Fan yulduzlari
Abdumalikning dadasi Nizom aka farzandini go‘dakligidan ilmga do‘st qildi. Hali tili biyron bo‘lmasdan sanashni, maktabga chiqmasdan boshlang‘ich hisob-kitob mashqlarini o‘rgatdi. O‘g‘lining teran aqlli, zukko va tirishqoqligini o‘z vaqtida payqab uning har bir savoliga erinmasdan javob qaytarar, imkon qadar o‘g‘liga masalaning mantiqiy yechimini topishni o‘rgatardi. Bir so‘z bilan aytganda, ota o‘g‘lining orzu va intilishlari bilan yashadi. Uni haqiqiy ma’noda ilmli inson bo‘lib voyaga yetishi uchun imkoniyat yaratdi. O‘g‘il ham ota umidlarini oqladi, yurt sha’nini ko‘taradigan el farzandi bo‘lib ulg‘aydi.
Maktabni a’lo baholarga tugatgan qahramonimiz imtiyozli ravishda Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litseyga qabul qilindi. Bu yerda o‘zi kabi ilmga chanqoq yoshlar bilan tanishdi. O‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yib yashayotgan tengqurlarini ko‘rib jiddiy tahsil olishga kirishdi. O‘qish davomida turli tanlovlarda qatnashdi. Litsey, tuman va viloyat miqyosida o‘tayotgan bu kabi musobaqalar Abdumalikni ma’nan tobladi. Bilimiga bilim, maqsadlariga yanada qat’iyat qo‘shib bordi. Bellashuvlarda tengquri Sirojiddin No‘monov bilan tanishdi. U bilan tez til topishdi. Abdumalik matematika, Sirojiddin fizika fanini chuqur o‘rgana boshladi. Ustozlari ko‘rsatmalarini sidqidildan bajardi.
2017-yil ikki yosh bilimdon uchun omadli keldi. Litsey ma’muriyati navbatdagi fan olimpiadasiga ularni tavsiya qildi. Tegishli suhbatlardan o‘tgandan so‘ng Abdumalik va Sirojiddin bilimlarini sinash uchun Qozog‘istonning Almati shahriga yo‘l olishdi.
Almati bu vaqtda 12-18-yanvar kunlari matematika, fizika, informatika fanlari bo‘yicha o‘quvchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan 13-xalqaro Jautikov olimpiadasiga katta tayyorgarlik ko‘rmoqda edi. Bellashuvlarga dunyoning qator davlatlaridan o‘nlab bilimdonlar kelganligi inobatga olinsa, bu bahslarni hech ikkilanmay aql jangiga o‘xshatish mumkin bo‘lardi.
Musobaqalar chin ma’noda murosasiz kechdi, deyishimiz mumkin. Har bir davlat vakili o‘z vatani sha’ni uchun bor kuch-g‘ayrati bilan harakat qilar, yillar davomida olgan bilimlarini bir nuqtaga jamlashga urinardi. Bir necha kun davomida kechgan bahslar nihoyat yakuniga yetdi. G‘oliblar va sovrindorlar ma’lum bo‘ldi. Ular orasida hamyurtimiz Abdumalik Abduqayumov nomi ham tantanavor e’lon qilindi. U 13-xalqaro Jautikov olimpiadasining matematika fani bo‘yicha kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Yana bir yurtdoshimiz Sirojiddin No‘monov fizika fani bo‘yicha bronza medaliga loyiq ko‘rildi. Informatika fani bo‘yicha bahslarga kirishgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi 2-akademik litsey o‘quvchisi Temurbek Xo‘jaqulovning ham (informatika fani) ko‘ksiga bronza medali taqib qo‘yildi.
– Bellashuv davomida sinovlar yechimi “soddadan-murakkabga” tarzda shakllanib bordi, – deydi Abdumalik. – Bu masalalar haqiqatdan olimpiada maqomiga mos tarzda murakkab tuzilgan. Ammo ustozlarimizning har qanday yechimga mantiqan yondashish zarurligi to‘g‘risidagi maslahatlariga amal qilib, to‘siqlarni yengib o‘tdik. Xalqimiz, ustozlarimiz, ota-onamiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lganligidan juda xursandmiz.
Bu bilimga chanqoq, tirishqoq tengqurlaringiz faoliyati va erishgan yutuqlari bilan tanisha turib sizning ham ularga chin ma’noda havasingiz kelganligiga aminmiz. Ishonamizki, sizda ham bundan-da katta yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun bilim va harakat yetarli. Faqat buning uchun o‘zingizda xohish sezsangiz kifoya.
Farhod ESHMO‘MINOV