“Xatar”dan kelgan xatlar
Jurnalimizning o‘tgan sonida “Siniy kit” – elektron ofat” sarlavhali maqolada bu xavfli o‘yin haqida ma’lumotga ega bo‘lgan edingiz. Galdagi maqolamizda o‘yin guruhlariga a’zo bo‘lishning fojiali oqibatlari va undan himoyalanish choralari haqida to‘xtalamiz.
Yaqinda Dog‘istonning Maxachqal’a shahrida 15 yoshli o‘spirin har kuni birga o‘ynab, birga dars tayyorlaydigan yaqin do‘stiga sababsiz jiddiy tan jarohati yetkazdi. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilibdi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, o‘spirin “Ko‘k kit” o‘yinidagi boshqaruvchisidan shunday ko‘rsatma olgan. Moskvada yashovchi ayol 13 yoshli o‘g‘lining “VKontakte”dagi sahifasini tekshirganida moderatordan olgan topshiriqlari orasida “Onani o‘ldirish” buyrug‘ini ko‘rib qoladi va darhol politsiya xodimlariga murojaat qiladi.
Xo‘sh, kimga kerak bo‘ldi bunday “o‘yin”?! Xudkushlikka (ya’ni o‘z joniga qasd qilishga) majburlovchi bunday guruhlarning maqsadi nima o‘zi?
“Ko‘k kit” o‘yiniga asos solgan rossiyalik kimsa Filipp Budeykinga shunday savol berishganida u pinagini ham buzmasdan: “Shunchaki mashhurlikka erishmoqchiydim”, – deb javob qaytardi. Yuzlab bolalarning umriga zomin bo‘lgan, onalarning so‘ngsiz iztirobiga sabab bo‘lgan “mashhurlik” asr balosining sonini yana bittaga ko‘paytirdi. Filipp Budeykin huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olindi, “Ko‘k kit”ning asosiy blogi yopildi. Ammo u ortidan bir qancha shogirdlar yetishtirib, yangi o‘nlab “o‘lim guruhlari”ning ochilishiga sabab bo‘ldi. “More kitov”, “Tixiy dom”, “# f 57”, “# f 58”, “Meni tonggi 4: 20 da uyg‘ot,” “Men o‘yindaman”, “Yugur va halok bo‘l” guruhlari shular jumlasidan.
Savol tug‘iladi, bolalar bu o‘yinga nega ilakishib qolishadi? O‘sish davridagi ruhiy holatda bo‘ladigan o‘zgarishlar davrida go‘yoki “Ko‘k kit” sizga “yordamga keladi”. “Nega xafasan? Menga suyanishing mumkin? Senga yordam beraman. Oying xafa qildimi? Do‘stlaring seni safga qo‘shishmayaptimi? Kel, unda o‘zim yaqin do‘sting bo‘laman”, – deya avray boshlaydi. Va siz uning gipnoz qiluvchi iliq so‘zlariga ishonib guruhga a’zo bo‘lasiz. Darvoqe, eng avvalo u sizdan yoshingizni so‘raydi. Agar 18 ga to‘lgan bo‘lsangiz, sizni qabul qilishmaydi. Chunki bu yoshda siz uning po‘pisalaridan qo‘rqmasligingiz mumkin. Shartlar oddiydan murakkabga qarab o‘zgara boshlaydi. 2-3 metr balandlikdan sakrash, ruhiy tushkunlik kayfiyatiga ega bitta musiqani 3 sutka tinmay tinglash, burunni qonatish, qorong‘i xonada ertalabgacha o‘tirib chiqish va hokazo...
Ishtirokchi har tong soat 4: 20da o‘ziga biriktirilgan kuratoridan topshiriq oladi. Nega aynan 4: 20?
