagogik faoliyatim davomida ana shu mezonlarga ko‘proq urg‘u beraman. O‘quvchilarimning har bir dars soatidan nimadir o‘rganishi, o‘zi uchun yangilik topa olishidan doimo mamnun bo‘laman. Yana bir xursand qilarli jihati, ta’lim muassasamiz zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati bo‘lsa-da, bu yerda tahsil oluvchi o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi hech bir tengqurlaridan qolishmaydi. Ular hayotga, o‘z kelajagiga bo‘lgan ishtiyoqini hech qachon so‘ndirmaydi. Biz pedagoglarning vazifasi esa ularni imkon qadar o‘z fanimizga qiziqtirish, doimiy muloqot natijasida nutqi va talaffuz qilish ko‘nikmasini mustahkamlashdan iboratdir.

Dars jarayonida o‘quvchilarimning tarix faniga qiziqishini oshirib borishga doimiy e’tibor qaratib kelaman. Buning uchun har bir dars mavzusini noan’anaviy-interfaol usullarda olib borishga harakat qilaman. Kichik-kichik guruhlar tarzida turli mashg‘ulotlar o‘tkazish bu boradagi eng ko‘p foydalanadigan pedagogik usullarimdan biri hisoblanadi. O‘quvchilarning eshitish qobiliyatini o‘stirish maqsadida mavzuga oid kartochkalar tayyorlash va shu orqali tushunchalar berib borishni yo‘lga qo‘yganman. Dars mavzusini to‘la qamrab olish uchun xarita, ko‘rgazmali qurollar va AKT vositalaridan ham unumli foydalanish zarur deb o‘ylayman.

Har bir dars soati boshlanishidan oldin o‘quvchilar nutqini oshirib borishga xizmat qiluvchi kartochkalarga oddiy hamda javob berish oson savollarni yozib chiqaman. Masalan, hozir qanday dars, hozir nechanchi yil, bugungi darsda kimlar yo‘q yoki tarix fani nimani o‘rganadi kabi savollar gapirishga o‘zida ishonch topa olmayotgan har qanday bolani tezda javob berishga undaydi. Natijada u o‘zi bilmagan, hatto o‘zi kutmagan tarzda javobni tiliga ko‘chiradi. Qarabsizki, yana bir zaif eshituvchi o‘quvchida o‘ziga bo‘lgan dastlabki ishonch tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Bizning eng katta maqsadimiz ham shu – o‘quvchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib borish.

O‘tilgan mavzuni takrorlash va mavzu yuzasidan o‘quvchilarning fikrini bilish maktabimizdagi har bir pedagogning sevimli mashg‘uloti. Sababi ularning o‘z fikrini tushuntirish uchun chin dildan harakat qilayotgani, imkon qadar qo‘l harakatlarini cheklashga bo‘lgan urinishlari bizni mamnun qiladi. Kasbimizga, o‘quvchilarga bo‘lgan mehrimizni yanada oshiradi. Chunki o‘quvchilarimiz harakat qilishmoqda. Nimanidir o‘rganishga, bilganlarini sizga imkon qadar batafsil tushuntirishni shunchalar istashadiki... Dars yakunida kichik jamoalarga bo‘lingan o‘quvchilarga topshiriq beraman. Ya’ni bugungi o‘tilgan mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini yozma bayon qilish topshiriladi. Yutgan jamoa maxsus kartochkalar bilan rag‘batlantiriladi.

Ana shunday vaqtlarda bir faylasufning, kuchli istak mo‘jizalar yaratadi, degan fikrini bot-bot xayolimdan o‘tkazaman. Va ko‘z oldimda ro‘y berayotgan mo‘jizalardan – katta qalbga ega o‘quvchilarimning hayotga, yashashga bo‘lgan ishtiyoqi kundan-kun oshib borayotganligidan quvonaman.

 

Gulorom TIRKASHEVA,

Toshkent shahar Olmazor tumani 106-zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarix fani o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.