Foydli maslahatlar
- Chovgumning tagiga tuz yig‘ilmasligi uchun uni suv bilan to‘ldirib, 1 choy qoshiq iste’mol sodasi solib, qaynating. So‘ngra qaynoq suv bilan chaying.
- Go‘shtqiymalagichdan go‘sht chiqargandan keyin undan kartoshka yoki bir bo‘lak nonni ham o‘tkazib olsangiz yuvish oson bo‘ladi.
- Grafindagi oq dog‘larni ketkazmoqchimisiz? Unga issiq suv solib, 1 choy qoshiq sirka qo‘shing. Yaxshilab chayqab tashlang-da, sovuq suv bilan yuving.
- Chinni idishlarni qaynoq suvda yuvmang. Aks holda, idishlarning siri ko‘chib, sarg‘ayib qolishi mumkin.
- Shisha idishlarni issiq suv bilan yuvish lozim. 1 litr suvga 1 osh qoshiq tuz va 2 choy qoshiq sirka qo‘shib yuvgach, toza suv bilan yaxshilab chayib, quruq mato bilan arting.
- Yog‘och qoshiqlarni kir yuvish kukuni solingan issiq suvda yuving, so‘ngra sovuq suv bilan chaying.
- Kumush qoshiq, sanchqi yoki kumush suvi yuritilgan idishlarni limon sharbati bilan tozalash yoki limon bo‘lagi bilan artib, so‘ngra iliq suvda chayish mumkin. Agar qora dog‘lar bo‘lsa, tish yuvish pastasi yordamida tozalash orqali ulardan xalos bo‘lasiz.
- Sirli idishlarga tuzli sovuq suv solib qo‘ying. Yarim soatlardan so‘ng suvni to‘kib tashlab, toza suv bilan chaying. Shunda ovqat “iz”idan asar ham qolmaydi.
- Bananlar qorayib qolmasligi uchun ular tutashgan qismni skotch bilan bog‘lab qo‘ying. Ana shunda ular 3-5 kungacha qorayib qolmaydi.
- Piyoz va sarimsoqpiyozlarni teshikchali qog‘oz paketlarda saqlang. O‘shanda ular mog‘or bosmasdan 2 oy davomida yangidek turadi.
- Mayonez qoldiqlarini olish uchun, idishga sirka yoki ozgina miqdordagi o‘simlik yog‘i soling, qarabsizki, salatingiz uchun mayonez tayyor. Idish ham top-toza.
- Ba’zi pishiriqlar borki, uni tayyorlash uchun bir necha tomchi limon suvi kifoya qiladi. Shunday vaqtlarda limon suvidan oz miqdorini olish zarur bo‘lsa, uni tishkovlagich bilan teshing va sekingina siqing. Limonning teshik qismini esa skotch yordamida berkiting va sovutkichga solib qo‘ying.
- Tuxumni uzoq vaqt sifatini o‘zgartirmay turishini istasangiz, ularning sirtini o‘simlik moyi bilan artib chiqing. So‘ngra idishga terib, sovutkichga solib qo‘ying. Qarabsizki, tuxumlarni 3-4 haftagacha bemalol tanovul qilsa bo‘ladi.
- Bir necha soat qaynab sho‘r bo‘lib ketgan sho‘rvani qanday iste’mol qilish mumkin? Ortiqcha tuzni yutib olish uchun sho‘rvaga xom kartoshka yoki olma bo‘laklarini soling. Sho‘rvani past olovga 10 daqiqaga qo‘yib, so‘ngra solgan kartoshka yoki olma bo‘laklaringizni suzib oling. Agar shunda ham sho‘rva sho‘rligini yo‘qotmasa, unga bir osh qoshiq shakar qo‘shib yuboring. Agar shakar ham foyda bermasa, unda olma sirkasidan biroz qo‘shib yuborish mumkin. Bularning barchasi ham yordam bermasa, yana bir usul qoladi – sho‘rvaga qaynagan suv yoki bulyon qo‘shib yuborish mumkin.
Nazokat TURDIYEVA tayyorladi.