Chunki bu paytda hamma chuqur uyqu holatida bo‘ladi. Bordi-yu, bola soat 4: 20 da turolmay, uxlab qolsa kuratoridan qattiq gap eshitadi. Shartlar murakkablashib, ishtirokchi qiyinchiliklarga dosh berolmay, o‘yindan chiqib ketmoqchi bo‘lsa, nima yuz beradi? Adminstrator “o‘lja”ni osonlikcha qo‘yib yubormaydi. Tahdid qila boshlaydi. “O‘yinga kirdingmi, endi ortga yo‘l yo‘q”, deb qo‘rqitishadi. O‘zi shu paytgacha ham bosim, ruhiy tazyiqlar ostida ezilib, holdan toygan bola, oila a’zolarini yo‘qotishdan qo‘rqib, ilojsiz navbatdagi shartga rozi bo‘ladi. O‘yinning kulminatsion nuqtasi – o‘z joniga qasd qilishga majburlovchi 50-shartga yetib kelganda tabiiyki, bunga hech kimning jur’ati yetmaydi. Shunda ular maxsus dastur orqali foydalanuvchining IP manzilini aniqlab, u yashaydigan uyga bostirib bormoqchiligini aytib, o‘ziga qo‘shib oila a’zolarini ham o‘ldirish bilan tahdid qiladi. Agar bola o‘yinga kirmay qo‘ysa, uy telefoniga anonim nomerdan qo‘ng‘iroq qila boshlashadi. “Demak, men jiddiy muammoga aralashib qolibman, ular meni topib keladi”, degan vahima bilan joniga qasd qiladi. Ammo, do‘stlaringizga tushuntiring, albatta yetkazing: ular bir necha yuz kilometrlab masofadan, katta miqdordagi pul va vaqt sarflab hech kimni qidirib yurmaydi. Akangizning bir mushtiga dosh berolmaydigan, qonun himoyachilaridan pana-pastqam yerlarda berkinib, qochib yuradigan, qo‘rqoq odamlar ular.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xavfli o‘yin hamdo‘stlik mamlakatlari bo‘ylab keng tarqalmoqda. 2016-yilda Rossiyada 320 nafar, Qozog‘istonda 90 nafar, Qirg‘izistonda 95 nafar bola o‘yin qurboniga aylandi.
Xo‘sh, O‘zbekistonda-chi? Bu o‘yin bizning mamlakatimizga ham yetib keldimi?
Toshkent shahar ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilgan “Davomat” tadbirlari davomida o‘quvchilarning telefon apparatlari tekshirib ko‘rilganda 31 ta maktab va 5 ta kollej o‘quvchisi “Ko‘k kit” o‘yini ishtirokchisi ekani aniqlandi. Yaxshiyamki, ularning hech biri hali 15-shartgacha yetib bormagan. Ko‘rsatkichlarni kam, deb maqtana olmaymiz. Bizda internet trafiklar narxi o‘quvchi uchun ancha qimmatligini hisobga oladigan bo‘lsak, on-layn o‘yinlarni o‘ynash ancha-muncha mablag‘ talab qiladi. Taxminiy hisobda 17 ming so‘mga 300 mb trafik sotib olinadi, bu 2 soatlik on-layn o‘yin uchun kamlik qiladi. Har kuni shuncha summaga trafik sotib olishga o‘quvchining imkoniyati yetmaydi.
“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i mamlakatimizda ommalashmagani uchun bizga qulay “Telegram” messenjerida “o‘lim guruhlari”ni targ‘ib qiluvchi foydalanuvchilarning paydo bo‘layotgani juda achinarli. Emishki, o‘ziga “Ya kit” deb nom qo‘yib olgan bir foydalanuvchi tun bo‘yi qorong‘u xonada o‘tirish shartidan o‘tolmayotgan emish. Uzunquloq gaplarga ko‘ra, ular orasida rekord natijani qayd etayotganlari ham bor emish. Bu ma’lumotlarning qanchalik to‘g‘ri ekani bizga noma’lum, ammo ogoh bo‘lishimiz kerak. O‘ylaymizki, xavfli o‘yindan ozmi-ko‘pmi, boxabar bo‘ldingiz.
Agar do‘stlaringizdan birortasi odamovi, kamgap bo‘lib qolsa, uyquchanlikdan, ishtahasizlikdan qiynalsa, qo‘llarida, badanida qontalash jarohatlar ko‘rsangiz, vaqti-vaqti bilan noma’lum joylarga g‘oyib bo‘lib qolsa, daftar-kitoblari yoki xona anjomlariga kitning surati tushirilgan, notanish so‘zlar yozilgan bo‘lsa, darhol ustozingizga yoki do‘stingizning ota-onasiga xabar qiling.
Mutaxassislarning qayd etishicha, “o‘yin”ning bu noodatiy turi “internet terrorizm” deb atalmoqda.
O‘yindan qutqarib qolingan bolalarning telefon, noutbuklari olib qo‘yilgani bu – ularning o‘yindan chiqib ketdi, degani emas. Ong baribir o‘yin ichida qolib ketdi. Uni butunlay ajratib olish uchun bizga ruhshunoslar, pedagoglar yaqindan yordam berishadi.
Shuni doim yodda tuting! Bizning allaqanday “nahang”larga, ongi buzilgan fitnachilarga berib qo‘yadigan bolalarimiz yo‘q! Bizning barcha intilishlarimiz, hayotdagi yagona ulkan maqsadimiz sizning baxt-u kamolingizni ta’minlash. Chunki yurt ertasi siz bilan bog‘liq. Har qanday “Ko‘k kit” va uning gumashtalariga “yo‘q!!!” deb javob bering.
Umida SADATOVA