Epchillar, chaqqonlar davrasida
Nima bo‘ldi-yu, muhim ish bilan yo‘lda ketayotib harbiy liboslari o‘zlariga yarashgan o‘quvchilarni uchratib qoldim. Ular Yashnobod tumanidagi 153-maktabda o‘qishar ekan. Bolalarga ergashib maktab binosiga kirdim.
“Gulxan” jurnalidan ekanimni bilgan maktab direktori Sabohat opa Sultonova darhol harbiy kursant kiyimidagi bolalar davrasiga boshladi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida maktabda “Olimp-lider” harbiy sport klubi faoliyat ko‘rsatar ekan. Ushbu klub ta’sirida maktabda harbiy tartib o‘rnatilgan. “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani o‘qituvchisi Bunyod Kushakov klub rahbari ekan. Murabbiy Nozim Husanov esa shogirdlarini haqiqiy harbiy kursantlarday tarbiyalab, ularga soha sir-asrorlarini o‘rgatayotganini aytishdi.
O‘quvchilar klubda sportning qo‘l jangi, dzyudo, kurash, amaliy-jismoniy tayyorgarlik, saf tayyorgarligi kabi bir qator turlari bo‘yicha muntazam shug‘ullanishadi. Klub a’zolari bir qator musobaqalarda maktablararo tuman, shahar, hatto respublika bosqichlarida ham faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. Shahar bo‘yicha o‘tkaziladigan ko‘plab tadbirlarda Nozim akaning shogirdlari ishtirok etadi. Poytaxtdagi muhtasham “Turkiston” va “Xalqlar do‘stligi” saroyida o‘tkaziladigan davlat tadbirlarining bayram dasturlarida, klubning Qo‘l jangi guruhi sportchilari o‘z mahoratlarini san’at darajasida namoyish etishadi.
Klub a’zosi Ulug‘bek Ikromov 5-sinfda o‘qiydi. U olti yoshida Ichki ishlar sohasida ishlaydigan amakisining formasini juda yaxshi ko‘rib, harbiylikka qiziqib qolgan ekan. Uning plastmassa, yog‘och va matodan yasagan qiruvchi samolyoti, tank, harbiy avtomobillaridan klub mashg‘ulotlarida ko‘rgazmali qurol sifatida foydalanilmoqda. Ulug‘bek kelajakda harbiy konstruktor bo‘lmoqchi.
6-sinf o‘quvchisi Shohabbos Doniyorov esa milliy kurash va dzyudo bo‘yicha o‘tgan yili o‘zbek jang san’ati musobaqalarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan.
Ha, har bir o‘g‘il bola albatta, bir marta bo‘lsa ham harbiy xizmatdan qaytgan akasi, amakisi yo mahallasidagi askar yigit libosini havas bilan kiyib ko‘radi. Yuragida askarlikka, vatan himoyachilariga nisbatan mehr uyg‘onadi. Ushbu “Olimp-lider” harbiy sport klubiga a’zo Shohabbos va Ulug‘bek singari jasur o‘quvchilar kelajakda chinakam vatan himoyachilari – harbiy zobitlar bo‘lib yetishishi, shubhasiz.
Bekmurod ABDURAIMOV