Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navoiy bo‘stonida

Har safar o‘zbek xalqining ulug‘ shoiri va mutafakkiri, g‘azal mulkining sultoni asarlarini, buyuk daho haqida yozilgan kitoblarni varaqlaganimda, xayolan o‘tmishga sayohat qilgandek bo‘laman. Navoiy bobomizning millatimiz, o‘zbek mumtoz adabiyoti, tariximiz oldidagi benazir xizmatlarini xayolimdan o‘tkazaman. U haqida suratga olingan badiiy filmning ayrim lavhalari ko‘z oldimda jonlanadi. Yozuvchi va tarjimon Urfon Otajonning “Dilkusho bog‘lar” kitobidagi voqealar yodimga tushadi. Alisher Navoiy shogirdi – Kamoliddin Behzodga qanday homiylik qilgani, yosh iste’dod egasidan moddiy va ma’naviy yordamini ayamagani haqida o‘qigan hikoyalarimni eslayman.

Qo‘limga Alisher Navoiyning yana bir shogirdi, tarixchi olim sifatida tanilgan Xondamirning “Makorim ul-axloq” (Olijanob xulqlar) kitobini olaman va o‘qigan hikoyatlarimni qayta varaqlayman. Manbalarda aytilishicha, Xondamir ilmparvar vazir – Alisher Navoiyning huzuriga sulton Husayn Boyqaro orqali yo‘l topgan ekan. Amir Alisher yosh yigitdagi yaxshigina iste’dodni ko‘rib, o‘sha zamonda Xurosondagi eng boy kitob xazinalaridan bo‘lgan o‘zining katta kutubxonasini Xondamirning ixtiyoriga topshiradi. “Makorim ul-axloq” asari shogirdning ustoziga minnatdorchilik ramzi sifatida yozilgan. Afsuski, kitob tayyor bo‘lguncha hazrat Navoiy vafot etib, Xondamir ustoziga kitobni taqdim etishga ulgurmagan ekan. Garchi ulug‘ shoirga bu kitobni ko‘rish, uni o‘qib, varaqlash nasib etmasa-da, unga bitilgan ma’lumot va hikoyatlar necha asrdirki buyuk Insonning davlat va jamoat arbobi sifatidagi faoliyati to‘g‘risida qimmatli manba hisoblanadi. “Ul Hazrat iste’dodining kuchliligi va qobiliyatining yuksakligi tufayli har ikkala tilda – turkiy va forsiy tillarda she’r yozish sharafiga muyassar bo‘lsa-da, biroq uning o‘tkir ta’bi forsiydan ko‘ra turkiyga ko‘proq mayl ko‘rsatgan edi”, deb yozadi Xondamir. Darhaqiqat, Alisher Navoiy deyarli barcha asarlarini turkiy tilda yozib, o‘z davrida bu tilning jozibasi va qudratini namoyon etdi. Shu o‘rinda she’riyatga qiziquvchi havaskor muxlislarimizga Xondamirning shoir va she’rga bergan ta’rifini keltirmoqchiman. O‘ylaymanki, bu fikrlar she’riyatga oshno ko‘ngillarga maktab vazifasini o‘taydi: “Chiroyli so‘z durlarini ipga terib nazmga soluvchi va she’rga aylantiruvchi shoirlarning olamni bezaguvchi fikrlari hamda yetuk so‘z javohirlarini teruvchilarning muborak ko‘ngullari uchun noma’lum emaski, vazn va qofiyaga solib aytilgan so‘z eng yuqori tiniqlik va shaffoflikka ega bo‘lgan bir gavhar. So‘z san’atining go‘zal namunalari sirasiga kiruvchi she’rning yuqori daraja va martabasi esa o‘ta aniq va ravshan bir narsa bo‘lib, ko‘pni ko‘rgan tajribali aql uchun undan-da qimmatliroq tanga topilmaydi va fazilatga oshno tab’ uchun esa undan-da go‘zalroq chehra yuz ko‘rsatmaydi”.

