“Kiber santa” yoki kiber qaroqchisi haqida
Keyingi vaqtlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda spam (yolg‘on xabar) lar ko‘p uchramoqda. Buni barchangiz o‘z hayotingizda kuzatganligingiz ham bor gap. Sizni yanada hushyor va aql bilan ish tutishingiz uchun tahririyatimiz elektron pochtasiga kelib tushgan bir maktubni havola qilmoqdamiz. Zero, Munisaning bu “sarguzashtlari” sizni ham bir kuni yo‘qlab qolishi mumkin.
“Bir kuni telefonimga internet orqali “vi pobeditel” ya’ni “siz g‘olib” degan xabar keldi. Inson tabiati yaxshi va o‘zi uchun manfaatli xabarlarga o‘chligi bois uni oxirigacha o‘qidim. Yozilishicha, Rossiyada o‘tkazilgan “Kiber Santa – 2019” aksiyasida 100 dollardan 5000 dollargacha pul mukofoti o‘ynalgan. Men shu aksiyada 2735 dollar yutib olibman. Yutuqni olish uchun ma’lum hujjatlarni to‘ldirishim kerak ekan. Avvaliga ishonmasam-da, qiziquvchanligim sabab ularning talabiga ergashdim. Eng qizig‘i, u yerda turli davlat fuqarolari kishini ishontiruvchi izohlar qoldirgan:
“Men ishonmagandim, lekin bu haqiqat ekan”.
“Menga hech qanday yutuq chiqmadi, keyingi safar yutarman”.
“Men juda ham baxtliman, 2000 dollar yutib oldim”.
Bu fikrlarni o‘qib, to‘g‘risi, ishongim keldi. Hujjatlarni to‘ldirib, ko‘rsatilgan manzil orqali jo‘natdim. Bir necha daqiqalardan so‘ng “Hujjatlaringizda kamchilik bor, pulni o‘tkazishimiz uchun deklaratsiya to‘ldirishingiz va 168 rubl (22 ming so‘m) to‘lashingiz kerak”, degan xabar keldi. Shubham ortib, aksiya haqida batafsil bilish uchun yana internetga kirdim. Afsuski, menga kelgan xabardan boshqa hech qanday hujjat, xabar yo‘q... Shundan keyin bunday aksiya o‘tkazilmaganligi, sababi u qonuniy bo‘lganda, internetda albatta, yana qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi lozimligi haqida o‘ylab qoldim. Bu shunchaki, odamlarni ishontirib, pul ishlab olish uchun o‘ylab topilgan qaroqchilikning bir turiligini angladim. Yolg‘on xabarga ishonib qolmaganimdan juda xursand bo‘ldim.
Tahririyatdan: Munisaning gaplarini o‘qib albatta, o‘zingiz uchun muhim xulosa chiqarib olasiz. Sababi, barchangizning qo‘lingizda internet tarmog‘iga muammosiz do‘st bo‘lib olgan telefon borligi shubhasiz. Demakki, siz ham bunday “spam”lardan himoyalanmagansiz.
Gulxanjon