Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tengdoshimga maktub

Otam harbiy bo‘lgani uchun turar joyimizni tez-tez o‘zgartirishimiz, ko‘chishimizga to‘g‘ri keladi. Har safar yangi maktab, yangi sinfdoshlar bilan do‘stlashish, borgan joyimizga moslashish biroz qiyin kechadi. Hozir 8-sinfda o‘qiyapman. Bu yil yana maktabimni o‘zgartirdik. Yangi maktab sari yo‘l olarkanman, kuchli hayajondan yuragim dukillab urardi. Sinfdoshlarim ko‘ngli ochiqlik bilan qabul qilishdi. Qo‘rquv va hayajonlarim o‘rinsiz ekanligidan xursand bo‘ldim. Ammo oylar o‘tavergach, avvalgi maktabim bilan hozirgisining o‘rtasida katta farq borligi sezila boshladi...

Yaqinda maktabimizda bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirga bir oydan oshiq tayyorlandik. Hattoki ta’til paytida ham maktabga qatnab qayta-qayta mashq qildik. Sahna ko‘rinishi va raqsga mos bo‘lgan liboslarni izlab topdik. Ko‘pchilik oldida hayajonlanmaslik, aytadigan so‘zimni esdan chiqarmaslik uchun oynaga qarab rosa mashq qildim...

Hayajon bilan kutgan kunim keldi. Tadbir boshlanishidan sal oldin bayram bo‘ladigan katta zalga kirdik. Egnimizda bayram liboslari. Qarasam zal bezatilmagan, hech kim yo‘q. Hayron bo‘lib dugonalarimga, o‘qituvchimga qaradim:

– Nima, tadbirimiz bugun bo‘lmaydimi? – deb so‘radim. O‘qituvchimiz esa:

– Nega bo‘lmas ekan, tadbirni hoziroq boshlaymiz, hamma sahnaga, – dedilar. Men hayratimni yashira olmay:

– Axir zalda hech kim yo‘q-ku, dasturimizni kimga namoyish qilamiz? – dedim.

– Hozir zalni to‘ldiramiz, desak shovqin-suron bo‘lib ketadi. Bolalarni tinchlantirish juda mushkul. Sizlar tez-tez sahna ko‘rinishini ko‘rsatib, she’rlaringizni aytib, raqsga tushasizlar. Men esa rasmga tushirib turaman. Keyin albom qilib, mana shunday tadbir o‘tkazdik, deya hisobot tayyorlayman... – dedi o‘qituvchim shoshib-pishib.

Men o‘zimizga-o‘zimiz tomosha qo‘yishimiz mumkinligini xayolimga sig‘dirolmadim. Kayfiyatim tushib ketdi. Ishonasizmi, she’rlarni qanday o‘qidim, raqsga qanday tushdim, bilmayman. Necha kun intiqlik bilan kutganim, bayram tadbiri sovuqqina o‘tdi. Dugonalarim “Bizning maktabda tadbirlar deyarli shu tarzda o‘tkaziladi”, deyishdi. Men shundan keyingina sinfdoshlarimning ko‘pchiligi nega tadbirga qatnashishdan bosh tortishganini tushundim.

Sinfdoshlarim orasida Nargiza ismli bir qiz bor. Hecham fe’lini tushunmayman. Tanaffus paytida ham, dars vaqtida ham mendan ko‘zini uzmaydi... Bir kuni tanaffus paytida qizlar bilan gaplashib o‘tirsak, yonimizga keldi-da, meni qattiq turtib ketdi. Jahlim chiqib, “Tinchlikmi?”, deb so‘radim. U esa biroz kalovlandi-da:

– Sen kelganingdan buyon dugonalarim menga ahamiyat berishmayapti. Xuddiki, bu sinfda sakkiz yil birga o‘qigansan-u ular qadrdonlaringdek. Agar kimligingni bilmasang, bilib olgin. Sen kelgindisan, – dedi-yu sinfdan chiqib ketdi. Shunda yonimdagi qizlar:

– Karatedan yashil belbog‘ sohibi ekansan. Kuchingni bir ko‘rsatib qo‘y. Boshqa senga bunday muomala qilolmaydi, – deyishdi. Nargizaning gaplaridan dilim og‘rigan bo‘lsa-da, uni tushunishga harakat qildim. Negadir, u hech kimga qo‘shilolmas, qizlardan doimo ajralib yurardi.