Kitob javonidan taniqli adabiyotshunos olim, yozuvchi va tarjimon Ibrohim G‘afurovning “Hayo – xaloskor” kitobini olib Alisher Navoiy hazratlariga bag‘ishlangan ikkinchi bobini ochaman va quyidagi satrlar alohida diqqatimni tortadi: “Har birimiz o‘zimizda Alisher Navoiyga muhabbat tuyg‘usini to‘la tarbiyalamagunimizcha, o‘zimizni to‘laqonli inson – ya’ni Navoiy nasllari deb atalishga loyiq deb his qilishimiz, balki qiyindir. Navoiyda insonparvarlik, millatparvarlik bulog‘i qaynab yotadi va bu hech qachon qurimaydigan buloq. Biz ana shu buloqdan parvarish olib, ana shu buloqqa munosib bo‘lishimiz kerak”. Olim kitob orqali o‘quvchisiga hazrat Navoiydek buyuk zotga munosib avlod bo‘lish uchun uning asarlarini o‘qishimiz va uqishimiz kerakligini uqtiradi. Uqqanda ham bolalikdan o‘qib, tushunib borishimizni aytadi. Shoirning bolaligi haqida gap ketganda, zabardast yozuvchi Oybekning “Navoiy” romanidagi kichkintoy Alisherning ota-onasini qo‘msab eslaganlari haqidagi satrlarni so‘zma-so‘z takrorlayman: “Bir vaqtlar otasi G‘iyosiddin kichkina xuddi shu daricha ostida o‘tirib uni erkalatmasmidi? She’rlar ayttirib quvonardi. Onasi-chi... Maktabda muhtaram domlasi o‘rgatgan saboqlarni yoddan o‘qib berarkan, suyunar, o‘g‘lining kattakon mullo bo‘lishini orzu qilardi... “Alisherdek farzandni dunyoga keltirib tarbiyalagan va uning ulg‘ayib mullo bo‘lishini istagan onaning orzulari ijobat bo‘ldi. Garchi Alisher juda yosh chog‘idayoq onasidan ayrilgan bo‘lsa-da, onasining aytgan gaplari bir umr quloqlari ostida jaranglab turgan. Shu o‘rinda ulug‘ shoir bolalik chog‘larida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”“Qush nutqi” dostoniga qanday berilib ketganini eslaylik. Alisher kichikligidan o‘zlariga qarashli bog‘da yolg‘iz o‘tirib qushlarning sayrashiga diqqat qilgan. Qushlarning qo‘shiqlaridagi turfa ohanglarga juda qiziqqan. Qushlar o‘z tilida nima deyapti ekan? Ularning bunchalik chiroyli va xilma-xil sayrashlaridan murodi nima? Nima uchun ular yerda emas, ko‘kda uchishadi? Uchib borayotganida qayerga ketayotganini biladilarmi? Qayerga, nima uchun qo‘nishini oldindan mo‘ljallaydimi? Shu zayl u qushlar haqida o‘ylab yurib ancha paytgacha tushida ham qushlarni ko‘rib chiqqan, ularning sayrashi quloqlari ostida takrorlanib turgan. Qushlar xuddi ilohiy ovoz bilan g‘azal o‘qiyotganday bo‘lgan. U qushlarning sirli tiliga oshno bo‘ladi, “Qush nutqi” kitobiga shunchalik berilib ketadiki, atrofidagilarni unutadi. Oradan ellik yil vaqt o‘tib qushlar tiliga bag‘ishlangan “Lison ut-tayr” asarini yozadi va “Oltmishqa umr qo‘yg‘onda qadam, Qush tilini sharh etgali yo‘ndum qalam”, deydi u. Ha, Alisher Navoiy bu asarini ellik yil mobaynida ko‘ngliga tugib, xayolida pishitib, so‘ng qog‘ozga tushirgan ekan.

Jurnalimizning aziz muxlislari, men sizlarga Alisher Navoiy bobomiz hayoti va ijodi haqida qayd etib o‘tganlarim kitob javonimdan joy olgan kitoblardan ayrim lavhalar edi. Siz bu Hazrati inson haqida ko‘proq bilmoqchi, uning bebaho ijodiy merosi, bitmas-tuganmas xazinasidan bahramand bo‘lishni istasangiz, avvalo, sahifamizda muqovalari aks etgan asarlarni topib o‘qishga harakat qiling. Siz ta’lim olayotgan o‘quv maskanining kutubxonasidan Alisher Navoiy asarlarini izlab ko‘ring. Ishonaman, ulug‘ shoirning ijod ummoni sizlarni uning maftunkor olamiga yetaklaydi, uzoq tariximiz, boy o‘tmishimizdan ham xabardor qiladi.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.