Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Har ishda dongdor

Tengdosh – tengdoshga

– Navro‘za, sinfdoshing Gulnoza Karimova juda yaxshi rasm chizar ekan. Ammo judayam tortinchoq. Bu qizni “kamalak”chilar safiga tortishga urinib ko‘rmadingizmi? – so‘rab qoldi o‘quv yili boshida maktabning yangi yetakchisi Shohida opa Saidova.

– Gulnoza to‘qishga, liboslarga munchoq tikishga, umuman amaliy san’at turlariga ancha layoqatli. Biroq juda kamgap. Balki shuning uchun balki, fanlarni uncha yaxshi o‘zlashtirolmagani uchun o‘zini hammadan olib qochadi. Endi unday bo‘lmaydi. Chunki biz uni “Yosh bilimdon” to‘garagimizga a’zo qilib olmoqchimiz. Bu to‘garakni fan o‘qituvchilari bilan birgalikda a’lochi “kamalak”chilar ham olib boradi. Ular tengdoshlari tushunishga qiynalgan savollarni yechishda, mavzuni o‘zlashtirishda yordam beradi. O‘qituvchidan so‘rashga tortingan bolalar tengdoshi bilan bemalol gaplasha oladi. Natija kutilganday, ularning ko‘pchiligi a’lochilar safiga o‘tyapti. – Shuning uchun kechagi yig‘ilishimizda Gulnozani ham “Tengdosh – tengdoshga” tamoyilimizga jalb qildik, – biyron-biyron javob berdi Navro‘za, – men dugonamga ingliz va rus tillaridan yordamlashaman.

– Juda zo‘r-ku, – unda natijasini kutamiz, – jilmaydi Shohida opa.

Nafaqat fan to‘garaklarida “kamalak”chilarning yig‘ilishlarida, debatlarida qatnashish Gulnozani yaxshi tarafga o‘zgartirdi. U fikrlarini ravon ifodalaydigan faol o‘quvchiga aylandi, 3-chorakni esa a’lochilar safida yakunladi. Chizgan rasmlari Navro‘z kunlari tuman miqyosida o‘tkazilgan Yosh rassomlar musobaqasida birinchi o‘ringa loyiq topildi.

– “Kamalak” ana shunday sehrli kuchga ega. U nimalarga qodirligingni ko‘rsatishingga, o‘zingga ishonching ortishiga imkon beradi, – dedi Navro‘za dugonasini yutuq bilan tabriklarkan. – Bunaqada sen ham tez orada “Bilimdonlar partasi” sohibasiga aylanasan.

 

Bilimdonlar partasi

Maktabning har bir sinfida “Bilimdonlar partasi” bor. Iye, u qanaqa parta, deysizmi? Juda faxrli, sharafli parta.

Barcha fanlardan besh bahoga o‘qiydigan, odobli, jamoatchi, har tomonlama tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan o‘quvchi uchun maxsus ajratilgan parta. Bunday ishonchga esa har chorak yakunida o‘qituvchilar jamoasi va “Kamalak” yetakchisi o‘tkazgan reytingda eng yuqori ball to‘plagan o‘quvchi sazovor bo‘ladi. 3-chorak yakuniga ko‘ra 5-sinf o‘quvchisi Feruza Xudoyberganova ana shunday sharafga munosib ko‘rildi.

– Feruzaning bunday bilimdon bo‘lishida “Kamalak”ning u a’zo bo‘lgan “Ma’naviyat va ma’rifat” yo‘nalishi omil bo‘ldi, – deydi Navro‘za. – U maktab kutubxonasining eng faol a’zosi. Kutubxonachi Latofat opa Adamboyeva qanday yangi kitob olib kelsa, birinchi bo‘lib Feruzani xabardor qiladi. Feruzaning og‘zaki nutqi yaxshi emasdi. Bu kamchilikni bartaraf qilishda unga kitob ko‘makdosh bo‘ldi. Butun-butun hikoyalarning o‘zbekcha-ruscha variantlarini ovoz chiqarib o‘qidi. Keyin o‘rtoqlariga qayta so‘zlab berdi. Ovoz chiqarib o‘qish ruscha talaffuzidagi kamchiliklarini bartaraf qilishga ham yordam berdi. Yosh kitobsevar qiz tumanda o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” tanlovi g‘olibiga aylandi.