– Karateni kimgadir kuch ishlatish maqsadida o‘rganayotganim yo‘q. Yaxshisi, Nargizani safimizga qo‘shishimiz haqida o‘ylaylik. U tabiatan kirishimli emas. Balki shuning uchun qiynalayotgandir, – dedim...

Shu o‘quv yili davomida mening uchta darslik kitobim yo‘qoldi. Sinfdoshlarimdan so‘radim, qidirdim, ammo topolmadim. Sinfimizda mendan tashqari yana to‘rtta bolaning darslik kitoblari yo‘qolgan. Kim, nima maqsadda olgani barchaga qorong‘i. Kitobsiz darsga qatnashish, uyga vazifalarni tayyorlash ancha mushkul ekan. Ko‘pincha partadoshimdan kitobini o‘rtaga qo‘yishini iltimos qilishimga to‘g‘ri keladi. Oyim bir necha kitob do‘konlaridan axtarib topolmadilar. Ming afsuski, darslik kitoblari sotuvda yo‘q ekan. Bu ham yetmaganidek, o‘quvchilar har bir yo‘qotgan kitobi uchun jarima to‘lashi zarur. Buni bizga sinf rahbarimiz aytdilar. Ishqilib, o‘quv yili yakuniga qadar bilibmi, bilmaymi olgan kishi kitoblarimizni o‘zimizga qaytarib bersin-da.

Maktabimizda 1450 nafar bola ta’lim olib, har bir sinfda 42-43 tadan o‘quvchi tahsil oladi. Shu sababmi, o‘qituvchilarimizning ko‘pchiligi bolalardan o‘tilgan mavzuni so‘rashga ulgurmay, baholarni osongina qo‘yib berishadi. Bu esa menga yoqmaydi. Axir maktabga faqat baho olish uchun kelmaymiz-ku! Yana bir gap. Bizni tez-tez kinoteatrga olib borishadi. Lekin ko‘rgan filmlarimiz yoshimizga mos emas, hech qanday tarbiyaviy ahamiyati yo‘q. Bu haqida o‘qituvchimizga ham aytdim. U kishi esa kinoya bilan “Endi sen uchun alohida film suratga olishimiz kerak ekan-ku”, dedilar. Shundan so‘ng kino tomoshasiga bormadim. Lekin o‘rtoqlarimdan ajralib qolayotganimdan xafaman.

Ayrim tengdoshlarimning muallimlarga gap qaytarib, hurmatsizlik qilayotgani meni xavotirga solyapti. Axir ustozni hurmat qilish lozim-ku. Yangi maktabimda nega ahvol bunday? Savolimga haligacha javob topolmadim.

Avvalgi maktabimda tadbirlar qiziqarli o‘tkazilar, katta zal ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan gavjum bo‘lardi. Hattoki joy yetmaganidan o‘quvchilar tik turib ham tomosha qilishaverardi. Bir yili Navro‘z bayramini katta sport zalida o‘tkazgan edik. Tadbir shunchalar qiziqarli bo‘lgan ediki, taassurotlari bizni ancha paytgacha tark etmagan, hattoki bu haqida insho ham yozgan edik. O‘shanda men ozg‘ingina to‘rt baho olgandim, ammo o‘qituvchimdan aslo xafa bo‘lmaganman. Chunki imlo xatolarim bor edi-da.

Ustozlarim boshchiligida Botanika va Hayvonot bog‘lariga bir necha bor sayr qilgandik. Chunki bir-biridan g‘aroyib bu bog‘larni o‘rganish uchun bir kun kamlik qilar ekan. Ayniqsa, “Qovoqlar muzeyi”ning g‘aroyibligi xotiramda muhrlanib qolgan. U yerdagi yasalgan haykalchalarni ko‘rib hayratda qolishingiz aniq. Agar yana shu muzeyga borish imkoni bo‘lsa, aslo yo‘q demas edim...

Bugun men o‘sha qadrdon maskanimni, talabchan va qattiqqo‘l ustozlarimni, bir-biridan qiziqarli bayramlar-u tadbirlar o‘tkaziladigan zalimizni sog‘inayapman.

Qadrli tengdoshim! Sizning maktabingizda ahvol qanday? Qaysi yutuqlar sizni xursand qiladi-yu, qaysi kamchiliklar kuyintiradi. Menga, albatta, bu haqda maktub yo‘llang. Fikr va mulohazalaringizni kutib qolaman...

 

Kuyinchak o‘quvchi maktubini Nilufar JABBOROVA oqqa ko‘chirdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.