Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dilda istak so‘nmasa

E’zoza Baxtiyorova Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida o‘qiydi. Pianinoda kuy chalish sirlarini diqqat bilan o‘rganmoqda.

– Chalayotgan musiqangni yaxshi, toza chiqishini istasang, notalarni sinchiklab o‘rgan. Pianino chalishda oyoq, qo‘l, ko‘z birdek harakatlanadi va sendan tezkorlik talab qilinadi, – ustozi Jamila Aliboyevaning bu o‘gitlariga quloq tutadi. Yana salfejo, vokal va musiqa adabiyoti darslariga faol qatnashadi.

Maktabda bo‘lib o‘tgan ko‘pgina tadbirlarda ustozlari e’tiboriga tushgan E’zoza xalqaro musiqa festivallarida, ko‘rik-tanlovlarda qatnashishni orzu qilardi. Bu orzu amalga oshishi uchun ko‘p mehnat qilishdan charchamadi. 2017-yil Parijda 11 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasidagi “MELOS” nomli xalqaro ko‘rik-tanlovida Iogan Sebastian Baxning 8 qismdan iborat fransuzcha syutasi bilan qatnashgan E’zoza Baxtiyorova 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

– Dunyoning mashhur bastakor va sozandalari hakamlik qilgan nufuzli tanlovda qatnashganim, ular e’tirofiga sazovor bo‘lganim, ismim Vatanim – O‘zbekiston nomi bilan yonma-yon jaranglaganida yuragim gupillab, ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Ich-ichimdan bizga shunday imkoniyatlar yaratib bergan Vatanimga rahmatlar aytdim.

Dilimda mana shunday ulkan sahnalarda o‘zbek xalq kuylarini jaranglatib chalish, dunyo ahlini milliy san’atimiz bilan kengroq tanishtirish istagi tug‘ildi. Bu mening kelajakdagi ulkan maqsadim. Vatanim oldidagi farzandlik burchim, – deydi E’zoza ishonch bilan.

Jajji sozanda, sehrli barmoqlar sohibasi E’zoza Baxtiyorova dilidagi istak so‘nmasa mashaqqatlardan cho‘chimasa, orzusiga, albatta, erishishiga ishonamiz. Axir xalqimiz bejiz “Intilganga tole yor”, demagan.

 

Barno LUTFULLAYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.