 

Kamalak” teatri

Navro‘za maktabdagi “kamalak”chi o‘rtoqlarini iste’dod va qiziqishiga qarab “Kamalak” tashkilotining 7 yo‘nalishida ham faol bo‘lishi uchun astoydil intiladi.

– Bolalar, – dedi navbatdagi sardorlar yig‘ilishida Navro‘za, – menda bitta taklif bor. – Bosh sardordan doim yaxshi tashabbuslar, harakatlar taklifi chiqishini bilgan sardorlar baravariga so‘rashdi: – Qanday taklif?

– Barcha yo‘nalish a’zolari birgalashib ishlasak.

– Qanday qilib, har birimizning o‘z vazifamiz bor-ku?

– Hech kim o‘z vazifasidan chalg‘imaydi. Maktabda “Kamalak” teatri tashkil qilamiz. Unda “Ma’naviyat va ma’rifatchilar” “Kamolot kutubxonasi”da chop etilgan asarlardan tanlab sahnalashtirishadi. “Iqtidorli bolalar” yo‘nalishi a’zolari aktyorlik qiladi. “Matbuot”chilar devoriy gazetada sahnalashtirilayotgan asar haqida ma’lumot berishadi. Sahna asarimizni “Mehribonlik uy”larida ham namoyish qilamiz. Bu ishga “Mehr-saxovat” yo‘nalishia’zolari bosh-qosh bo‘lishadi. Sahna atrofidagi tartib va ozodalikni “Sport, salomatlik, ekologiya” yo‘nalishi o‘z nazoratiga oladi. Loyihamizga biz “Sardorlar” rahbarlik qilamiz.

Bu taklif bir ovozdan ma’qullandi. “Kamalak”chilar astoydil ish boshlashdi. Ular dastlab “Asrga tatigulik kun” asaridan parcha namoyish qilishdi. U tomoshabinlarga ma’qul bo‘ldi. Tomoshabinlar orasida ham aktyorlikka da’vogarlar chiqa boshladi. Shunday qilib, “Kamalak teatri” tilga tushdi. Yosh aktyorlar o‘z mahoratlari bilan bolalarga quvonch ulashdi. Bundan ham zo‘ri, loyiha sharofati bilan maktab o‘quvchilarining kitobga munosabati o‘zgardi. Asardan kichik bir ko‘rinish tomosha qilgan bolalar uni to‘la o‘qish uchun kitobni xarid qilmoqda, kutubxonada soatlab o‘tirib kitob o‘qimoqda. “Zukko kitobxon” to‘garagi a’zolari soni ham sezilarli ko‘paydi... Shu to‘garak a’zosi Go‘zal Ortiqaliyeva “Eng yaxshi kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘ldi.

Ana shunday xayrli ishlarga bosh bo‘lgan Navro‘za Tursunova maktab “Kamalak” boshlang‘ich tashkiloti sardori. Uning izlanuvchanligi, shirin muomalasi, tengdoshlari ko‘ngliga yo‘l topa olgani bois maktabda “kamalak”chilar soni 600 dan oshib ketdi. Bugungi kunning eng ilg‘or farzandi. Tadbirlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida erkin olib boradi. Uning sa’y-harakatlari tufayli Guliston shahridagi 6-maktab nomi Sirdaryo viloyatida ham mashhur. Darvoqe, Navro‘za “Kamalak” bolalar tashkiloti Sirdaryo viloyat kengashi “Ma’naviyat va ma’rifat” yo‘nalishi sardori ham. Yaqinda uning hayotida yana bir quvonchli voqea sodir bo‘ldi. U respublika bolalar tashkilotining Bo‘stonliq tumanida bo‘lib o‘tgan “Biz birlashib katta kuchmiz” o‘quv seminarida Respublika “Kamalak” bolalar tashkilotining “Ma’naviyat va ma’rifat” yo‘nalishi sardori etib saylandi. Endi uning faoliyat doirasi yana ham kengaydi, mas’uliyati oshdi. Biz ishonamiz, o‘rtoqlari diliga yo‘l topgan, ular orzu-umidlarini yurakdan his qila olgan izlanuvchan, tashabbuskor qiz Navro‘za Tursunova bu ishonchni ham munosib uddalaydi. Bolalar dunyoqarashini kengaytiruvchi, savodxonligini va ma’naviyatini oshiruvchi yangi-yangi loyihalar muallifiga aylanadi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.